O‘zbekiston | 13:52 / 20.03.2019
9320
2 daqiqa o‘qiladi

Ish haqini ololmagan 1800 nafar o‘qituvchining ishi ijobiy hal qilindi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashiga 2019 yil 19 mart kuni Andijon viloyati Bo‘z tumani xalq ta'limi muassasalari xodimlariga mart oyi uchun avans (bo‘nak) pullari berilmayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushdi, deb xabar bermoqda kasaba uyushmasi.

Xabarga ko‘ra, Andijon viloyati Bo‘z tumanlararo sudining 2018 yil 18 dekabrdagi ijro varaqasiga ko‘ra, qarzdor Bo‘z tuman xalq ta'limi bo‘limi hisobidan undiruvchi E.S. foydasiga 7.652.163 so‘m ish haqi, 500.000 so‘m ma'naviy zarar undirilishi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Shu tufayli Bo‘z tuman Xalq ta'limi bo‘limi hisob raqamiga cheklov qo‘yilgan va tumandagi barcha xalq ta'limi pedagoglari va xodimlariga 2019 yil mart oyi uchun avans (bo‘nak) pullarini o‘tkazib berishning imkoni bo‘lmagan.

Mazkur masalada pedagoglarning ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi va tuman xalq ta'limi bo‘limi tuman G‘aznachilik bo‘limi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlarga qilgan murojaatlari va sa'y-harakatlari natija bermagandan so‘ng, 2019 yil 19 mart kuni O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining mas'ul xodimlariga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat yuzasidan Respublika kengashi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda ta'sirchan choralar ko‘rdi va shu kuni ikki soat ichida tuman Xalq ta'limi bo‘limi hisob raqamiga qo‘yilgan cheklov olib tashlandi. 1800 nafar pedagog va xodimlarning 2019 yil mart oyi uchun avans (bo‘nak) pullari 19 mart kuni tushlikdan keyin plastik kartalariga tushirib berilgan.

Mavzuga oid