Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yong‘in xavfsizligi institutida O‘zbekistonda AES qurilishi va uning xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi institutida «O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi va uning xavfsizligi masalalari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Fanlar Akademiyasi (FA) prezidenti Behzod Yo‘ldoshev, akademiklar, Yadro fizikasi instituti mutaxassislari, O‘zbekiston Milliy universitetining «Yadro fizikasi» kafedrasi hamda Yong‘in xafsizligi institutining professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etishdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev atom energiyasining afzalliklari va uning xavfsizligini ta'minlash haqida so‘z yuritdi.
«O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan AESda 21 ta mustaqil xavfsizlik nazorati tizimi ishlaydi. Unga zarar yetkazishni istagan hech bir inson maqsadiga erisha olmaydi. U kamida 60 yil davomida kafolatli xizmat ko‘rsatadi», - deydi FA prezidenti.

Uning taqdimotiga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha elektr energiyasining 40 foizi ko‘mirdan olinadi, ekologik nuqtai nazaridan qaralganda, bu juda yomon. AES esa «yashil» energiya manbai hisoblanadi.
«AQShda 95 ta reaktor ishlaydi, shulardan 69 tasining ekspluatatsiya muddati yana 20 yilga uzaytirildi. Birlashgan Arab Amirliklari neft-gazga boy bo‘lsa-da, 4 ta blok qurmoqda, har biri - 1200 Mvt. Saudiya Arabistoni yana 4 ta blok qurish uchun tender e'lon qildi. Dunyoning seysmik jihatdan eng xavfli hududlaridan biri hisoblangan Turkiya 4 ta blok qurmoqda. Xitoy - 38 ta, Hindiston - 16 ta, Pokiston - 8 ta blok quryapti. Yevropa markazida joylashgan Vengriya 2 ta blok qurmoqda. Bundan tashqari, Finlyandiya, Bolgariya va boshqa davlatlarda ham AES qurilmoqda. Xitoy 2050 yilgacha 50 foiz elektr energiyasini aynan atom energiyasidan olishga erishmoqchi. Nima uchun? Sabablari: AES - toza, «yashil» va eng arzon energiya manbai», - deya ma'lumot berdi Behzod Yo‘ldoshev.
Tadbir doirasida kursantlar va o‘qituvchilar Fanlar Akademiyasi prezidentiga AESga doir savollar bilan yuzlanishdi va ularga javoblar olishdi.
«O‘zbekiston Markaziy Osiyoda aholisi bo‘yicha yetakchilik qiladi, elektr energiyaga bo‘lgan talab ham shunga muvofiqdir. Shu kunga qadar meni ko‘proq AESlarining xavfsizlik masalalari o‘ylantirar edi. Bugungi olgan bilimlaridan keyin, to‘g‘risi, ancha ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Radiatsion suvning izolyatsiyalanganligi, radioaktiv chiqindilarning aholidan ancha uzoq joylarga olib borib tashlanishi yoki radioaktiv izotiplardan foydalanishda to‘liq xavfsizlik choralari ko‘rilganligi, zilzila va suv toshqinlari ehtimoli yuzasidan ularning avtomatik ravishda o‘chirilishiga oid ma'lumotlarni olib, qanoat hosil qildim», - deydi Yong‘in xavfsizligi instituti «Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar markazi» katta serjanti Ilhom Bekpo‘latov.

Ta'kidlash joizki, Yong‘in xavfsizligi institutida ham xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan va qurilayotgan AESlarda yong‘inlar profilaktikasi talablari va tartibini, yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni tadqiq etish bo‘yicha Ishchi guruhi shakllantirilgan, tegishli tahliliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etilgan.
Video: Mover (tas-ix)
Mavzuga oid
16:41 / 22.05.2025
2026 yildan O‘zbekistonda AES sovitish tizimlarini ishlab chiqarish boshlanadi
16:51 / 13.05.2025
«Rosatom» O‘zbekistondagi kichik AES bloki uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshladi
08:35 / 08.05.2025
Forishda kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi
21:20 / 28.04.2025