O‘zbekiston | 19:10 / 26.02.2019
7971
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Maykl Pompeoning yordamchisi bilan Afg‘oniston masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni O‘zbekiston – AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uellsni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlab, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan tarixiy voqea bo‘lgani qayd etildi.

Turli darajalarda faol muloqot olib borilmoqda, tomonlar uchun manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Shu ma'noda, dolzarb masalalar va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish uchun siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmidan yanada samarali foydalanish muhimligi ta'kidlandi.

AQShning yetakchi kompaniya va banklari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

O‘tgan yili oktabr oyida AQSh savdo vaziri U.Rossning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan Amerika biznesi haftaligini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi alohida ta'kidlandi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoning salomlarini yetkazdi.

Amerikalik diplomat bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning yettinchi davrasi natijalaridan mamnun ekanini ta'kidladi.

Mehmon O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. 

AQShning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirish borasidagi intilishi qat'iy ekani ta'kidlandi.

Mavzuga oid