Sport | 10:14 / 03.04.2019
11818
2 daqiqa o‘qiladi

Londonning eng ko‘hna klubi APLni tark etdi

Foto: REUTERS

Londonning «Fulhem» klubi APLning 33-turida «Uotford» maydonida 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va yuqori divizionda qolish uchun oxirgi imkoniyatni boy berdi.

«Oqlar» 33 o‘yinda 4 g‘alaba va 5 durang bilan 17 ochko to‘plashgan va bu bilan 19-o‘rinni egallab turishibdi. Ligada o‘rnini saqlab qoladigan oxirgi o‘rin – 17-pog‘onada joylashgan «Byornli» 32 o‘yinda 33 ochko to‘plagan. Skott Parker jamoasi esa mavsum tugagunga qadar umuman ochko yo‘qotmasa ham maksimal 32 ochko jamg‘aradi va «Byornli»ga yeta olmaydi.

Qayd etish kerak, «Fulhem» Londonning eng ko‘hna klubi sanaladi, bu klub 140 yil oldin – 1879 yilda tashkil etilgan. Jamoa 2010 yilda Yevropa Ligasi finaliga chiqib, «Atletiko»ga overtaymlarda yengilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, APLda avvalgi turdan keyin 20-o‘rindagi «Haddersfild» ham ligani tark etishi aniq bo‘lgandi.

Mavzuga oid