Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropada «midvik». Bugun «Barselona» va «MYu»da, ertaga «Real»da muhim o‘yinlar
Odatda Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatlarida o‘yinlar dam olish kunlarida o‘tkaziladi. Biroq ba'zan hafta o‘rtasida ham o‘yinlar bo‘ladi. Masalan, kubok yoki Chempionlar Ligasi o‘yinlari sabab. Ba'zan milliy jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar tufayli yuzaga kelgan tanaffuslar shu tariqa to‘ldiriladi. Xullas, bu hafta «kuchli beshlik»da midvik bo‘ladi va unda muxlislar qiziqarli o‘yinlarga guvoh bo‘lishadi.
LA LIGA
«Vilyarreal» - «Barselona»
O‘yin vaqti: 2 aprel, 00:30
«Barselona» chempionat yakunlanishiga 9ta o‘yin qolganida ikkinchi o‘rindagi «Atletiko»dan 10 ochko oldinda bormoqda. Uchinchi o‘rindagi «Real» esa kataloniyaliklardan 12 ochko ortda qolgan. Messi va jamoadoshlari uchun murakkab o‘yinlar ko‘p emas va ulardan biri aynan «Vilyarreal»ga qarshi kechadi. «Sariq suvosti kemasi» «xavfli hudud»ga «cho‘kib ketmaslik» uchun har qanday raqibni yengishi talab etiladi.
«Vilyarreal» hozirda 29 ochko bilan 17-o‘rinda bormoqda. Taqqoslash uchun, «xavfli hudud» «peshqadami» «Selta» hisobida 28 ochko bor. «Barselona» esa hozir dahshatli formada. O‘zi qatnashayotgan uchta musobaqada ham g‘oliblik uchun asosiy favorit hisoblangan «Barsa» yetakchisi Lionel Messi ham super holatda. La Ligada 31ta gol urgan Messi barcha musobaqalardagi gollari sonini 41taga yetkazishga ulgurdi. «Vilyarreal» bosh murabbiyi Xaver Kalexo bu o‘yinda futbolchilariga jarima maydonchasi ichida qo‘pollik qilsa ham, maydoncha atrofida qoida buzmaslik kerakligini tayinlasa kerak. Chunki, Messi va jarima zarbalari hozirda «bir-birlarini yarimta so‘zda tushunishmoqda».
«Atletiko» - «Jirona»
O‘yin vaqti: 2 aprel, 22:30
«Jirona» yevrokuboklar uchun ham kurashmayapti, ligadan tushib ketishdan ham sug‘urtalangan. Bu jamoa muxlislari uchun keyingi o‘yinlarda bitta intriga bor: Stuani yana nechta gol urarkin? Urugvaylik futbolchi 17ta gol bilan to‘purarlik poygasida Messi va Suaresdan keyin uchinchi bo‘lib turibdi.
Kataloniya sharafini himoya qiladigan «Jirona» bu bahsda hamshahari «Barselona»ga yordam berib yuborishi ham mumkin. Agar Stuani va sheriklari «Atletiko»dan ochko olib qo‘yishsa, bu ham «Barselona», ham «Real» uchun foydali bo‘ladi. «Barselona» ta'qibchi bilan farq oshganidan, «Real» esa ikkinchi o‘ringa chiqib olish imkoni paydo bo‘lganidan xursand bo‘lishi mumkin.
«Atletiko» hozir tushkun kayfiyatda deyish mumkin. «Yuventus» bilan o‘yinda ikkita gol ustunligini qo‘ldan chiqargan «Atletiko» futbolchilari uchun mavsum . muvaffaqiyatsiz yakunlanmoqda. Hatto doim qiziqqon Simeone ham o‘sha o‘yindan so‘ng jim qolgani jamoa holatidan dalolat beradi. «Atletiko» endilikda butun e'tiborni chempionatga qaratgan. Simeone golni nishonlashning turli usullarini namoyish etib, tanasining «qanchalik ko‘rkam ekanini» doston qilmasdan, e'tiborini o‘yinga qaratsa «Atletiko» oxirgi turlargacha chempiondik poygasida qolishi mumkin.
«Valensiya» - «Real»
O‘yin vaqti: 3 aprel, 00:30
«Real» Zidan kelganidan buyon faqat g‘alaba qozonmoqda. Biroq har ikki o‘yinda ham jamoa qiynaldi. Bu esa muammo chindan jiddiy bo‘lganini ko‘rsatadi. Ayni paytda faqat La Ligada ishtirokini davom ettirayotgan «Real» keyingi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Zidan chempionlikdan umidini uzgan deb bo‘lmaydi, lekin murabbiy barcha futbolchilarni sinab ko‘rayotgani qolgan o‘yinlar qaysidir ma'noda mavsumoldi tayyorgarligiga aylanib ketganini anglatadi. «Ueska» bilan o‘yinda Luka Zidan va Braim Dias kabi yosh futbolchilar maydonga tushgani bejizga emas.
«Valensiya»da esa vaziyat boshqacharoq. «Ko‘rshapalaklar» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan umid uzishmagan. Ayni damda «Xetafe» egallab turgan 4-pog‘ona uchun «Valensiya», «Alaves» va «Sevilya» ham kurashmoqda. «Valensiya» katta o‘yinlarda, ayniqsa «Real» va «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda boshqacha harakat qilishi bu bahsning darajasini oshiradi. Buning ustida o‘yin «Mestalya»da o‘tkaziladi
PReMeR-LIGA
«Vulverhempton» - «MYu»
O‘yin vaqti: 2 aprel, 23:45
Bugun APLda 33-tur o‘yinlariga start beriladi. Turni «Vulverhempton» - «MYu» o‘yini boshlab beradi. «Kuchli oltilik»ga «suqulib kirishga» intilayotgan «Vulverhempton» Angliya Kubogi yarim finaliga aynan «MYu»ni yengib chiqqandi. Shu bois, «MYu» bu bahsda kubokdagi mag‘lubiyat alamini olish uchun ham yaxshiroq o‘ynashga intiladi. Sulsher klub bilan rasman shartnoma imzolagach jamoa bitta o‘yinda g‘alaba qozondi.
«Yunayted» nafaqat Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun, balki uchinchi o‘rin uchun ham kurashmoqda. «Qizillar» bu o‘yindan keyin «Barselona»ga qarshi o‘yin oldidan 9 kun dam olishini inobatga olsak, Ole bemalol asosiy tarkibni o‘ynatishi mumkin. «Portugal bo‘rilari» laqabini olgan «Vulverhempton» ham «bekorchi emas». Eshpiritu Santu jamoasi kubokda ham yarim finalga chiqqan.
«Tottenhem» - «Kristal Pelas»
O‘yin vaqti: 3 aprel, 23:45
Bu o‘yinda «Tottenhem»ning imkoniyatlari ancha yuqori va u boshqa jihati bilan hafta o‘yinlari qatoridan joy oldi. Shu kuni «Tottenhem» o‘zining yangi arenasida maydonga tushadi. 62 mingdan ko‘proq muxlisga mo‘ljallangan stadion ochilishida «Tottenhem» har qanday raqibni mag‘lub etishga intiladi. O‘tgan turda «Liverpul»ning oyog‘idan chalishni eplolmagan «Tottenhem» bor alamini «Pelas»dan olishi mumkin.
Diskvalifikatsiyani o‘tab bo‘lgan «shporlar» bosh murabbiyi Maurision Pochettino bu o‘yinda yana stadion chetida turishi mumkin. Argentinalik murabbiy oldingi ikkita o‘yinda telefondan ko‘rsatma berib, juda qiynaldi. Roy Hojson shogirdlari ham stadion ochilishi bo‘larkan deb yutqazib berish uchun o‘ynashmaydi. Futbolda birovning bayramini buzish raqib uchun yoqimli ishlardan biri sanaladi. «Pelas» bu mavsumda «Siti»ni mag‘lub etganini ham unutmaslik kerak.
A SeRIYa
«Milan» - «Udineze»
O‘yin vaqti: 2 aprel, 22:00
Gattuzoga ko‘pchilik ishonmagandi, lekin u sobiq jamoasini kuchaytira oldi. Ayniqsa, Kshishtof Pyontekning kelgani «Milan»ga ijobiy ta'sir qildi. Agar, shaharning boshqa jamoasi «Inter» yana bitta o‘yinda xato qilsa, «Milan» 3-o‘ringa chiqib oladi. Bu o‘yinda Pyontek ham gollari sonini ko‘paytirishi mumkin. Chempionat avvalida bu borada yetakchi bo‘lgan polshalik futbolchi keyinchalik Ronaldu va Kualyarellani o‘tkazib yubordi.
«Kalyari» - «Yuventus»
O‘yin vaqti: 2 aprel, 23:55.
Bugun o‘tkaziladigan bu bahsga «Yuventus» Ronaldu, Dibala va Manjukichsiz yo‘l oldi. Bu esa Moyze Kin porlashda davom etishi mumkinligidan dalolat. «Yuventus» Italiyada chempionlikni deyarli hal qilib bo‘lgan. Shu sabab bor e'tiborini Chempionlar Ligasiga qaratmoqda. Bundan foydalangan Moyze Kin esa gollar urib, Italiya milliy jamoasiga chaqirilishga ham ulgurdi. Ko‘ramiz, u bugun qanday karomat ko‘rsatarkin...
Mavzuga oid
09:45 / 25.05.2025
«Bernabeu» Modrich va Anchelotti bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi
20:38 / 22.05.2025
Modrich «Real»ni tark etadi
21:21 / 11.05.2025
«Barsa» 7 ta gol urilgan klasikoda g‘alaba qozonib, amalda chempionlik masalasini hal qildi
18:18 / 09.05.2025