Jahon | 12:50 / 03.04.2019
12408
2 daqiqa o‘qiladi

Maduroning tarafdorlari Guaydoni deputatlik daxlsizligidan mahrum etishdi

Foto: Reuters

Venesuela parlamenti spikeri, o‘zini mamlakatning vaqtinchalik prezidenti sifatida e'lon qilgan muxolifatchi Xuan Guaydo deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum qilindi.

Associated Press xabariga ko‘ra, amaldagi prezident Nikola Maduro tarafdorlari tomonidan tuzilgan qonunchilik organi — Milliy ta'sis majlisi shunday qaror qabul qilgan. Uning rahbari Diosdado Kabelloning aytishicha, ayni vaqtda Guaydoni sudga tortish jarayonini boshlashga imkon beruvchi qarorni qabul qilish ustida ish olib borilmoqda.

Bu qaror Venesuela qonunchiligiga zid bo‘lib, deputatlik daxlsizligidan mahrum etish qarorini ayni vaqtda Guaydoning o‘zi tomonidan boshqarilayotgan parlament tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Xuan Guaydo uni bu qaror «zarracha qo‘rqitmayotgani» haqida gapirgan. Shu bilan birgalikda, u Maduro hukumati o‘zini o‘g‘irlab ketishga harakat qilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Venesuela bosh prokuraturasi yanvar oyida Xuan Guaydoga nisbatan surishtiruv ishlarini boshlagandi. Unga rasman ayblov ilgari surilmagan. Venesuela oliy sudi Guaydoga mamlakat hududini tark etishni taqiqlagandi, lekin u fevral oyida bu taqiqni buzib, Kolumbiyaga o‘tib keldi.

Xuan Guaydo mart oyida 6 aprel kuni Venesuelada Nikolas Maduro rejimini qulatishga qaratilgan «Ozodlik operatsiyasi» nomi ostidagi namoyishlar boshlanishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid