Sport | 12:50 / 13.03.2019
42131
8 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning parvozi. U Simeonega iroda neligini ko‘rsatdi

Turindagi yirik hisobdagi mag‘lubiyat (0:3) «Atletiko»ning Yevropadagi yurishini to‘xtatdi.

«Yuventus» (Italiya) - «Atletiko» (Ispaniya) - 3:0 (1:0)
Gollar: Krishtianu Ronaldu, 27 (1:0). Krishtianu Ronaldu, 48 (2:0). Krishtianu Ronaldu, 86 - penalti (3:0).
«Yuventus»: Shchensni, Joau Kanselu, Kellini, Bonuchchi, Spinatssola (Dibala, 67), Pyanich, Matyuidi, Emre Jan, Krishtianu Ronaldu, Manjukich (Kin, 80), Bernardeski.
«Atletiko»: Oblak, Arias (Vitolo, 77), Godin, Ximenes, Xuanfran, Koke, Ernandes, Saul, Lemar (Korrea, 57), Grizmann, Morata.
Ogohlantirishlar: Bernardeski, 64. Xuanfran, 73. Ximenes, 86. Vitolo, 90+1.
Hakam: Kuypers (Niderlandiya).
12 mart. Turin. «Yuventus» stadioni.
Birinchi o‘yin: 0:2

Madriddagi o‘yinda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishganida ham hech kim «Atletiko» keyingi bosqich yo‘llanmasini hal qildi deb hisoblamayotgandi, hali «Yuventus»ga hukm o‘qilmagandi. O‘shanda o‘yin teng kechgan, faqat o‘yin oxirida madridliklarning omadi kelib, javob o‘yini oldidan yaxshi imkoniyat hosil qilishgandi. «Atletiko» o‘z muxlislari qarshisida bir bosh baland sakradi va Turinga safardan oldin katta ustunlikka ega bo‘ldi. Ammo Simeone hali Italiyadagi o‘yinda «Yuve» o‘z jamoasini chorak finalga qo‘yib yubormaslik uchun «o‘ligini tashlashi»ni aniq bilardi.

Kellinining bekor qilingan goli

«Atletlar»ni qiyin o‘yin kutayotgandi. Katta ehtimol bilan jamoa boshqaruvida oxirgi mavsumini o‘tkazayotgan Massimiliano Allegri o‘z shogirdlarini o‘yinga shunday tayyorladiki, hakamning o‘yin boshlangani haqidagi hushtagi yangrashi bilan bu futbolchilar «matraschilar» vakillariga «yopishib» oldi. Beshinchi daqiqadayoq Kellinining zarbasidan keyin to‘p Oblak qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushdi.

Ammo Kuypers bu hujum vaqtida Ronaldu tomonidan darvozabonga nisbatan fol ishlatilganini qayd etdi va golni bekor qildi. Ronaldu esa to‘pga o‘ynaganini aytib, yuzini qattiq bujmaytirdi.

Krishtianuning parvozi

O‘tgan haftada A Seriyaning navbatdagi turida «Udineze»ga qarshi o‘yinda (4:1) dam olgan portugaliyalik hujumchi bu o‘yindagi eng faol futbolchi edi. Birinchidan, uni Turinga «Yuve»ning ichki chempionatdagi rekordlarini yangilashga hissa qo‘shish uchun emas, YeChL g‘olibligini olib berish uchun chaqirishgandi. Ikkinchidan, Ronalduning golsiz seriyasi qariyb bir oyga yetgandi, u oxirgi marta 16 fevral kuni «Frozione» darvozasini ishg‘ol qilgandi.

U birinchi bo‘lim o‘rtalarida, hali «Atletiko» o‘z jarima maydoni atrofidan oldinga yurishni istamayotganida Krishtianu seriyasini yakunladi va hisobni ochdi. U Bernardeski uzatgan pasga Xuanfrandan balandroq sakrab, to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Stadion larzaga keldi.

Mezbonlarning taklifi
«Yuve» bosim uyushtirishda davom etdi, nafaqat hujumda, balki himoyada ham ishonchli harakat qildi - turinliklar mehmonlarga maydon markazining ikkinchi qismida erkin qadam tashlashiga yo‘l qo‘ymadi. Grizmanning o‘ziga o‘zi golli vaziyat yaratishga urinishlari o‘xshamadi, tanaffus arafasida Morataning zarbasi qiyshiq ketdi, umuman olganda, «atletlar» maydon egalari tomonidan taklif etilgan yorqin o‘yinga qanday javob qaytarishni bilishmadi.

Texnologiya yordami
Ikkinchi bo‘lim boshida «Atletiko» uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalina boshlandi - Ronaldu dublni rasmiylashtirdi va umumiy hisobni tenglashtirdi. Oblak portugaliyalik forvardning bosh bilan bergan navbatdagi zarbasini qaytardi, faqat darvoza chizig‘ini kesib o‘tganidan keyin. Texnologiya turinliklarga yordam berdi, to‘p darvoza chizig‘idan to‘liq o‘tgani isbotlab berildi.

2:0 va hakamning oxirgi hushtagiga qadar 40 daqiqa.

Yangi qon
Ikkinchi goldan keyin murabbiylar maydonga qo‘shimcha kuchlarni tashlay boshlashdi. Simeone maydonda borligi sezilmagan Lemarning o‘rniga o‘zining «qutqaruvchi farishtasi» Korreani tushirdi, Allegri YeChLda yorqin debyut o‘tkazgan Spinatssolaning o‘rniga Dibalani jangga tashladi, ko‘p o‘tmay o‘tgan hafta qahramoni bo‘lgan 19 yoshli Kin Manjukich o‘rnini egalladi.

Ikki jamoa ham bir xil sharoitda edi: bir gol o‘yin taqdirini hal qilar yoki «Yuve» o‘yinni penaltilar seriyasiga qadar olib borishi mumkin edi. «Atletiko» esa Shchensnini zeriktirishda davom etdi va hujumga o‘tmadi.

Korrea uyaltirdi

81-daqiqada Kin maydon egalarining uchinchi golini urishga bir baxya qoldi, ammo uning uzoq masofadan bergan zarbasi to‘singa tegdi. Keyin esa Simeone umid bilan maydonga tashlagan Korrea jarima maydonida tushunarsiz ravishda raqib futbolchisini yiqitdi - u bu safar jamoasini qutqarish o‘rniga yakson qilib qo‘yaqoldi. Argentinalik futbolchi to‘p bilan harakatlanayotgan Bernardeskining ortidan ochiqchasiga turtgach, Kuypers 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Ronaldu esa nuqtaga yaqinlashdi va qora-oq rangli futbolkadagi ilk het-trigini nishonladi.

Bu het-trik orqali u azaliy raqobatchisi Lionel Messiga het-triklar soni bo‘yicha yetib oldi ham. Uning uchinchi goli - «Atletiko» uchun «qatl hukmi» edi, madridliklarda bu o‘yinni qutqarish uchun ishtiyoq yo‘q edi.

Va futbolchilar o‘yinni qutqarishmadi.

«Atletiko» uchun ehtimoliy ssenariylarning eng yomoni ro‘y berdi, Simeone jamoasi Merfi qonuniyatidan (agar qandaydir yomonlik sodir bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, u albatta amalga oshishi) qutilib qololmadi, bu o‘yinda uchta gol urishi talab etilgan Ronaldu uchta gol urdi.

Ronaldu «Atletiko»ga yana YeChL o‘yinida het-trik qayd etdi. U bu jamoaga jami to‘rtinchi bor het-trik qilishidir.

Simeone uchun navbatdagi dahshat. Bir futbolchining o‘zidan 25 gol o‘tkazish – haddan tashqari. Ronaldu navbatdagi qahramonligi bilan navbatdagi «Oltin to‘p» sari dadil qadam tashladi.

Simeoneni va uning jamoasini Madriddagi «Vanda Metropolitano» o‘yingohida kechadigan YeChL finalida ko‘rmaymiz, Krishtianu va jamoadoshlarini esa ko‘rishimiz mumkin. Allegri agar jamoasi finalga chiqsa, Buffon ham bu o‘yinga birga olib borilishini va'da qildi.

Mavzuga oid