Samarqanddagi maktab-internat ishi: 8 yilga qamalgan direktor sud zalidan ozodlikka chiqarildi, lekin u oqlanmagan
2018 yilning iyul oyida OAVda Samarqanddagi 64-maxsus maktab-internati bilan bog‘liq materiallar e'lon qilingach, qisqa vaqt ichida prokuratura tomonidan maktab-internat direktori Shuhrat Sadinov, tarbiyachilar Sh.Ochilov va Z.Salimovga nisbatan turli ayblovlar e'lon qilingan edi.
2018 yil dekabr oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi hukmiga ko‘ra, Shuhrat Sadinov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-, 110-, 167- va 206-moddalarining tegishli bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Shundan so‘ng, advokatlar birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati kiritishgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida uzoq davom etgan apellyatsiya sud majlislarida ish yangidan o‘rganib chiqildi, guvohlar, jabrlanuvchilar va sudlanuvchilar boshqatdan so‘roq qilindi, advokatlar tomonidan ish bo‘yicha yangi dalillar taqdim etildi.
Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, sud majlislarida so‘ralgan va ko‘rsatma bergan barcha jabrlanuvchilar sudlanuvchilarga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligini bildirgach, bugun — 2019 yil 5 mart kuni JIB Samarqand viloyat sudi sudyasi O‘.Mamadaliyev tomonidan o‘qib eshittirilgan ajrimga ko‘ra, 64-ixtisoslashtirilgan maktab-internat sobiq direktori Shuhrat Sadinov sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
Shuningdek, mazkur ish yuzasidan oldingi sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etilgan Sh.Ochilov va Z.Salimov ham yengilroq jazo tayinlanib, ozodlikka chiqarildi.
Ko‘chada Shuhrat Sadinovni va ishning boshqa ishtirokchilarini uning yaqinlari hamda uning ozodlikka chiqarilishida faollik ko‘rsatgan jurnalistlar olqishlar bilan kutib olishgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, sudlanuvchilar oqlanmagan, ularga Shuhrat Sadinovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, uning xodimlariga esa bu muddat 4,5 yil etib belgilangan.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024