Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Masjid imomi, erini qutqarishga intilgan ayol, otasi qo‘lida jon bergan go‘dak – Yangi Zelandiyadagi terakt qurbonlari kimlar edi?
15 mart kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida dahshatli terakt sodir etildi. 28 yoshli Brenton Tarrant yana ikkita sherigi bilan birga Kraystcherchdagi ikkita masjidga hujum qildi. Facebook’dagi sahifada jonli translatsiya qilingan videoda ko‘rinadiki, u masjidga kirib, duch kelgan odamni otib tashlagan.
Ushbu terakt juma kuni sodir etildi. Shu sabab masjidlarda odam ko‘p bo‘lgan. O‘sha kuni Tarrant bostirib kirgan masjidda 300 nafarga yaqin kishi bo‘lgani aytilgan. Terakt oqibatida 50 kishi halok bo‘ldi, 50 nafardan ortiq kishi jarohatlandi. Yana millionlab musulmonlarning yuragi og‘ridi...
OAVda vafot etganlar kim bo‘lgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda. Xususan Reuters va BBC halok bo‘lganlar orasida qariyalar, bolalar va hatto ayollar bo‘lganini aniqladi.
Otasining qo‘lida halok bo‘lgan 3 yoshli Ibrohim

Otishma vaqtida «An Nur» masjidida bo‘lgan Ibrohim haqida voqeadan bir kun o‘tgach ham darak bo‘lmagan. Biroq mahalliy nashrlar 3 yoshli Ibrohim masjid ichida otasining qo‘lida halok bo‘lganini ma'lum qilishgan. Ularning ta'kidlashicha, Ibrohimning otasi ham o‘lgan ko‘yi yotgan bo‘lgan.
Bolakayning qarindoshlari uni kasalxonalardan izlab, topa olishmaydi. Politsiya voqea joyida ko‘plab bolalarning jarohatlangani, ikki bola halok bo‘lganini ma'lum qilgan. Bolalarning ismlari oshkor qilinmayapti.
O‘q yo‘liga chiqqan Dovud

71 yoshli Dovud Nabi halok bo‘lgani birinchilardan bo‘lib rasman tasdiqlangan qurbonlardan biri. Afg‘onistonlik Dovud 1980 yil Afg‘onistondagi urushdan qochib, Yangi Zelandiyaga borgan. Kasbi muhandis bo‘lgan Dovud Nabi eski markadagi avtomobillarni yig‘ishga qiziqqan. U Yangi Zelandiyaga boshqa mamlakatlardan kelgan muhojirlarga yangi joyda o‘rnashib olishida yordam ko‘rsatgan, ularni himoya qilgan. Dovudning o‘g‘li shunday deydi: «U hammaga yordam berishga harakat qilardi. Suriyalikmi, iroqlikmi, falastinlikmi, otam hammaga do‘st edi».
Futbolchi bo‘lishni orzu qilgan Sayyad
Futbolchi bo‘lishni orzu qilgan 14 yoshli Sayyad Miln halok bo‘lgani ham rasman tasdiqlanmagan, lekin uning otasi OAVga farzandi vafot etganini aytgan. Bolani taniydigan boshqa guvohlar ham uning jasadini ko‘rganliklarini aytishgan.
«Endi tug‘ilganida uni yo‘qotishimga bir baxya qolgandi. U mard, kichik askar edi. Bolamni otib tashlagan odam bularni qayerdan ham bilsin... Men bolam hozir qayerdaligini bilaman. Umid qilaman, uning ruhi orom topgan...»,- deydi Sayyadning otasi.
Vafotidan so‘ng mukofot olgan o‘qituvchi

Terakt vaqtida halok bo‘lgan pokistonlik o‘qituvchi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Naim Rashid terrorchiga xalaqit berishga uringani otishma videosida ham ko‘rinadi. U og‘ir jarohatlangan holda kasalxonaga olib boriladi. Biroq kasalxonada jon beradi.
Naimning akasi Xurshid A'lam videoda qo‘poruvchini to‘xtatishga urinayotgan akasini ko‘rib, u bilan faxrlanganini aytadi: «U yerda bo‘lgan odamlar akam ko‘pchilikning hayotini qutqarib qolganini aytishdi. U qo‘rqmas odam edi. To‘g‘ri, akam odamlarning hayotini qutqarib, qahramon bo‘ldi, lekin uni yo‘qotish biz uchun og‘ir». Masjidda Naim Rashidning 21 yoshli o‘g‘li Talxa ham bo‘lgan. U ham terakt qurboniga aylangan.

Naim Rashidning akasi u yaqinda o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lganini aytdi: «Naim bilan yaqinda gaplashganimizda, u Talxani Pokistonga olib borib uylantirmoqchi ekanini aytgandi. Bir necha kun avval biz Talxani Pokistonga olib borish uchun bosh qotirgandik, bugun esa ularning jasadini Pokistonga yetkazish harakatidamiz...».
Naim Rashid pokistonlik va u Yangi Zelandiyada o‘qituvchilik qilardi. Pokiston hukumati o‘z fuqarosi qahramonligini e'tiborsiz qoldirmadi: «Pokiston terrorchini to‘xtatishga urinish vaqtida halok bo‘lgan Mian Naim Rashid bilan faxrlanadi. U o‘z jasorati uchun davlat mukofoti bilan taqdirlanadi», deb yozdi Pokiston bosh vaziri Imron Xon tvitterdagi sahifasida.
Nogiron erini qutqarishga shoshilgan ayol

Bangladeshlik Husne Ara otishma boshlangan vaqtda masjidning ayollar bo‘limida bo‘lgan. Uning nogiron eri Farid Uddin aravachada bo‘lgan. Ayol o‘q ovozini eshitishi bilan erini qutqarish uchun shoshilgan. Lekin... u yo‘lda o‘q yomg‘iriga duch kelib, halok bo‘lgan. Ayolning eri omon qolgani aytilmoqda.
Suriyadan qochib kelgan Xolid

Suriyalik Xolid Mustafo vatanidagi urushlardan charchab, 2018 yilda oilasi bilan Yangi Zelandiyaga kelgandi. Xolid Yangi Zelandiya tinch davlat deb, shu yerga kelgan. U masjidga ikkita o‘g‘li bilan borgandi. Ulardan biri og‘ir yaralangan, yana biri bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.
Jumadan so‘ng ota-onasini yo‘qlovchi o‘g‘il
35 yoshli Husayn al-Umari har juma kuni Kraystcherchdagi masjidga kelar va juma ibodatini ado etgach, ota-onasinikiga ular bilan ovqatlangani borardi. Husayn chorshanba kuni ota-onasi bilan gaplashgan va ular yangi mashina olganliklaridan xursand bo‘lgan. Husaynning ota-onasi 1990-yillarda BAAdan ko‘chib kelishgan.
Pokiston bosh vazirining adashi
Masjid ichida hindistonliklar ham bo‘lishgan. Halok bo‘lganlar orasida Imron Xon ismli hindistonlik ham bo‘lgan. U Pokiston bosh vaziri bilan adash edi. Teraktda halok bo‘lgan Imron Xon Hindiston taomlari oshxonasining egasi bo‘lgan. U yaqinda go‘sht do‘koni ham ochgan edi. 47 yoshli Imron Xon 18 yil avval Yangi Zelandiyaga kelgandi.
Masjid imomi
Halok bo‘lganlar orasida masjidda imomlik qilgan kishi ham bo‘lgan. Hofiz Muso Patel Fidjidagi Lautoka masjidi imomi bo‘lgan. U do‘stlarining holidan xabar olish uchun Kraystcherchga kelgandi.
Talaba-uchuvchi
Ismini aytishni istamagan yigitning ma'lum qilishicha, masjidda uning talaba tanishi ham bo‘lgan: «U uchuvchilikka o‘qirdi. Biz uni ertalab darsga ketayotganida ko‘rardik. Kecha tunda bir do‘stim qo‘ng‘iroq qilib uning halok bo‘lganini aytdi».

Terakt vaqtida shuningdek Indoneziya, Misr, Iordaniya, Hindiston, Fidji, Saudiya Arabistoni fuqarolari ham bo‘lishgan. Oxirgi nafasini Xudoning uyida olgan bu fojia qurbonlarining ruhlari orom topsin...