O‘zbekiston | 18:00 / 05.03.2019
33662
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident tashrifi davomida Chortoq tumani hokimi ishdan olingan, uning o‘rniga yangi rahbar tayinlandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 fevral — 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida Chortoq tumani hokimi Oybek Haydarov ishdan olingan.

Yig‘ilish davomida tumanda eksport rejasi bajarilmagani ta'kidlangan, tumandagi uch sektor rahbarining masalasi ham ko‘rib chiqilishi aytilgan, shunday kamchilikka yo‘l qo‘ygan yana ikki tuman hokimi ogohlantirilgan.

Bugun, 5 mart kuni Xalq deputatlari Chortoq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, Namangan viloyati hokimining 2019 yil 4 martdagi 158-sonli qaroriga ko‘ra, Anvar Otaxo‘jayev Xo‘jaxonovich Chortoq tumanining yangi hokimi etib tayinlangan.

Anvar Otaxo‘jayev
Foto: Namangan viloyati hokimligi

Anvar Otaxo‘jayev shu vaqtga qadar Olmaliq kon metallurgiya kombinati ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

U muqaddam O‘zbekiston Respublikasi «Parrandasanoati» uyushmasi raisining o‘rinbosari, Namangan viloyati vakili sifatida O‘zLiDePning siyosiy kengashi a'zosi bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Oybek Haydarov 2015 yil 11 dekabridan beri Chortoq tumaniga hokimlik qilib kelayotgan edi. 

Oybek Haydarov
Foto: Kun.uz

Prezident 28 fevral kuni Chortoq tumanida bo‘lgan edi. Tashrif davomida Chortoqni tibbiyot turizmi va ekoturizm markaziga aylantirish, Chortoq shahrini ekologik shaharga aylantirib, uning markazini qayta qurish, Chortoq mineral suvini esa butun O‘zbekistonga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.

Mavzuga oid