Jamiyat | 12:59 / 28.03.2019
26582
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki maskanga bo‘lingan umr. Muruvvat uyidagi asl «onalar»

Muruvvat uylari haqida eshitgansiz. Hojatxonadan topilgan, OITSga chalingan ota-onadan tug‘ilgan va boshqa bir qancha ko‘ngilsizliklar tufayli nuqson bilan dunyoga kelgan bolalar ana shu Muruvvat uylarida: avval nogiron bolalar Muruvvat uylari, so‘ng qariya va nogironlar kattalar Muruvvat uylarida yashaydilar. Ota-onasi, yaqinlari bo‘lgan davolanuvchilarni onda-sonda uyga olib ketishlarini (uzog‘i bir oy muddatga) hisobga olmasa, ular hayoti davomida  faqat ikki maskanda umr kechirishadi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Og‘ir darajadagi aqliy zaiflik, gemiparez, paraparez va tetrapez asoratlari bo‘lgan mo‘'tadil darajadagi aqliy zaiflik serebral falaji, intellektning og‘ir buzilishiga olib kelgan shizofreniya, mo‘'tadil darajadagi aqliy zaiflikka olib kelgan epilepsiya, bosh miya shikastlanishi oqibatidagi mo‘'tadil darajadagi aqli zaiflik (bosh miya ensefaliti, meningiti, meningoensafaliti, sifilisi va bosh miyaning shikastlanishi), shuningdek, bosh miyaning xromasoma kasalligi yoki anomaliyasi tashxisi qo‘yilgan bemorlar Respublika Muruvvat nogironlar uchun internat uylarida davolanishadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qo‘mitasi rasmiy saytidagi ma'lumotga ko‘ra, 2016 yildan Respublikada 33ta Muruvvat uylari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 7745 nafar bemor davolanmoqda. Ularning ko‘pchiligini yaqinlari tirik bo‘lishiga qaramay, biror marta ko‘rishga kelishmagan. Bemorlar Muruvvat uyi xodimlarini «Oyi», «opa», «xola» deb chaqirish bilan sog‘inchini yengishga harakat qiladi.

«Bemorlar uyimizga olib ketishimizni so‘rashadi. «Xo‘p, olib ketaman»,-deyman. Lekin «qachon?», deb so‘rashmaydi. Chunki, bu yerdan hech qachon ketmasliklarini bilishadi», - deydi Sirdaryo tumani Muruvvat nogiron ayollar internat uyi katta hamshirasi Ermatova Lola

Bu maskandagi insonlar oddiy odamlardan nafaqat salomatlik jihatidan, balki mehr-muruvvatga tashnaliklari bilan ham ajralib turishadi. Ota-onasi, yaqinlari bo‘la turib yetimlikda yashayotganlar Muruvvat uyi xodimlaridan issiqqina uy noni olib kelishlarini so‘rashadi. Bemorlarni yaqinlariga bo‘lgan sog‘inch qiynab yuborganda, xodimlar ul-bul sotib olib, «uydagilaringiz berib yuborishdi», deb aldashadi. Bemorlar «Ana, ko‘rdingizmi, meni unutib yuborishmagan. Shunchaki ishlari ko‘p», deb javob berishadi.

Mo‘tabar Xushvaqtova

Mavzuga oid