Jahon | 20:18 / 02.04.2019
27062
3 daqiqa o‘qiladi

BMT sayyora aholisi sonini ma'lum qildi 

Sayyoramiz aholisi soni 2019 yilda 7,7 mlrd kishini tashkil qilmoqda, 2050 yil oxiriga kelib esa 9,7 mlrd kishiga yetadi. Bu haqda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida boshlangan Aholi va taraqqiyot komissiyasining 52-sessiyasida ma'lum qilindi.    

Xususan, dunyo aholisi soni joriy asr oxirida 11 mlrd kishigacha yetadi.

BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammadning ma'lum qilishicha, oxirgi 25 yilda o‘ta nochor sharoitda yashovchi odamlar soni ancha qisqargan, onalar o‘limi ko‘lami 40 foizga pasaygan, odamlar umr ko‘rishi davomiyligi ancha oshgan.

“1994 yildan 2019 yilgacha davrda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 54 foizga qisqargan. Dunyoda umr ko‘rish davomiyligi 1994 yildagi 64,9 yoshdan 2019 yilda 72,3 yoshgacha oshgan va 2030 yilgacha yana ikki yilga uzayadi. Butun dunyoda aholi farovonligi darajasi ancha o‘sgan”, deyilgan BMT hisobotida. 

Muhammadning ta'kidlashicha, joriy demografik tendensiyalar – aholining jadal ko‘payishi va mobilligi, keksa yoshlilar ulushining oshishi va urbanizatsiya jiddiy ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga olib kelmoqda, biroq shu bilan birga yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Hisobotda ta'kidlanishicha, aholi soni o‘sishi va iqtisodiy o‘sish ishlab chiqarish va iste'mol ko‘lamining oshishiga olib keldi, bu esa o‘z navbatida atrof-muhit uchun og‘ir oqibatlarga aylanmoqda.

Hisobotda aholi soni o‘sishi uning qarishi, tug‘ish darajasi pasayishi hamda jadal urbanizatsiya bilan birga kechmoqda. Hozirda dunyoda o‘rtacha tug‘ish darajasi bir ayolga 2,5 bolani tashkil qilayotgan bo‘lsa, 2030 yilda 2,4 bolani tashkil qiladi. 

65 yosh va undan katta odamlar ulushi umumiy aholi sonida oshib bormoqda. Hozirda Yevropada ularning ulushi umumiy aholi sonining 19 foizini, Shimoliy Amerikada esa 16 foizini tashkil qilmoqda va 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 28 va 23 foizgacha o‘sadi.  

Hisobotda ma'lum qilinishicha, dunyo aholisining 56 foizga yaqini shaharlarda yashaydi. Kelajakda aholi o‘sishi shahar aholisi o‘sishi hisobiga yuz beradi. 2030 yilda shaharlar aholisi umumiy aholining 60 foizini, 2050 yilda 68 foizini tashkil qiladi. 

O‘zbekistonga kelsak, respublikamizning doimiy aholisi soni 2018 yil 1 oktabr holatiga 33085,2 ming kishini tashkil etgan.

Mavzuga oid