Sport | 11:20 / 05.03.2019
19990
10 daqiqa o‘qiladi

«MYu» va «Borussiya»ga mo‘jiza kerak. YeChLda javob o‘yinlari

Chempionlar ligasida 1/8 final final o‘yinlari davom etadi. Bu haftada jamoalar javob o‘yinlarini o‘tkazishadi.

Dortmund halokat yoqasida

Borussiya D – Tottenhem
5 mart. Dortmund. «Signal Iduna Park» stadioni. Toshkent vaqti bilan soat 01:00.
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).
Birinchi o‘yin – 0:3.

Bir oy muqaddam bunday ibora o‘rinsiz hisoblanardi. Bir oy muqaddam dortmundliklar Bundesligada «Bavariya»ni 7 ochkolik farq bilan ortda qoldirib, turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgandi, Chempionlar ligasida esa chorak finalga chiqish uchun tayyorlanayotgandi.

Ammo hozir «Borussiya»da ishlar chatoq: ichki chempionatda «Bavariya» bilan oradagi farq yo‘qqa chiqdi, o‘tgan dam olish kunlarida myunxenliklar yirik hisobda g‘alaba qozonib shu turda mag‘lub bo‘lgan dortmundliklarga yetib olishdi. Yevropada ham ahvol yomon - javob o‘yinida nemislar «Tottenhem» darvozasini 3 bor ishg‘ol etib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolish talab etiladi.

Londondagi o‘yindan keyin OAV «Borussiya» futbolchilarini tinch qo‘ygani yo‘q. Tabloidlarda yozilishicha, Vitsel va soch turmaklarining boshqa ixlosmandlari o‘yindan oldin Londondagi mashhur sartaroshlarning oldiga borishgan va o‘zlarini «chiroyli qilib qo‘yishni» so‘rashgan. O‘yinda esa jamoa 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi, klub bosh direktori Xans-Yoaxim Vatske esa achchiq hazil qildi: «Sartarosh yaxshi o‘z ishini yaxshi uddalay olmabdi. Lekin mag‘lubiyatimizning sabablari sportga oid».

«Tottenhem»da ham o‘z muammolari bor: o‘tgan 10 kun ichida «shporlar» APL chempionligi uchun da'vogardan shunchaki kuchli to‘rtlikda qolish uchun kurashuvchi jamoaga aylanib qoldi. «Byornli» va «Chelsi»dan mag‘lubiyat, «Arsenal»ga qarshi o‘yinda «irodali durang»dan keyin peshqadam bilan oradagi farq 10 ochkoga yetdi. Jamoa YeChLning 1/4 finaliga chiqish uchun «Borussiya»ning xatolarini takrorlamasligi talab etiladi.

«Real» jarohatlarini davoladimi?

Real – Ayaks
5 mart. Madrid. «Santyago Bernabeu». Toshkent vaqti bilan soat 01:00
Hakam: Brix (Germaniya).
Birinchi o‘yin  – 2:1.

«Ayaks» va «Real» o‘rtasidagi birinchi bahs ko‘rinishidan ushbu juftlik taqdirini hal qilgandek edi. Lekin aslida «Real» bu juftlikda yaqqol favorit emas.

Birinchi o‘yinda katta sahnaga hakam va videohakam chiqqandi. Amsterdamdagi o‘yinda YeChL tarixida ilk bor gol VAR orqali bekor qilindi. Shuningdek, o‘sha o‘yinda Serxio Ramos ayyorlik qilib, sariq kartochka ishlagan va javob o‘yinini o‘tkazib yuborish orqali chorak finalgacha «tozalanib olish»ni maqsad qilgandi. Ammo UYeFA adolatli qaror qildi, ispaniyalik futbolchi ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

O‘z sardorisiz «Qirollik klubi» vazifani uddalay oladimi? Madridliklarning baxtiga safardagi ikki gol orqali ustunlik yaratilgan, qolaversa tribunadagi muxlislar Solari shogirdlarini qo‘llab turishadi. Yoki ular yordam berishmaydimi? O‘tgan haftada «Real» Madridda uch kun oralig‘ida ikki marta «Barselona»ga mag‘lub bo‘ldi (0:3, 0:1), birinchi o‘yindan keyin Ispaniya Kubogini tark etdi, ikkinchi o‘yindan keyin Ispaniya chempionatida chempionlik poygasini amalda tark etdi va bu natijalar muxlislarni qattiq ranjitdi. «Jirona», «Levante», «Real Sosedad», TsSKA - bu jamoalar ham joriy mavsumda «Real»ni «Santyago Bernabeu»da yer tishlatdi. Bu jamoalar qatoriga «Ayaks» ham qo‘shiladimi?

Sulsher daho bo‘lib chiqadimi?
«Manchester Yunayted» birinchi o‘yinda «PSJ»ga qarshi ilojsiz qolib, 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalinganidan so‘ng barchasi hal bo‘lgandek edi. Ammo hozir ham «MYu»ning imkoniyatlari chakki emasdek ko‘rinmoqda. O‘tgan uch hafta davomida Ole Gunnar Sulsher shogirdlari mardonavor harakat qilishdi - «Chelsi» Angliya Kubogidan chiqarib yuborildi, mavsum chempionligi uchun asosiy da'vogar «Liverpul»ga mag‘lub bo‘linmadi va chempionat doirasidagi yana ikki o‘yinda g‘alaba qozonildi. Jamoa parijliklar bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin inqiroz holatiga tushib qolmadi.

«Biz Parijga shunchaki taslim bo‘lish uchun yo‘l olayotganimiz yo‘q. Oldimizda zabt etishimiz kerak bo‘lgan tog‘ mavjud. Bizda bu vazifani uddalash uchun yetarli darajada sifatli futbolchilar bor», deya ishonch bilan gapirgan Sulsher.

Uni jamoa sardori Eshli Yang ham qo‘llab-quvvatladi: «Odamlar hisobga qarab bizni hisobdan chiqarishlari mumkin. Odamlar mavsum boshida ham shunday deyishardi, hozir ham shunday deyishmoqda. Ammo biz shunchaki maydonga tushib, gollar urib, g‘alaba qozonishimiz kerak».

Agar Yangga ishonadigan bo‘lsak, vazifa juda oddiy. Agar «MYu» tezkor gol urolsa, vazifa chindan ham osonlashadi. Bunga qo‘shimcha sifatida Neymar hamon lazaretdaligi, Kavani 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emasligini ham qayd etish mumkin. Birinchi o‘yinda «MYu» ustunliklaridan foydalana olmagandi, ammo Parijda yana imkon yuzaga kelishi mumkin.

Di Franchesko uchun oxirgi imkon
«Roma»ning afsonaviy futbolchisi, hozirda jamoada direktor sifatida ishlayotgan Franchesko Totti Rim derbisini shunday kayfiyatda kuzatdiki, murabbiyning taqdiri hal bo‘lib ulgurgan (dam olish kunlarida «Roma» «Latsio»ga 0:3 hisobida yutqazdi). Albatta, murabbiy bo‘yicha oxirgi gapni «Imperator» aytmaydi, lekin bu mavsumda rahbariyat bungacha ham bir necha marta Eusebio Di Francheskoni ishdan bo‘shatish haqida o‘ylab ko‘rgandi. «Fiorentina»dan 1:7 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin ham, «Atalanta» bilan o‘yinda 3ta to‘p farqi yo‘qqa chiqqanidan keyin ham, SPAL, «Bolonya» va «Udineze» kabi autsayderlarga mag‘lub bo‘linganidan keyin ham...

Nursiz mavsum o‘tkazayotgan «Latsio»dan 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lish - juda og‘riqli. Agar jamoa safarda «Portu» bilan o‘yinda kerakli natijaga erisha olmasdan, YeChLni tark etadigan bo‘lsa, bosh murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatilishi aniq. Jamoa Portugaliyaga ishonch bilan yo‘l olayotgani yo‘q - «Portu» Rimdagi birinchi o‘yin oxirida javob golini urib, javob o‘yini oldidan vaziyatni yaxshilagandi (1:2). Bu jamoa Chempionlar ligasining joriy mavsumida uy uchrashuvlarida faqat g‘alaba qozongan. To‘g‘ri, «ajdarlar» shanba kuni o‘z uyida «Benfika»ga yutqazdi va Portugaliya chempionatida birinchi o‘rindan tushib ketdi. Ammo bu barchasi «Roma»ning qo‘lida ekanini anglatmaydi.

1/8 final. Birinchi o‘yinlar

12 fevral, seshanba

«Roma» – «Portu» 2:1

«Manchester Yunayted» – «PSJ» 0:2

13 fevral, chorshanba

«Tottenhem» – «Borussiya» D 3:0

«Ayaks» – «Real» 1:2

19 fevral, seshanba

«Lion» – «Barselona» 0:0

«Liverpul» – «Bavariya» 0:0

20 fevral, chorshanba

«Atletiko» – «Yuventus» 2:0

«Shalke» – «Manchester Siti» 2:3

Javob o‘yinlari

5 mart, seshanba

«Borussiya» D – «Tottenhem»

«Real» – «Ayaks»

6 mart, chorshanba

«PSJ» – «Manchester Yunayted» 

«Portu» – «Roma»

12 mart, seshanba

«Yuventus» – «Atletiko»

«Manchester Siti» – «Shalke»

13 mart, chorshanba

«Barselona» – «Lion»

«Bavariya» – «Liverpul»

Mavzuga oid