Sport | 15:37 / 25.03.2019
9942
2 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «Vaziyatlardan unumli foydalanish ustida ko‘proq ishlashimiz kerak»

Foto: AFP/Getty Images

«China Cup» xalqaro turnirining uchinchi o‘rni uchun kechgan Xitoy-O‘zbekiston uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ektor Kuper quyidagilarni ta'kidlab o‘tdi.

«Bugun gol kiritish uchun ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik. Ammo ularning faqat bittasidan unumli foydalandik. Biz kelgusida bu yo‘nalishda ish olib boramiz. O‘ylaymanki, bu musobaqadan o‘rin olgan o‘yinlar biz uchun yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘tab berdi. Endilikda xato va kamchiliklarni tahlil qilib chiqamiz. Avval ham aytganimdek, bor e'tiborimiz Jahon chempionati saralashiga qaratilgan.

O‘zbekistonning Xitoyga qarshi avvalgi o‘yinlari bilan bugungi o‘yinni solishtira olmayman. Men avvalgi o‘yinlarda terma jamoa bosh murabbiyi emasdim. Ammo Xitoy tarkibida yangi futbolchilar borligini bilaman. Kannavaro ular bilan yaxshi jamoa shakllantira olishiga ishonaman. Xitoy ham biz kabi bor e'tiborini Jahon chempionati saralashiga qaratgan.

O‘ylashimcha, Qatar-2022ga chiqish uchun Osiyodagi barcha terma jamoalar qattiq kurash olib borishadi. Biz yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun bor kuchimizni sarflaymiz», - dedi Kuper.

Argentinalik mutaxassisning ma'lum qilishicha, bugungi bahsning birinchi bo‘limi oxirida shikastlanib zaxiraga olingan yarimhimoyachi Otabek Shukurovning jarohati jiddiy. Terma jamoa shifokorlari uning kamida ikki oyga safdan chiqqanini bildirishgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi musobaqaning dastlabki o‘yinida Urugvaydan yengildi (0:3). Xitoyga qarshi uchrashuvda esa 35-daqiqada Eldor Shomurodov tomonidan urilgan yagona gol g‘alabani ta'minladi.

Mavzuga oid