Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi Medical Korea 2019 forumida qatnashdi
Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi Ravshan Izamov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Medical Korea 2019 forumida qatnashdi. Kun.uz muxbiri Milliy palata matbuot xizmatidan olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Mana 10 yildirki, Koreya Respublikasida Medical Korea forumi muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi va u ko‘p davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari ishtirokida yuqori darajada o‘tuvchi tibbiy forum hisoblanadi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyev ham o‘rin olib, Koreya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Park Nong Xu taklifiga binoan Medical Korea 2019 forumida ishtirok etdi.
Safar yakunlariga ko‘ra, Ravshan Izamov bugungi kunda mintaqaviy tibbiy integratsiya beruvchi yangi imkoniyatlarni qayd etdi.
“Medical Korea Janubiy Koreyaning tibbiyotdagi yutuqlarini namoyish etish bilan birga, jahon tibbiyot sohasi rahbarlari uchrashadigan joy hamdir. Bu ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro muloqot qilish, fikr almashish, kelishuvlarga erishish imkonini beradi. Ushbu forumda Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston respublikalarining tibbiyot sohasidagi yuqori darajali vakillari ishtirok etishdi. Men bevosita Mo‘g‘uliston, Vetnam sog‘liqni saqlash vazirlari bilan suhbatlashdim, biz o‘zaro hamkorlikka doir masalalar, yaqin istiqbolda amalga oshishi mumkin bo‘lgan tibbiyot sohasidagi integratsiyalarni muhokama qildik. Xususan, O‘zbekistonda Mo‘g‘ul xalq tibbiyoti markazini ochish imkoniyatlari haqida so‘z bordi. Turli mamlakatlar tibbiy integratsiyasini rivojlantiruvchi, insonlar salomatligiga ijobiy ta'sir qiluvchi yangi imkoniyatlarni izlashga oid boshqa qiziq takliflar bo‘ldi”, - deydi u.
Tibbiyot integratsiyasi muammolarni hal qilishda hamkorlikda o‘zaro manfaatli yechimlarni izlash, diagnostika va davolash jarayonlariga sifat jihatidan yangi bosqichga chiqish imkonini beruvchi yangi shakllarni topish, demakdir.
“Forum doirasida ko‘p qavatli binoda joylashgan, ko‘plab yo‘nalishlarga, keng infratuzilma va o‘z statsionariga ega Xalq tabobati klinikasida bo‘ldik. U yerda bizga umurtqa churrasini jarrohlik operatsiyasisiz davolash usuli namoyish qilindi. Bizda ham shunday usul joriy qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu, shuningdek, eng yaxshi va asosiysi, inson salomatligi uchun foydali tajribalarni o‘zlashtirish imkonini beruvchi tibbiy integratsiyaga yaqqol misol bo‘la oladi. Medical Korea forumi formati qator shunday tajribalar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. O‘ylashimcha, O‘zbekistonda ham shunday formatni qo‘llash mumkin”, - dedi Izamov.
Forum doirasida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada mashhur robotlashtirilgan «da Vinci» jarrohlik tizimining koreys muqobili namoyish qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mazkur noyob uskunani yurtimizda namoyish qilish imkoniga doir dastlabki muzokaralarni o‘tkazishdi. Medical Korea doirasidagi barcha muhokamalar kabi bu ham amaliy davomga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi uchun Koreya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Von Dok Chol hamda Koreya farmatsevtlar va biosanoat uyushmasi vitse-prezidenti Kevin Kuyungxv Xux bilan G2G formatidagi rasmiy uchrashuvlar tashkil etildi.
Medical Korea formatining o‘ziga xosligi shundan iboratki, u juda keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, u mamlakat tibbiyoti va tibbiyot turizmi rivoji yo‘lida katta imkoniyatlarni taqdim etadi.
“Bunday qiziqarli platforma O‘zbekistonda ham joriy qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ishonchim komilki, bunday forum natijasida O‘zbekistonning tibbiyot turizmi salohiyati qator mamlakatlar, jumladan mintaqaviy qo‘shnilarimiz va Afg‘oniston, hatto Rossiya tomonidan katta qiziqish uyg‘otadi”, - deydi Milliy palata raisi.
Forum yakuniga ko‘ra, koreyaliklar istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun yaqin orada O‘zbekistonga tashrif buyuradigan bo‘lishdi.
Mavzuga oid
20:52 / 07.08.2020
«Vazirlik barcha davolash protokollari va standartlarini Milliy palata bilan kelishishi shart emas» - SSV
19:40 / 30.05.2019
O‘zbekiston xavfsiz va samarali dori vositalarini ishlab chiqarishda jahon trendiga muvofiqlashadi
18:42 / 30.04.2019
O‘zbekistonda insultda inson hayotini saqlashga yordam beruvchi innovatsiyalar ro‘yxatdan o‘tkazilishi kutilmoqda
15:26 / 12.04.2019