Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliqchidan yozg‘irgan nuristonlik tadbirkor: u qaysi o‘rinda haq va qay o‘rinda nohaq edi?
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Nuriston shahrida istiqomat qiluvchi Husan Ahmedovdan tahririyatimizga quyidagi mazmunda murojaat kelib tushdi:
«Men Ahmedov Husan, Nuriston shaharchasida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ko‘rsatib, kompyuter o‘yinlari xizmatlarini taqdim etib kelmoqdaman.
Murojaatim shundan iboratki, men 2016 yilda kassa apparatim yo‘qligi sababli soliqchilar tomonidan EKIHning 11 baravari miqdorida jarimaga tortilgandim. Jarimani to‘lab, kassa apparatni o‘rnatib, hozirgacha qonuniy ishlab kelyapman.
2018 yilda soliqchilar bir necha marta oldimga kelib, «sen har bir kompyutering uchun EKIHning 1 baravari miqdorida soliq to‘lashing kerak, yana tortmangdagi pul bilan kassa apparatdagi pullar bir xil bo‘lsin», deb kelishganda, men ularga «mendan boshqa kompyuter o‘yinlari xonalarining hech birida kassa apparat yo‘qligi, hatto ayrimlarining hujjati ham yo‘qligi»ni aytib nega ularni tekshirmasliklarini so‘raganimda, «ular bilan ishing bo‘lmasin», deyishdi.
Men ularga yosh oila ekanligimni, ota-onam II guruh nogironi ekanligini aytib, oilaviy sharoitimni tushuntirdim, lekin meni jyerkib tashlashdi.
Ertasiga soliqchi Nurbek aka (Turopov) kelib, kassa apparatni tekshirib, avvaliga «EKIHning 30 baravari miqdorida jarimaga tortilasan», dedi. Keyin esa uning o‘rniga «bir tonna metallom to‘plab bersam» qutulishim mumkinligini aytdi. Shunda opam yig‘lab yolvorib, bu talabni bekor qildirdi.
2019 yil 16 fevral kuni ham soliqchilar kelishib, hujjatlarni so‘rashdi. Men ularga hujjatlarni opam Qarshi shahriga — ijara shartnomasini yangilash uchun olib ketganini aytdim. Akmal aka «hujjatlar yo‘qligi, har bir kompyuter uchun soliq to‘lamasligim uchun jarimaga tortilishim»ni aytdi.
Sizlardan iltimosim shuki, men qonuniy ishlashga qarshi emasman, lekin hamma teng bo‘lishi kerak, atrofimdagi menga o‘xshagan internet kafe ishlatadigan tadbirkorlar haligacha kassa apparati qo‘ymagan va ularga tekshiruvchilar umuman kelishmaydi, lekin menga o‘xshagan tanishi yo‘q tadbirkorlarni soliqchilar doim qiynashadi.
Nishon tumani soliq idorasini oldidagi kompyuterxonaga borib ko‘rgandim, ularda ham kassa apparati yo‘q. Nega qonun talabini barchadan barobar so‘rashmaydi, men shundan xafaman. Iltimos, menga amaliy yordam bering. Sizlarga oldindan rahmat!».
Biz tahririyatdan najot istab yo‘llangan ushbu murojaatni o‘rganish uchun mashhur Tollimarjon GReS joylashgan Nuriston shaharchasiga yo‘l oldik.

Husan Ahmedovning kompyuter o‘yinlari maskani Nuriston shaharchasidagi «O‘zbektelekom»ga qarashli binoning ikkinchi qavatida joylashgan. Bizni uning o‘zi kutib oldi va murojaat xatida yo‘llagan barcha vajlarini takrorladi.

O‘yinxonada 30tacha kompyuter qo‘yilgan. Ularning 20tasiga yaqini faoliyat ko‘rsatyapti. Dars vaqtida o‘quvchilar o‘yinxonaga qo‘yilmasligi haqidagi e'lon yopishtirilgan.

Bu ish bilan oila 2011 yildan buyon shug‘ullanib keladi. Orada kassa apparatisiz ishlashgani uchun jarimaga tortilishgan va kompyuterxonada kassa apparatini o‘rnatishgan.

Husan Ahmedov soliqchilar bilan bo‘lib o‘tgan mojaro videosini ham qo‘yib berdi.

Birozdan so‘ng bu yerga tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Baxtiyor Usmonov ham yetib keldi.
Vaziyatni tushuntirar ekan, xodimlar Qashqadaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasining buyrug‘iga ko‘ra, 12 fevraldan boshlab soliq solish bilan bog‘liq obektlarni ko‘zdan kechirib, xatlov o‘tkazishga safarbar qilinishganini aytib o‘tishdi va buyruqni ko‘rsatishdi.

Hudud uchastka soliqchisi Akmal Fayzullayev ham yetib keldi va bizni qo‘shni — YaTT Umirov Bahromga tegishli kompyuterxonasiga boshladi. U yerda kassa apparati o‘rnatilganini, qolgan barcha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham bu borada ogohlantirilganini aytdi. Shunday tadbirkorlardan biri — Mehriniso Umirova qo‘liga olgan ogohlantirish xatini ko‘rsatdi va hozircha faoliyat ko‘rsatmay turganini aytib o‘tdi.


O‘yinxonadagi har bir kompyuter uchun EKIHning 1 barobari miqdorida soliq undirilishi haqidagi talabi borasida tuman DSI rahbari B.Usmonov Soliq inspektorining bu talabi noto‘g‘ri ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi «2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari hamda 2020–2021 yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi PQ–4086-sonli qarorining 9-ilovasiga ko‘ra, mazkur hududdagi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun oyiga 50 ming so‘m miqdorida qat'iy belgilangan soliq to‘lash belgilanganini aytib o‘tdi.
Ko‘rsatilgan xizmat uchun berilgan pul uchun kassa apparatidan chek chiqarilmagan holatda jarima qo‘llanilishi mumkinligi haqida tadbirkorga tushuncha berildi. Kassa apparatidan o‘tkazilgan pullar va kassada saqlanayotgan pullar miqdori doimo bir xil bo‘lishi kerakligi, kassadan o‘tgan har bir so‘m bankka kirim qilinishi lozimligi, ayni paytda bankdan naqd pul yechib olishda barcha qiyinchiliklar bartaraf etilgani haqida tadbirkorlarga tushuntirildi.
Tadbirkorlar tomonidan belgilangan tartib-qoidalar qasddan buzilmasa, soliqchi qandaydir g‘araz niyatda bo‘lsa ham hech narsa qila olmasligiga yosh tadbirkorni ishontira oldik.
Ertasi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilib, navbatdagi muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
«Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulog‘iga quyib olsin: bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida to‘liq shakllanmaguncha, ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yo‘l qo‘yilmasin. Aksincha, ular tadbirkorlarga maslahatchi va ko‘makchi bo‘lib, soliqlarni aniq hisoblash va to‘lashda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak», – degan edi ushbu yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev.
Albatta, soliqchilar nazorat va jazolash organi bo‘libgina qolmasdan, ish boshlagan tadbirkorlarning faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun o‘rgatuvchi ham bo‘lishlari lozim. Shuningdek, DSI tomonidan tadbirkorlarga metallolom, majburiy obuna kabi noqonuniy yuklamalarni yuklashni bas qilish vaqti ham allaqachon yetib keldi. O‘ylaymizki, bu holat tuman mutasaddilari tomonidan yana bir bor o‘rganib chiqiladi, Nuriston shaharchasida ishlar namunali tarzda yo‘lga qo‘yiladi, yosh tadbirkorlarga xizmat mavqeyidan foydalanib tazyiq o‘tkazilmaydi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
15:27 / 15.04.2025
Qashqadaryoda YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan haydovchi qamoqqa olindi
17:18 / 08.02.2025
“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi
11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi
18:04 / 06.11.2024