Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda 1,6 mlrd so‘mlik ikki stadion buzilish arafasida: yetkazilayotgan zararni kim qoplaydi?
Camarqand shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Aziz Ibodullayev o‘zini bir necha oydan buyon qiynab kelayotgan muammo bilan Kun.uz tahririyatiga murojaat qildi.
Tadbirkor 2013 yil iyulida shaharning N.Yoqubov ko‘chasida ikkita mini futbol maydoni qurilishini boshlab, 2017 yil Navro‘z bayrami kuni to‘liq faoliyatini boshlagan. Qurilish ishlariga 1,6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan. Bugun ana shuncha mablag‘ havoga uchish arafasida — maydonlarni buzish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi markaziy devonidan bir necha marta xat kelib turibdi.
Aslida, bu hududda Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kolleji joylashgan. A.Ibodullayev ta'lim muassasasi bilan tegishli qonunchilikka muvofiq, rasman kelishgan holda bu yerda qurilish ishlarini boshlagan. Muhimi, bu bo‘yicha Samarqand shahar hokimining «Qurishga ruxsat berish to‘g‘risida»gi qarori ham bor. Shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasining ruxsati ham. Xullas, hammasi joyida (To‘g‘risini tan olish kerak, maydon kollejga tegishli bo‘lgani sababli, tadbirkorga yerga egalik huquqi berilmagan).
Mazkur maydonlar ishga tushgach, atrofdagi maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, oliy ta'lim muassasalari talabalari, shahardagi mahalla fuqarolari hamda korxona-tashkilotlarning ishchi xodimlari mashg‘ulotlar o‘tib kelayotgandi. Tadbirkor ham xursand, aholi ham. Qo‘shimchasiga, uchta xonadonning tirikchiligi ham o‘tib turibdi.
Joriy yil iyun oyigacha hammasi yaxshi ketayotgandi, — deydi tadbirkor. — Iyun oyi oxirlarida o‘zini Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism komandiri o‘laroq tanishtirgan bir kishi kelib, kollej hududi gvardiyaga o‘tish arafasida ekanligini aytdi. Mening shuncha mehnatim, xarajatlarim haqida gap ochilganida, futbol maydonlarining smeta qiymatini so‘rab, sotib olinishini ma'lum qildi. Men, tegishli hujjatlar hali chiqsin qani, deganimda, «hujjatlar 100 foiz chiqadi», deb ishontirgan edi.
Haqiqatan ham oradan hech qancha o‘tmasdan, men qurgan maydonlar hududi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi ixtiyoriga o‘tib ketdi. Ana shundan keyin boshqarmadan ketma-ket stadionnni buzishim to‘g‘risida xatlar kelmoqda. Ishning yana bir tomoni borki, oziq-ovqat kolleji ko‘chib ketgandan keyin kadastr inventar hujjatini tayyorlatilganda mazkur maydonlar kiritilmagan. Ya'ni, ushbu hudud futbol maydonlarisiz ruyxatdan o‘tkazilgan. Ana shu xatoning jabrini nega men tortishim kerak?
Tadbirkor dastlab Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasiga, keyin viloyat hokimiga, keyin esa tegishli deyarli barcha respublika idoralariga murojaat qilib ko‘rdi. Javob har xil, muammo esa hali ham yechim topmagan.
«Viloyat hokimi kelib maydonlarni ko‘rdi, sharoitlarga qiziqdi, ammo maydonlar taqdiri bo‘yicha aniq gap aytmadi», — deydi A.Ibodullayev.
Samarqand viloyat harbiy prokuraturasi esa tadbirkorga haqiqatan ham hudud Milliy gvardiya Samarqand viloyat boshqarmasi ixtiyoriga o‘tgani, ammo bunda mazkur boshqarma mansabdor shaxslarining aloqasi yo‘qligini bildirdi. Ammo muammoga yechim topilmadi. Tadbirkorning boshi qotgan joyi ushbu hudud Vazirlar Mahkamasi hamda viloyat hokimining qarori bilan boshqa idoraga berilyapti va unga yordam beradigan hech kim yo‘q. Fuqaroning katta umid bilan Prezident virtual qabulxonasiga yozgan xatiga Samarqand viloyat hokimligi tomonidan quyidagi mazmunda javob xati keladi:
«Yoshlar» MChJ tomonidan so‘ralayotgan, ya'ni yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sobiq kollej hududidan (Samarqand shahar hokimining «Samarqand shahar oziq-ovqat kasb hunar kollejiga, kollej hududida joylashgan 1785 kvadrat metr yer maydonidagi futbol maydonchasi o‘rnida yopiq mini futbol maydonchasi qurish va hududdagi mavjud devorlarni qayta ta'mirlab, qo‘shimcha darvoza o‘rnatishga ruxsat berish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan) jamiyat tomonidan qurilgan yopiq mini futbol maydoni, ma'muriy va yordamchi xonalar hamda ayvon binolarining jami qurilish osti maydoni 2690 kvadrat metrdan iborat ekanligini ma'lum qilamiz».

Viloyat prokuraturasi esa ishni o‘rganib fuqaroga «prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llash uchun asoslar aniqlanmadi», degan mazmunda javob beradi.

Ana shu tarzda tadbirkor 1,6 milliard so‘mlik mulkidan ayrilib qolmoqda. Xo‘sh, muammoning yechimi bormi?
Darvoqe, shahar hokimligi ayni vaqtda tadbirkorga boshqa hududdan yer berilishini og‘zaki ravishda ma'lum qilmoqda. Ammo bu bilan tadbirkor ko‘radigan zarar salmog‘i mutlaqo kamaymaydi. Chunki (metall konstruksiyali) yopiq mini futbol maydonini bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib bo‘lmaydi.
Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
19:32 / 19.07.2022
Camarqand va Sirdaryo viloyatlarida o‘qishga kiritish hamda o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilib pul olgan shaxslar ushlandi
20:40 / 08.07.2020
Samarqand viloyatini rivojlantirish uchun 16 trillion so‘m sarflanadi
19:20 / 23.04.2020
Samarqandda karantin vaqtida buzilayotgan uy egasiga kompensatsiya berilgan, yer uchastkasi ajratilgan - MIB
19:10 / 09.02.2020