Jahon | 21:30 / 03.04.2019
23189
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenkoning sobiq maslahatchisi ikkinchi turda unga ovoz bermaslikka chaqirdi

Foto: UNIAN

Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning sobiq maslahatchisi, prezidentlik saylovlaridagi nomzod Igor Smeshko ikkinchi turda mamlakatning amaldagi prezidentini qo‘llamasligini bildirdi.

«Biz Petro Poroshenko boshchiligidagi amaldagi hukumatni qo‘llab-quvvatlamaymiz va ikkinchi turda unga ovoz bermaymiz. Petro Poroshenko millionlab ukrainlarning umidlarini oqlamadi va Maydandagi ideallarni sharmanda qildi, u endi tarixga ketishi kerak, deb hisoblayman. Afsuski, qahramon sifatida emas», deya yozgan Smeshko saylovchilarga murojaatida.

U shuningdek, birinchi turda ustun kelgan nomzod Vladimir Zelenskiyga o‘z bahosini berib o‘tgan.

«Ochiq javob beraman: faqat iste'dodli aktyor Zelenskiyni bilaman. Uning talantiga muxlis sifatida ixlosim bor. Siyosatchi, davlat arbobi, davlat boshqaruv organlari bo‘yicha mutaxassis Zelenskiyni bilmayman», degan nomzod.

Smeshko demokratiya uchun ovoz berishdagi «ko‘hna inglizcha qoida»ni eslab o‘tgan: «Birinchi saylovda yurak va aql bilan ovoz ber, hal qiluvchi bosqichda esa vaziyatdan kelib chiqqan holda. Sizning vataningizga va oilangizga nisbatan kam zarar yetishi uchun».

Ukraina Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 99,9 foiz ovozlar hisoblab chiqilganidan keyin Smeshko birinchi turda 6,04 foiz (1 million 144 ming saylovchi) ovoz olgan.

Eslatib o‘tamiz, Igor Smeshko Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq raisi hisoblanadi. U 2019 yilning yanvarida, prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini qo‘yishi ma'lum bo‘lgach Ukraina prezidenti maslahatchisi lavozimidan bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid