Jamiyat | 11:21 / 08.03.2019
63564
5 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi xonadon ichidan chiqqan «buloq» bartaraf qilinmayapti: mutasaddilarning boshi qotgan

Shu yilning 12 yanvarida Kun.uz saytida «Qarshidagi xonadon ichidan chiqqan «buloq»dan oila aziyat chekmoqda. Muammoga yechim topiladimi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda Qarshi shahri, G‘ofur G‘ulom mahallasidagi A.Xo‘jayev xonadoni ostidan o‘tgan magistral ichimlik suvi quvuri yorilishi natijasida ushbu uyda yashaydigan oila aziyat chekayotgani va muammo hal etilmayotgani yoritilgandi.

Ushbu uylar 1989 yilda xonadon egalari ishlagan korxona tomonidan qurilgan. O‘sha vaqtda belgilangan me'yorlarga amal qilinmagan va magistral ichimlik suvi quvuri ustiga uylar barpo qilingan. Xonadonlar uchun barcha tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berilgan.

Ancha yillar avval yo‘l qo‘yilgan xato bugungi kunda ushbu oilaning aziyat chekishiga sabab bo‘layotgani, ushbu xonadonning yon-atrofidagi uylarda istiqomat qilayotgan oilalar ham shunday xavf ostida yashayotgani avvalgi maqolada aytib o‘tilgan edi.

O‘rganishimiz davomida Qarshi shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Xurshid Ziyatov qurilishda belgilangan me'yorlarga amal qilinmagani ushbu muammoga sabab bo‘lganini ta'kidlab, manzilli dastur asosida quvurni ko‘chirish ishlarini amalga oshirish lozimligini aytgandi.

Ammo 2019 yil uchun manzilli dasturlar tasdiqlab bo‘lingani bois muammoning yechimi uchun boshqa zarur choralarni ko‘rish talab etilardi.

Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK bosh muhandisi Bahrom Mirzayev va Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov dastlabki o‘rganish vaqtida masalaning yechimi yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rishini, xarajatlarni hisoblab chiqib, belgilangan tartibda quvurni ko‘chirish ishlari tez kunlarda boshlanishini bildirgan edi.

Ammo xonadon egalarining takroriy murojaatlari asosida mavzuga qaytib, holatni o‘rganish uchun ijodiy guruhimiz bilan ushbu xonadonda bo‘ldik. Muammo hanuzgacha bartaraf etilmagan. Xonadon egasi A.Xo‘jayev biz bilan suhbatda oilasi, nogiron farzandi va nevaralari bilan zax tortgan xonalarda og‘ir sharoitda yashayotganini aytib o‘tdi. O‘rganishimiz davomida bu holatga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.

Mazkur holat yuzasidan «Suvoqova» DUK Qarshi shahar filiali mutasaddilari bilan suhbatlashganimizda ular quvurni ko‘chirish uchun zarur mablag‘ yo‘qligi, shu bois holat shu kungacha bartaraf etilmayotganini bildirishdi.

Muammoga yechim topiladimi?

Bu savolga Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK boshlig‘i Shavkat Murodov javob berdi.

«Albatta, bu muammoga yechim bor. Biz bu borada tegishli o‘rganish ishlarini olib bordik. Magistral ichimlik suvi tarmog‘ini ushbu xonadonlar atrofidan yangidan olib o‘tish uchun 250 metrga yaqin quvur zarur. Buning uchun o‘rtacha 30 million so‘m mablag‘ talab etiladi. Ushbu mablag‘ masalasi hal etilsa bo‘ldi. Korxonamizda bu ishni amalga oshirish uchun barcha texnik vositalar bor. Mablag‘ masalasini hal etish uchun hokimlik va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda barcha imkoniyatlarni ko‘rib chiqamiz», – deydi Shavkat Murodov.

Qachondir yo‘l qo‘yilgan xato vaqti kelib bir qator muammolarga sabab bo‘lishi hech kimga sir emas. Ayniqsa, belgilangan me'yor va qoidalarga amal qilinmay amalga oshirilgan qurilish kelgusida ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarishi yuqoridagi holatdan ham ko‘rinib turibdi. Xatoni kimdir qilgan, jabrini boshqalar ko‘rmoqda. Ushbu uy egalari o‘ttiz yillarcha avval bu xonadonlarga ko‘chib kirayotganlarida uy ostidan magistral ichimlik suvi tarmog‘i o‘tgani xayollariga kelmagan ham, bilmagan ham. O‘sha vaqtda ayrim soha vakillari o‘z ishiga mas'uliyatsizlarcha yondashgani bugungi kunda ularning aziyat chekishiga sabab bo‘lmoqda. Ayni vaqtda hokimlik va tegishli soha mutasaddilari muammoni hal etish uchun mablag‘ yo‘qligi sababli biror zarur chorani amalga oshira olishmayapti.

Fikrimizcha, Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahar hokimliklari bu muammoni hal etish uchun zarur bo‘lgan 30 million so‘m mablag‘ni topa olishga qodir. Bu masalaga jiddiyroq e'tibor qilish kerak, xolos.

Kun.uz bu muammo tez kunlarda ijobiy yechim topishiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bardoshbek Samad o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid