Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sanksiyalar yoki harbiy aralashuv: Pens Guaydoga nima va'da qildi?
Kolumbiyaga «Lima guruhi» sammitida ishtirok etish uchun kelgan AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens Venesuela parlamenti rahbari, o‘zini muvaqqat prezident sifatida e'lon qilgan Xuan Guaydo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida u AQSh Nikolas Maduro hukumatiga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishini ma'lum qildi. Bungacha rasmiy Vashington Venesuela mojarosi hal etilishi uchun harbiy aralashuv bo‘lishini istisno etmagandi, Guaydoni yangi prezident sifatida tan olgan Yevropa Ittifoqi davlatlari esa diplomatik yechim taklif qilishmoqda.
Pens va Guaydoning muloqoti «Lima guruhi»ning (bu tashkilot 2017 yil avgustida Venesueladagi siyosiy inqirozni hal qilish maqsadida tuzilgan. Uning tarkibiga Kanada, Braziliya, Chili, Kolumbiya, Argentina, Meksika va Amerikaning boshqa davlatlari kirgan) Venesueladagi oxirgi voqealarga bag‘ishlangan shoshilinch sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.
Venesueladagi namoyishlar yetakchisi AQShning ikkinchi raqamli odami bilan uchrashgani Vashington Karakasdagi muxolifatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Guaydo Pens bilan uchrashuvda «diplomatik harakatlar va hamkorlik» masalasi muhokama qilinganini aytdi.
«Hozircha dunyo voqealar rivojini jim kuzatmoqda, Karakasdagi tiran bu jimlikdan raqs tushmoqda, uning malaylari tinch aholi vakillarini o‘ldirishda davom etishmoqda va venesuelaliklar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqatlar hamda dori-darmonlar ortilgan yuk mashinalariga o‘t qo‘yishmoqda», degan Pens Bogotadagi chiqishi vaqtida tiran deb Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduroni nazarda tutgan holda. Vitse-prezident shuningdek rasmiy Vashington mintaqa aholisiga yordam uchun 56 million dollar mablag‘ ajratganini ma'lum qilgan.
U shuningdek, yaqin vaqtlar ichida Vashington Maduro rejimiga qarshi yangi sanksiyalar e'lon qilishini bildirgan.
«Lima guruhi» vakillariga yuzlanar ekan, Pens Nikolas Maduro hukumatini qo‘llab-quvvatlovchilar yakkalantirib qo‘yilishidan ogohlantirgan: «Agar bu rejimni qo‘llab-quvvatlashda davom etar ekansiz, bu sizning mamlakatingiz xalqaro maydonda izolyatsiya qilinishiga olib keladi».
Pens — Venesueladagi voqealarda muhim amerikalik siyosatchidir. U yanvar oyi boshida venesuelalik qochqinlar bilan uchrashish uchun Floridaga tashrif buyurgandi. Uchrashuv shtat janubi-sharqidagi Mayami shahrining diniy markazlaridan birida (bu keyingi 20 yil davomida, Ugo Chaves rejimidan qochib Venesueladan keluvchi mehnat muhojirlari uchun dastlabki qo‘nalg‘a vazifasini o‘taydi) tashkil etilgandi.
Uning AQSh tomonidan tan olingan Xuan Guaydo bilan uchrashuvi Kolumbiya prezidenti bilan muzokaralardan keyinoq tashkil etildi. Venesuela bilan chegaradosh bo‘lgan Kolumbiya keyingi vaqtlarda Venesuela muxolifati yetakchilari uchun boshpanaga aylangan. Yaqindagina Venesuela bilan chegaradagi shaharlarda venesuelaliklarga yordam uchun xayriya konsertlari tashkil etilgandi.
23 fevral kuni Kolumbiyadan Venesuelaga gumanitar karvon kiritishga urinish vaqtida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar ortidan (chegaradagi harbiylar gumanitar yordamni qabul qilib olish uchun chiqqan namoyishlarga kuch ishlatdi, yuk mashinalariga o‘t qo‘yildi) Nikolas Maduro bu mamlakat bilan diplomatik aloqalar uzilganini ma'lum qildi. U «Kolumbiya hududidan Venesuelaga hujum uchun foydalanilayotgani»ni iddao qildi va kolumbiyalik diplomatlarga mamlakatni tark etish uchun bir kun muhlat berdi.
O‘z navbatida Kolumbiya ham Venesuela bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazuv punktlarini yopib qo‘ydi.
Gumanitar karvon bilan ro‘y bergan voqeadan keyin AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo The Hill muxbiriga bergan intervyusida Venesuelada harbiy amaliyot o‘tkazilishi mumkinligini istisno qilmadi.
«Venesuela prezidenti Nikolas Maduro eng ashaddiy zolimlardan eng yomoni hisoblanadi. Venesuela hukumati gumanitar yordam yetkazilishini taqiqlashi va chegaralarni yopishi bilan bo‘layotgan voqealarga xalqning ko‘zini ochdi. Vashingtondagilar venesuelaliklarning porloq kelajagi va demokratiyaga huquqlari uchun barcha ishni qilishga tayyor. Qo‘shma Shtatlar Venesuelada tinch yo‘l bilan demokratiya o‘rnatilishiga qarshi chiquvchilarga qarshi tegishli choralarni ko‘radi», degandi u.
Pompeo «Lima guruhi» vakillariga murojaat qilib, ularni og‘ir vaziyatda «tomoshabin bo‘lib turmaslik»ka chaqirgandi.
Bu vaqtda Yevropa Ittifoqidagilar Venesueladagi inqirozni hal etish uchun birinchi navbatda diplomatik imkoniyatlarni ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
Yevroittifoq diplomatik xizmati vakili Mayya Kosyanchich YeI Venesuelaga qo‘shin kiritilishi ssenariysidan qochishga chaqirdi. «Bizning pozitsiyamiz har qanday harbiy aralashuvdan qochishga qaratilgan», degandi u.
Kosyanchichning so‘zlariga ko‘ra, YeI Venesueladagi vaziyatni hal qilish uchun siyosiy yo‘llarni qidirishda davom etadi.
Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel ham rasmiy Madrid Venesueladagi vaziyatga uchinchi tomon harbiy yo‘l bilan aralashuviga qarshi ekanini aytdi. Uning hisoblashicha, Lotin Amerikasi davlatlari inqirozni hal etish uchun «bir stol atrofida birlashishlari» kerak.
«Biz har qanday harbiy aralashuvni qattiq qoralaymiz va ish bungacha yetib bormasligidan umid qilamiz», degan Borrel.
Mavzuga oid
00:35 / 07.05.2025
Kolumbiyada 6 ta maymunni bojxonadan ishtonlariga yashirib olib o‘tishga uringan shaxslar ushlandi
22:36 / 24.04.2025
Kokainni qonuniylashtirishga chaqirgan Kolumbiya prezidenti giyohvand moddalarga qaramlikda ayblandi
17:35 / 21.04.2025
Salvador prezidenti venesuelalik noqonuniy migrantlarni «siyosiy mahbuslar»ga almashmoqchi
15:39 / 20.04.2025