Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qarshidagi uchta xonadon ikki yildan beri qurilishdan aziyat chekmoqda
Bir necha soat davom etgan shovqin-suron har qanday sog‘lom odamni charchatib qo‘yishi hech gapmas. Qarshi shahrida esa bir necha yildan beri xuddi shunday muhitda yashayotganlar bor ekan.
Qarshi shahrining «Naxshab» mahallasi, Jarariq ko‘chasida joylashgan uchta hovlining shundoqqina tepasida ikki yildan buyon qurilish ishlari davom etyapti. Bu yerda yashovchilar haligacha ko‘chirilmagani sababli qurilishlardan aziyat chekmoqda. Ko‘chadagi 5-xonadonda yashovchi fuqaro D.Yusupov ana shu muammo yuzasidan Kun.uz tahririyatiga murojaat qildi.

Ushbu manzilda bo‘lganimizda hududdagi boshqa yashovchilar ham aynan mana shu muammo ularning ham oromini buzishidan shikoyat qildi.
— Qurilishlar shundoqqina uyimizdan besh qadam narida olib borilyapti, — deydi shu ko‘chadagi 3-uyda yashovchi fuqarolardan biri. — Uylarimiz ham buzilish (snos)ga tushgan, ammo bizga hanuzgacha tegishli mablag‘ni berishgani yo‘q. Mablag‘ hal bo‘lmagani holda qurilishlar ham davom etib kelyapti. Muttasil, kechasi-yu kunduzi shovqin-suronda o‘tirishga dosh berish qiyin ekan, turmush o‘rtog‘im qon bosimi kasalligini orttirib oldi. Ayni vaqtda ham davolanishda.

Qarshi shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ushbu mazkur hududga kelib aholiga uchradi. Hokimlik fuqarolarga uy uchun yer berishga tayyor. Ammo buning uchun yuqoridagi xonadonlar egalari uylarni tegishli idoralar orqali narxlatishi, qurilish korxonasi bilan kelishuvga erishishi lozim. Uylar-ku bugungacha ikki marta narxlangan. Ammo puldan darak yo‘q. Qurilish esa bemalol davom etmoqda.
Xo‘sh, muammo nimada o‘zi? Nima uchun, aholi darvozasi yonginasida kechayu kunduz davom etayotgan ulkan qurilishlar ostida yashashi kerak? «Snos» nega amalga oshmadi? Bu haqda mazkur qurilishlarni olib borayotgan «Norbo‘ta savdo» xususiy korxonasi rahbari Dilmurod Muhammadiyev izoh berdi.
Uning ma'lum qilishicha, bu ko‘chadagi ko‘p qavatli uylar qurilishi bo‘yicha loyihaning qiymati 58 milliard so‘mlik bo‘lib, mablag‘ning 70 foizi TIF «Milliy banki», qolgan qismi tadbirkor hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda esa qurilish ishlari yarmiga yetgan bo‘lib, sarflangan mablag‘ning 70 foizi tadbirkor hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanayam aniqrog‘i, shu kunga qadar tadbirkor loyihaga o‘z hisobidan 24 milliard so‘m sarflagan bo‘lsa, bankdan 7 milliard so‘m mablag‘ olgan.
Xullas, tadbirkor mana shu ko‘chadagi uylar ko‘chirilmayotganini bankdan tegishli mablag‘ni to‘liq ololmayotgani bilan izohlamoqda.
Aynan shu sabab bilan bir nechta uy-joy egalari shovqin-suronli qurilish ostida kun kechiryapti. TIF «Milliy banki» Qashqadaryo viloyat filialida bo‘ldik. Bankning mas'ul xodimi Murod Ibodov mazkur qurilish korxonasining ilgari olgan mablag‘larini allaqachon qaytarish vaqti kelgani, endi yana mablag‘ berish bank manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini bildirmoqda.

Qisqasi, bank vakili «shu vaqtgacha so‘ralgan pulni berdikmi, endi qaytarsin», demoqda. Tadbirkor esa bank har safar so‘ralgan mablag‘ning faqat yarmini bergani uchun shu holatga tushib qolganini aytmoqda. Haqiqiy holatni bilish uchun tadbirkor va bank o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va boshqa tegishli hujjatlar ko‘rsatilishi mumkin edi. Ammo TIF «Milliy banki» vakili ichki qoidaga ko‘ra, tegishli shartnoma va raqamlarni ko‘rsatish mumkin emasligini ma'lum qildi.
Bor-yo‘g‘i shu:
1. Tadbirkor qurilishdan aziyat chekayotgan fuqarolarning pulini berishi va qurilishni tugallashi uchun bankdan mablag‘ so‘rayapti.
2. Bank avval oldingi mablag‘lar qaytarilishini xohlayapti.
3. Tadbirkor esa bu pulni qaytarishi uchun qurilishni tugallashi va bu uchun avval bankdan mablag‘ olishi lozim.
Xullas, bu muammo ortidan qancha yugurmang ana shu uchta banddan iborat doira ichidan chiqmaysiz. Ikki o‘rtada aholi aziyat chekaveradi. Xo‘sh, bu «chigal» muammoni kim bartaraf etadi?
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:05 / 14.04.2025
Ural Airlines'ning Qarshi - Moskva reysi texnik sabablarga ko‘ra bekor qilindi
18:13 / 31.03.2025
Qarshi shahrida o‘zbek-nemis qo‘shma maktabi tashkil etiladi
16:09 / 28.03.2025
Qarshida soliq inspeksiyasi xodimi pul talab qilib olganida ushlandi
16:41 / 14.03.2025