O‘zbekiston | 09:18 / 12.03.2019
7163
3 daqiqa o‘qiladi

Vagit Alekperov: “Lukoyl” O‘zbekistonda yangi konlar ochilishiga umid qiladi

Foto: REUTERS/Sergei Karpukhin

Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ishonadi. Bu haqda kompaniya rahbari Vagit Alekperov aytib o‘tdi.

Alekperov kompaniya yaqinda O‘zbekistonning shimoli-g‘arbi, ya'ni Qoraqalpog‘istondagi yangi hududni o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzolanganini eslatib o‘tgan.

“Hozir kompaniya Qoraqalpog‘istondagi katta hududni o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi – bu O‘zbekiston shimoli-g‘arbi. Biz bu hududda loyihalarimiz kelgusida ham rivojlanish dinamikasiga ega bo‘lishi uchun yangi konlar ochishga umid qilamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan kompaniya rahbari. 

“Bugun O‘zbekistonda iqtisodiy, qonunchilik, tartibga soluvchi sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Kompaniya bugungi kunda ikkita yirik loyiha – Hisor va Qandim konlari guruhini olgan”, deb qo‘shimcha qilgan Alekperov.

“Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti nafaqat uglevodorodlar sohasida, balki rangli, qora metallurgiya, qishloq xo‘jaligi sohalarida jadal rivojlanmoqda. Biz O‘zbekiston iqtisodiyotiga, O‘zbekiston prezidenti olib borayotgan siyosatga ishonamiz”, deb aytgan “Lukoyl” rahbari.

Hozirda “Lukoyl” O‘zbekistonda “O‘zbekneftgaz” bilan birgalikda “Qandim-Xauzak-Shodi-Qo‘ng‘irot” gaz loyihasini amalga oshirib kelmoqda.  

Loyiha Buxoro-Xiva tumanida tabiiy gaz va gaz kondensatini qazib olishni va Ustyurt tumanida geologik qidiruv ishlarini olib borishni ko‘zda tutadi. Loyihaning amal qilish muddati 35 yilni tashkil qilib, 2039 yilgacha mo‘ljallangan.

Loyihaning bevosita amalga oshirilishi bilan “Lukoyl Oversiz” kompaniyasining sho‘'ba korxonasi “Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” shug‘ullanadi. Loyihani amalga oshirish muddati davomida kiritiladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 3 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid