O‘zbekiston | 15:45 / 01.04.2019
5403
5 daqiqa o‘qiladi

Tashkent Law Spring  qanday forum bo‘ladi? Tashkiliy qo‘mita vakili bilan suhbat

O‘zbekistonda ilk marotaba  Tashkent Law Spring  xalqaro yuridik forum o‘tkazilishi kutilmoqda.

Forum doirasida davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, O‘zbekistonning va dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya va xalqaro aloqalar sohasidagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlar huquqdagi eng so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish, zamonaviy yuridik fan va amaliyotning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish uchun yig‘ilishi kutilmoqda.

Forum tashkiliy qo‘mita a'zosi,  Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i A'zam Madaminovning Kun.uz'ga aytishicha, forum butun dunyodan bir joyga yig‘ilayotgan huquqshunoslarni muhokamaga asoslangan tanishuv, fikr almashinuvi va hamkorligi uchun platforma yaratadi. Shuningdek, O‘zbekistondagi islohotlarga teran nazar tashlab, jahon hamjamiyatini bundan boxabar etish ham maqsad qilib qo‘yilgan. 

«Toshkent kelajakda huquqiy masalalar muhokama etiladigan hab-markazga aylanishi lozim», — deydi u intervyu chog‘ida.

Ma'lum qilinishicha, forum joriy yilning 25-27 aprel kunlari, shunda asosiy tabdirlar ilk ikki kunda o‘tkazilishi belgilangan. «Huquq jadal modernizatsiya davrida»  nomi ostida tashkil etilayotgan yuridik forumda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator mavzularda alohida sessiyalar tashkil qilinadi, ularda xalqaro darajadagi mutaxassislar chiqishlari tinglanadi va muhokamalar bo‘lib o‘tadi:

1. «Sifatli davlat boshqaruvi» yo‘nalishi.

2. «Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish» yo‘nalishi.

3. «Faol investitsion siyosat» yo‘nalishi.

Bundan tashqari, Forum dasturidan O‘zbekistonning investitsion muhitiga bag‘ishlangan taqdimot ham o‘rin olgan.

«Forumda «Yilning eng yaxshi advokati», «Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi», «Yilning eng yaxshi korporativ yuridik xizmati» nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlash marosimlari bo‘lib o‘tadi», — deya ma'lumot beradi Madaminov. 

 Tashkent Law Spring tadbirida ishtirok etish pulli. A'zam Madaminov bu holatga quyidagicha izoh berdi:

 «Har qanday jiddiy tadbirning qadri bo‘ladi. Tadbirda majlisbozlik bo‘lmaydi, u nomiga o‘tkazilmayapti. Forumda yuridik soha vakillari ishtirokida jonli muhokamalar paydo bo‘lishi kutilmoqda. Tadbir ma'ruzachilarining aksariyati olis xorijiy yurtlardan tashrif buyuradi. Bularning barchasi —xarajat.

Pul to‘lagan odam uchun tadbirdan nimadir kerak, deb tushunsak bo‘ladi. Biz ko‘chadan 2 ming kishini taklif qilib, institut talabalari ishtirokida ham forum o‘tkazishimiz mumkin. Lekin bundan hech kim manfaatdor bo‘lmasa kerak», — deydi u.

 Garchi huquq masalalari bo‘yicha mintaqa markazi bo‘lishga intilayotgan Toshkent yuridik forumida aynan huquqqa oid turli masalalar muhokama etilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, unda mustaqil inson huquqi faollari, tashkilotlari ishtiroki haqida ma'lumot yo‘q. 

«Biz e'lon berdik, nufuzli xalqaro tashkilotlarga taklifnoma yubordik. Shu bilan birga o‘zini taklif qilgan ma'ruzachilar paydo bo‘ldi. Masalan, biz kutilmaganda Nigeriya Adliya vazirligidan taklifni qabul qildik. Lekin hech qaysi tashkilot inson huquqlari mavzusida ma'ruza qilishga qiziqish bildirmadi», — deydi tashkiliy qo‘mita a'zosi.

 U mavzuning dolzarb ekanligini inkor etmaydi, ammo Madaminov suhbat davomida ishtirokchilar orasida huquq faollari ham ro‘yxatdan o‘tmaganini inobatga olishni so‘radi.

Qayd etilishicha, forumning madaniy dasturi doirasida, xohlagan ishtirokchilar Buyuk Ipak yo‘lining qadimiy shaharlaridan bo‘lgan Buxoro, Samarqand, Xiva, Nukus, Qo‘qon, Marg‘ilon, Toshkent shaharlaridagi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan noyob tarixiy va madaniy obektlarga ekskursiya dasturidan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid