O‘zbekiston | 11:30 / 11.03.2019
7649
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekenergo»: 2021 yil yakunigacha 7 milliondan ziyod iste'molchilar avtomatlashtirilgan tizimga ulanadi

Foto: O‘zbekenergo Matbuot xizmati

“O‘zbekenergo” AJ tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Tadbirda ta'kidlanganidek, prezidentning 2018 yil 23 oktyabrda “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “O‘zbekenergo” AJ tomonidan 2021 yil yakuniga qadar 7 milliondan ortiq iste'molchilarning barchasi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va taqsimlovchi korxonalar yagona elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanishi ko‘zda tutilgan.

Shunga ko‘ra, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasining hamda Qo‘qon, Angren shaharlari “Toshelectroapparat” MChJ XKning  elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Foto: O‘zbekenergo Matbuot xizmati

Hozirda  Qo‘qon shahrida 53 097 dona  va Angren shahrida 42 711 dona “Toshelectroapparat” MChJ XK tomonidan yetkazib berilgan hisoblagichlar o‘rnatildi. 2019-2020 yillarda Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining barcha iste'molchilariga zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadi.

Shuningdek, Buxoro shahrida 42 ming dona, Jizzax shahrida 22 ming, hamda Samarqand shaharida 45 mingdan ortiq elektr hisoblagichlar o‘rnatildi. 2019 yil mobaynida Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 1,0 mln. dona va 2020 yil birinchi yarim yillikda 400 ming dona zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish rejalashtirilgan. 

“Obod qishloq” dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida Jizzax viloyatining Manas qo‘rg‘onida 2018 yilda jami 1144 nafar iste'molchiga «Toshelectroapparat» MChJ XK tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatildi. Shu bilan birga, joriy yilning martidan boshlab, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida «Elektron Hisoblagich» QK tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy elektr hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari boshlandi. Joriy yilda Toshkent shahrining barcha tumanlari avtomatlashtirilgan tizimga ulanishi ko‘zda tutilgan. Quvonarlisi, zamonaviy hisoblagichlarning  asosiy qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilmoqda.

– Ushbu hisoblagichlar avvalgilaridan 20 dan ziyod funksiyalarni bajara olishi bilan farqlanadi, – deydi, “O‘zbekenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Feruz Qurbonov. – Xususan, iste'molchilarimiz kelgusida elektr ta'minoti korxonasi yoki banklar eshigida uzundan-uzun navbatlarda turishmaydi. Elektr hisoblagichlarning ko‘rsatkichlarini suratga olib, nimanidir isbotlashga majbur bo‘lmaydilar.

SMS xabar orqali barcha ma'lumotlar avtomatik tarzda yetkaziladi. Hisoblagich o‘rnatilgach, tizimga ulanadi, kod kiritilib, hisob raqam ochiladi. Iste'molchilarga SMS xabar orqali barcha ma'lumotlar avtomatik tarzda yetkazib turilishi dasturning o‘ziga xos jihatlaridan biri. Mobil telefon raqamimizga ulanishi to‘lovni uydan chiqmay “on-line” rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Muhimi, «shaxsiy kabinet»  orqali har bir iste'molchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turishi mumkin bo‘ladi.

«Aqlli» hisoblagichlarning yana bir xususiyati shundaki, ma'lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya'ni hisoblagichga ta'sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Shuningdek, energiya to‘lovi to‘lanmagan taqdirda masofadan o‘chish xususiyatiga ham ega. Ushbu hisoblagichlar elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 10 yilda bir marotaba qiyoslovdan o‘tkaziladi. Plastikli hisoblagichi borlarning plastik kartasida qolgan pul mablag‘i yangi hisoblagich uchun ochilgan hisob raqamga tushirib beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid