O‘zbekistonda yerlarni xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardir:
ixtiyoriylik;
badal to‘lash evaziga;
xususiylashtirilayotgan yer uchastkalari va ularga tegishli ko‘chmas mulk obektlarining umumiyligi;
yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatini ochiqligi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan xususiy mulk huquqi yer uchastkasining to‘liq qiymati to‘langan (sotib olingan) vaqtdan boshlab uni xususiylashtirish natijasida yuzaga keladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga xususiy mulk huquqi davlat xususiylashtirish orderi bilan tasdiqlanadi va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Xususiylashtirish obektlari quyidagilardan iborat:
foydalanish yoki egalik qilish huquqi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yer uchastkalarida joylashgan yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilayotgan yoki ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obektlari, shuningdek ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalari;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga umrbod meros egalik huquqi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi va turar-joyiga xizmat ko‘rsatish uchun beriladigan yer uchastkalari;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi qoshidagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga taqdim etilgan yashash uchun yaroqsiz uy-joylari mavjud bo‘lgan hududlar.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi, agarda:
hududida davlat mulkiga tegishli bo‘lgan xususiylashtirilmaydigan obektlar va (yoki) ustav fondida xorijiy kapitalning ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda bo‘lgan korxonalar bo‘lsa;
tabiatni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, rekreatsion va tarixiy-madaniy maqsadlarda, shuningdek o‘rmon va suv resurslari, shu jumladan kanallar va boshqa suv obektlarining qirg‘oq zonalari tarkibiga kiruvchi yerlar bo‘lsa;
ularga nisbatan sud ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, hamda tegishli qaror kuchga kirgunga qadar.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sub'yektlari – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xorijiy davlatlar fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va yuridik shaxslar – ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq chet el kapitali bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari xususiylashtirish huquqiga ega bo‘la olmaydi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalarining huquqlari:
davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmagan holda, xususiylashtirilgan yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish;
xususiylashtirilgan yer uchastkasini mustaqil boshqarish;
loyiha hujjatlariga muvofiq o‘rnatilgan tartibda uy-joy, sanoat, madaniy-maishiy va boshqa bino va inshootlarni qurish, ularni qayta qurish va buzishni amalga oshirish;
xususiylashtirilgan yerdan garov sifatida foydalanish;
xo‘jalik jamiyati yoki shirkatining ustav kapitaliga ulush sifatida kiritish;
yer uchastkasini ijaraga berish;
xususiylashtirilgan yer uchastkasi jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan taqdirda xarajatlar va zararlar (shu jumladan yo‘qotilgan foyda)ni qoplash uchun;
Qonun hujjatlariga muvofiq, xususiylashtirilgan yer uchastka egalari boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
Xususiylashtirilgan yer uchastkalari egalarining majburiyati:
yer uchastkasidan foydalanishda shaharsozlik reglamentlari, qurilish, ekologik, sanitariya-gigiyena, yong‘in xavfsizligi va boshqa qoidalar hamda normativlarga rioya qilish;
boshqa yer uchastkalari egalariga yetkazilgan zararlarni o‘rnatilgan tartibda qoplash;
qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibga muvofiq servitutlarni taqdim etishni ta'minlash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni bajarish.
Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk hisoblanadi (fuqarolik muomalasi obektlari) va daxlsizdir.
O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan xususiy mulk huquqi davlat tomonidan himoyalanadi.
Yer uchastkasi va unga tegishli ko‘chmas mulk obektlarini xususiy mulk egasidan olib qo‘yish, mulkni natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilish xollarida mulk egasiga uning qiymatini xamda mulkdorga olib qo‘yish jarayonida yetkazilgan zararlar to‘liq qoplanishi bilan amalga oshiriladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
sud qarori asosida yer uchastkasini musodara qilish;
ushbu Qonunda belgilangan hollarda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yerni olib qo‘yish;
sud qarori va (yoki) ijro hujjatlari asosida yer uchastkasi undiruvga qaratilganda.
Yer uchastkalariga bo‘lgan xususiy mulk huquqini tugatishning alohida holatlari quyidagi holatlarda vujudga keladi:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari egasi bo‘lgan jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganida;
xususiy mulkida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga ega bo‘lgan yuridik shaxsning ustav fondidagi chet el kapital ulushini 50 va undan ko‘proq foizgacha oshirilganida;
ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda mulk egasi alohida holat yuzaga kelganidan olti oy o‘tgach yer uchastkasidan foydalanish va (yoki) uni keyinchalik egalik va foydalanish, shuningdek xususiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash huquqi saqlanib qolgan holda xususiy egalik qilish huquqini yo‘qotadi. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va yer uchastkasiga huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar bundan mustasno.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasi yoki uning muayyan qismini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqatgina quyidagi maqsadlarda ruxsat etiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari uchun taqdim etish;
foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
aholi punkti hududini funksional zonalashni tashkil etish qismi bo‘yicha hududlarni rivojlantirish va qurilish ishlarini olib borish yuzasidan shaharsozlik hujjatlari talablarini amalga oshirish;
shaharsozlik hujjatlari, shuningdek boshqa hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zda tutilgan qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida ko‘zda tutilgan yirik shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi obektlarning qurilishi;
xususiylashtirilgan yer uchastkasini yoki uning bir qismini olib qo‘yish mahalliy hokimiyat organlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur moddada nazarda tutilmagan maqsadlarda xususiylashtirilgan yer uchastkasini tortib olish noqonuniy hisoblanib, sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin. Sud qarori kuchga kirguniga qadar sud ishida ko‘rib chiqilayotgan yer uchastkasining maqomiga ta'sir qiluvchi bitimlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
doimiy foydalanishda yoki umrbod meros qilib qoldiriladigan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinishi;
elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkalarini sotish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:
yer uchastkalarni xususiylashtirish sohasida yagona davlat siyosatini olib boradi;
yer uchastkalarni xususiylashtirish shartlari va tartibini belgilaydi;
xususiylashtirilayotgan yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi;
ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Mahalliy hokimiyat organlari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:
yer uchastkalari, yashash uchun yaroqsiz uy-joylar joylashgan hududlar, shuningdek foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlar inventarizatsiyasini tashkil etadi;
elektron auksionga qo‘yilgan bo‘sh turgan yer uchastkalarini ro‘yxatini tasdiqlaydi;
yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni shakllantiradi;
yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:
bo‘sh turgan yer uchastkalari inventarizatsiyasi va ro‘yxatini shakllantirishning nazoratini olib boradi;
elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkalarining sotuvini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasida yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan barcha mablag‘larni keyinchalik urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirishda maqsadli foydalanish uchun jamg‘aradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:
yer uchastkalarini xususiylashtirishning ochiq va oshkora mexanizmini tashkil etishni ta'minlaydi;
ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiradi;
xususiylashtirilgan yer uchastkalari bo‘yicha barcha vakolatli organlardan ma'lumotlarni to‘playdi va tahlil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida:
yer tuzish va yer uchastkalarini inventarizatsiya qilishni amalga oshiradi; yer uchastkalari xaritalari va zonalarini tuzadi;
bo‘sh turgan yer uchastkalarining ro‘yxatini yuritadi;
xususiylashtirilayotgan yer uchastkalari hududini va chegaralarini belgilaydi;
xususiylashtiriladigan bo‘sh turgan yer uchastkalarini aniqlash uchun materiallar tayyorlaydi;
yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni va tuziladigan bitimlarni davlat ro‘yxatiga oladi;
yer uchastkalari bo‘yicha mulk huquqi va boshqa egalik bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘tkazilishi, cheklanishi va bekor qilinishi, shuningdek ular bilan boshqa bitimlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasini yuritadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mazkur Qonun talablariga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish masalalariga taalluqli ma'lumotlar bazalaridan foydalanish huquqini berish orqali o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mahalliy hokimiyat organlariga jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan ariza jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan hududlarida ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish masalalarini ko‘rib chiqish uchun asos hisoblanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarida xususiylashtirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yer resurslari va davlat kadastri, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari vakillari a'zoligida doimiy komissiyalar tashkil etiladi.
Xususiylashtirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyalar olingan arizalarni ular kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqadi va yer uchastkasini xususiylashtirish mumkin yoki mumkin emasligi to‘g‘risida xulosani asoslagan dalillar asosida beradi.
Hududlarni rivojlantirish va qurishni rejalashtirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda Xususiylashtirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyalar ariza va ko‘chmas mulk obektining kadastr hujjatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalariga ularning huzuridagi Arxitektura-shaharsozlik Kengashidan ijobiy yoki salbiy xulosa olish uchun yuborishadi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror mahalliy davlat hokimiyati organlarining ijobiy xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi shahar va tumanlari hokimlari tomonidan 5 ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obektlari joylashgan hududlarda xususiylashtirilayotgan yer uchastkalarining qiymati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun sotib olish to‘lovi xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e'tiboran o‘n ish kunlik muddat ichida bir marotaba amalga oshiriladi.
Sotib olish to‘lovi belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror o‘z kuchini yo‘qotadi.
Xususiylashtirish mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari urbanizatsiya maqsadlarida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi qoshidagi Urbanizatsiya agentligi tomonidan aholi punktlari va hududlarning bosh rejalariga muvofiq aniqlanadi.
Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasida onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.
Elektron onlayn-auksionga bo‘sh turgan yer uchastkalarini joylashtirish arizasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan shakllantirilgan bo‘sh turgan yer uchastkalari ro‘yxatidan kelib chiqqan holda beriladi.
Elektron onlayn-auksion o‘tkazish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yer uchastkalarining boshlang‘ich qiymati elektron onlayn-auksionga qo‘yilish vaqtida ularning bozor qiymatiga teng qilib belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish borasida kelib chiqqan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardirlar.
Mavzuga oid
13:31
Kaspi.kz Humo to‘lov tizimini xususiylashtirishdagi ishtirokini to‘xtatdi
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024