Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeChL – 32 jamoa qatnashadigan va 4ta ingliz klubi chorak finalga chiqadigan musobaqa. APLning qit'adagi benefisi haqida
Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalida inglizlarning 4 klubi yo‘l olgani APLda oxirgi yillarda o‘sish kuzatilayotgani haqidagi gaplarni amalda ham tasdiqladi. Oxirgi marta 2008/09 yilgi mavsumda 4ta ingliz klubi Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqqandi. O‘shanda APL jamoalarining uchtasi yarim finalga ham chiqishgan. Lekin «Chelsi», «MYu» va «Arsenal» orasiga tushib qolgan «Barselona» kubokni ilib ketgandi.
Shundan keyin ingliz klublarining yevrokuboklarda ishlari yurishmay qoldi. 2018/19 yilgi mavsumda YeChLda ishtirokini boshlagan barcha ingliz klublari chorak finalga chiqishlari APL nafaqat aqlbovar qilmas translatsiya shartnomalari bilan, balki natijalari bilan ham qit'a futboli yetakchisi ekanligini isbotlamoqda. APL klublari Premer-Liga o‘yinlarini Chempionlar Ligasidan muhimroq deb topgan vaqtlar ham bo‘lgan. Lekin hozir bunday emas. Buni «Tottenhem»ning bor kuchini YeChLga berayotganidan ham bilsak bo‘ladi. Xo‘sh, Angliya klublari Chempionlar Ligasida nimaning hisobiga bunchalik muvaffaqiyat qozonishmoqda?
«Tottenhem»

«Tottenhem» ingliz klublari orasida Chempionlar Ligasidagi «eng yangilar»dan. Maurisio Pochettino murabbiyligida yangi bosqichga ko‘tarilgan «Tottenhem» oldingi yillari Chempionlar Ligasiga unchalik e'tibor bermasdi. Shunday vaqtlar bo‘lganki, Pochettino Premer-Liga o‘yini sabab yetakchilarini YeChL o‘yinlariga tushirmagan. Lekin bu mavsumdan «shporlar» Yevropada ham o‘z so‘zlarini aytishga jiddiy bel bog‘lagan ko‘rinishadi. Buning bir nechta sabablari bor.
«Tottenhem» YeChLning joriy mavsumini «V» guruhida boshladi va «Barselona», «Inter», «PSV» kabi jamoalar bilan bahslashdi. Bunday murakkab guruhdan chiqqani londonliklarning kuchini ko‘rsatadi. Jamoa pley-off yo‘llanmasini «Barselona»ga qarshi Kataloniyadagi o‘yinda qo‘lga kiritgani ayniqsa ahamiyatlidir. 1/8 finalda esa Keyn va jamoadoshlari «Borussiya D» to‘sig‘idan osonlik bilan o‘tishdi.
Futbol klubida, ayniqsa top darajadagi klublarda asosiy inson, shubhasiz, bosh murabbiy. Pochettino «Sauthempton»da muvaffaqiyatli ishlagach, uni «Tottenhem»ga taklif qilishdi. Murabbiy yangi jamoada o‘zi xohlagandek erkin ishlashi uchun avvalo klubning va muxlislarning ishonchini qozonishi kerak. Pochettino «Tottenhem»ni APLning doimiy to‘rtlikka kiradigan jamoasiga aylantirdi. Klub hech qanday sovrin yutmasligi haqida Angliyada har qancha hazil qilishlari mumkin, lekin Pochettino «Tottenhem»ni Angliya grandlari qatoriga kirita oldi. Bu esa murabbiyga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Ichki chempionatda yetakchilar qatoriga kirgan Pochettino endilikda yangi maqsadlar tomon intilmoqda.
Chorak finaldagi «Manchester Siti» - «Tottenhem» juftligida manchesterliklar ustundek ko‘rinmoqda, lekin chempionatda sovrindan deyarli umidini uzgan «Tottenhem» bor e'tiborini Chempionlar Ligasiga qaratayotgani londonliklarga ustunlik berishi mumkin. «Siti» esa hozirda uchta musobaqada g‘oliblik uchun kurashmoqda. Hozircha Gvardiola shogirdlari barcha musobaqalarda yaxshi odimlashmoqda. Lekin o‘tgan mavsumda «shaharliklar» xuddi hozirgidek, barcha sovrinlar uchun kurashayotganda aynan Chempionar Ligasida qoqilishgandi. «Siti» o‘tgan mavsum YeChLni kimga yutqazib tark etgani yodingizdami? Angliyaning boshqa bir vakili «Liverpul»ga!
«Tottenhem»ning sovrin yutmasligi, sovrinlar xonasi «chang bosib yotgani» haqida memlar borligini bilsangiz kerak. «Tottenhem» o‘zini top-klublar qatoriga qo‘shmayotganlarga aynan «Siti»ni mag‘lub etib «salom yo‘llashi» mumkin. Darvoqe, «Tottenhem» murabbiyi argentinalik ekani ham jamoaning xalqaro maydonda muvaffaqiyatli qatnashishida kulgili bo‘lsa ham, ahamiyatlidek (aslida ingliz klublari qachon angliyalik murabbiy bilan Chempionlar Ligasi pley-offida o‘ynaganliklarini eslash uchun yaxshigina bosh qotirishga to‘g‘ri keladi).
Bilasiz, inglizlar o‘z chempionatlarini barcha musobaqadan ustun bilishadi. Buni qaysidir ma'noda futboldagi oqsuyaklik desak bo‘lar. Axir birinchi jahon chempionati tashkilotchilari Angliyani musobaqaga taklif qilish uchun borishganda, inglizlar o‘zlarining ichki chempionatlari sabab xalqaro turnirda qatnashmasliklarini aytib, «Sizlar bizning o‘yinda nimani ham tushunardingiz», deb qo‘shib qo‘yishgandi. Xullas, «Tottenhem» nihoyat Chempionlar Ligasi qit'aning klublar o‘rtasidagi eng asosiy musobaqasi ekanini «tan ola boshladi».
«Manchester Yunayted»

Chorak finalga chiqishi eng kutilmagan bo‘lgan ingliz klubi «MYu» bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sulsher qiyin holatdagi jamoani qabul qilib olgandi. Mourino unga ruhiy bosim va jamoa ichidagi tartibsizlikni «meros qoldirgandi». Biroq Ole hammasini o‘z o‘rniga tushirdi va hamma «Yunayted»dan yana qo‘rqa boshlashdi. To‘g‘risi, Mourinoning oxirgi mavsumida «MYu»dan qo‘rqmay qo‘yishgandi. Ayniqsa Yevropa grandlari.
Mourino «MYu»ni Chempionlar Ligasida guruhdan olib chiqqanini ham ta'kidlash kerak. «MYu» Joze bilan Turinda «Yuventus»ni mag‘lub etgani guruhdan chiqish uchun asosiy rol o‘ynagandi. 1/8 final qur'asida «MYu» «PSJ»ga tushgach, ko‘pchilik bu manchesterliklar uchun oxirgi manzil deb o‘yladi. Neymar, Kavani, Mbappe uchligi Jons, Smolling kabi himoyachilarni ko‘rdim demay o‘tib ketishi taxmin qilindi.
«MYu»ga qarshi o‘yin oldidan Neymar va Kavani jarohat olishgandi. Shunday bo‘lsa-da, parijliklar Manchesterda o‘tgan birinchi o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ammo «PSJ» yana kambek qurboniga aylandi. 2017 yil birinchi o‘yinda «Barselona»ni 4:0 hisobida yenggan parijliklar javob o‘yinida 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Bu yil esa «MYu» Angliyadagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatni yo‘qqa chiqarib, yo‘llanmani o‘ziniki qildi.
«MYu»ning YeChLda kuchli sakkizlikka kirishiga avvalo, Sulsherning futbolchilarga bu qanday jamoa ekanini eslatgani sabab bo‘ldi, bizningcha. Parijdagi o‘yinning qo‘shimcha daqiqasida Reshford penaltini qanday sovuqqonlik bilan tepganini eslang. Futbolchi butun boshli pley-off taqdiri hal bo‘layotgan o‘yinning qo‘shimcha daqiqasida bu qadar sovuqqon harakat qilishi uchun o‘zining buyuk jamoada o‘ynayotganini his qilishi juda muhim.
Sulsher kelgach, «MYu» qayta oyoqqa turmoqda. Jamoa ko‘plab katta o‘yinlarda g‘olib bo‘ldi. Ammo Ole qo‘l ostidagi «Yunayted»ning eng zo‘r g‘alabasi aynan Parijda qo‘lga kiritildi. Chorak finalda «Barselona» «MYu»ni osonlik bilan mag‘lub etadi deydiganlar adashadilar. To‘g‘risi, «Manchester Yunayted»ning YeChL chorak finaliga chiqqanini kutilmagan hodisa deyish biroz erish tuyulmoqda. Bu jamoani kim boshqarayotganini eslasak, uning Chempionlar Ligasida chorak finalga chiqqani oddiy hol bo‘lib ko‘rinadi. Unutmang, Ole – Chempionlar Ligasi tarixidagi eng ajoyib final qahramoni...
«Manchester Siti»

«Manchester Siti» Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqqanini sezmay ham qoldik. Chunki Gvardiola shogirdlari guruhda «Lion», «Shaxtyor» va «Hoffenhaym» kabi jamoalar bilan bahslashib, muammosiz pley-offga chiqdi. Faqat «Lion» «shaharliklar»ni Angliyada mag‘lub etib ketdi (o‘sha o‘yinda Gvardiola diskvalifikatsiya sabab muxlislar qatorida o‘tirgandi). Biroq bu manchesterliklarning guruhdan chiqishiga xalal bermadi. Nimchorak finalda ham «Siti» muammoga duch kelmadi. «Shalke»ga qarshi birinchi o‘yinda «Siti» katta qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. O‘sha o‘yinda ikkita shubhali penalti belgilangani «Siti» futbolchilarining jahlini chiqargan ko‘rinadi, ular javob bahsida «Shalke»ni 7ta gol bilan «savalashdi».
Bilasizmi, «PSJ» yoki «Manchester Siti» kabi klublar har qancha yaxshi futbolchilarni yig‘ib olishsa ham nega xalqaro musobaqalarda asosiy favoritlar qatoriga kiritilmaydi? Chunki ularda xalqaro maydondagi raqiblarni hurkitadigan an'ana yo‘q. «PSJ»ham, «Siti» ham o‘ziga xos o‘tmishga ega tarixiy jamoalar, ularning bugun paydo bo‘lib qolmaganini tan olamiz, ammo bu jamoalarning yaqin tarixi eng avval katta pullar bilan bog‘lanadi. Masalan, 50 yildan keyin 21 asr avvalidagi Angliya futboli deganda, ko‘proq «Lester»ning fantastik chempionligini eslashsa kerak, «Manchester Siti»ning rekordlar bilan boyitilgan qimmat chempionligini emas...
Aynan an'analar sabab Chempionlar Ligasining hal qiluvchi pallasida «Yunayted» «Siti»dan salobatliroq, masalan. «Siti»ning chorak finaldagi raqibi xuddi biz aytayotgan an'ana yaratishni boshlagan «Tottenhem» ekani aynan katta o‘yinlarda o‘z so‘zini aytishi mumkin. «Tottenhem» ketma-ket ikki transfer oynasi vaqtida birorta futbolchi sotib olmagan ilk ingliz klubi bo‘ldi. Shu sabab «Tottenhem»ni Angliyada boshqacha qadrlashadi. Bu jamoada ko‘plab ingliz futbolchilarining borligi esa unga bo‘lgan simpatiyani yanada oshiradi. «Tottenhem»ni ingliz futbolining «old skuliga vafodor» yetakchilardan deb e'tirof etish mumkin. Ishoning, «Manchester Siti» - «Tottenhem» o‘yinida manchesterliklar yaqqol ustun emas.
«Liverpul»

Ingliz klublaridan g‘oliblikka asosiy da'vogarlar sirasiga kiritilayotgani – «Liverpul». Chempionlar Ligasida g‘oliblik uchun uchta asosiy da'vogar – «Barselona», «Yuventus» va «Liverpul». Guruh bosqichini o‘ta omadsiz o‘tkazgan «Liverpul» gruhda ikkinchi bo‘ldi va oqibatda nimchorak finalda «Bavariya»ga duch kelish bilan «jazolandi». Biroq Myunxendagi o‘yinda «Tsrvena Zvezda» kabi jamoalarga yutqazib yurgan tushunarsiz «Liverpul»dan asar ham qolmagandi. Maydonda aqlli, salobatli va qaysidir ma'noda Jyeyms Milnerning ta'biri bilan aytganda, «zerikarli» «Liverpul»ni ko‘rdik. «Liverpul» chorak finalda «Portu» bilan tushgani esa Kloppning yengil tin olishiga sabab bo‘ldi. Chunki uzoq kutilgan Premer-Liga g‘olibligi uchun kurashayogan «Liverpul» uchun YeChL chorak finalida ham top-klub bilan to‘qnashish og‘irlik qilardi. Albatta, «Portu»ni kuchsiz demoqchi emasmiz, lekin «Liverpul»ga tushishi mumkin bo‘lgan eng qulay raqib aynan «Portu» edi.
«Liverpul» Klopp kelganidan buyon Yevropada Angliya sharafini munosib himoya qilmoqda. Avvaliga Yevropa Ligasi finali, o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasi finali. Shunday davom etsa, bu mavsumda qanday natija qayd etilishi kerakligini tushundingiz-a? Klopp jamoasi yarim finalga chiqsa, u yerda yo «Barselona», yoki «MYu» bilan o‘ynaydi. Bu esa g‘oliblik uchun yo‘l o‘ta murakkabligidan dalolat. Ammo «Bavariya»ni «chizgan chizig‘idan chiqarmagan» «Liverpul» Yevropaning har qanday grandi uchun qo‘rqinchli tushga aylana oladi. Hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, «Liverpul» Yevropada pressing qilishni eng qoyillatadigan jamoa.
Total o‘sish

Xulosa shuki, ingliz klublarida, umuman, ingliz futbolida katta o‘sish sezilmoqda. Angliya terma jamoasi oxirgi 28 yil ichida ilk marta jahon chempionatida yarim finalga chiqdi, hozir 4ta ingliz klubi qit'aning eng nufuzli sovrini uchun kurashmoqda. YeChL pley-offida inglizlar shunchalik ko‘pki, ular qur'a jarayonida bir-biriga tushib qolmoqda. Chempionat darajasining o‘ta baland ekani xalqaro maydonda ham o‘z samarasini bermay qo‘ymadi. Angliyada top darajadagi futbolchilar, top-murabbiylarning oqib kelishi ham natija berishi kerak edi va bu natijalar ko‘rinmoqda. Shunday ekan YeChL yarim finalida uchta ingliz klubini ko‘rib qolsangiz, ajablanmang...
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
16:38 / 31.01.2025
«Siti» o‘tish o‘yinlaridayoq «Real»ga duch keldi. Barcha juftliklar ma’lum
14:17 / 30.01.2025
YeChLda guruh bosqichi yakunlari: «Siti»ni o‘tish o‘yinlarida «Real» yoki «Bavariya» kutadi
19:18 / 29.01.2025
«Siti» va «PSJ» pley-offsiz qolishi mumkin. YeChLning so‘nggi turidagi asosiy intrigalar
10:48 / 04.10.2024