Jahon | 07:53 / 05.04.2019
9662
2 daqiqa o‘qiladi

Maduro Venesuela bo‘ylab suv zaxiralashni buyurdi 

Foto: MARCO BELLO/ELN

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro butun mamlakat bo‘ylab elektr ta'minotidagi uzilishlar holatiga aholini suv bilan ta'minlash uchun suv to‘plash punktlarini tashkil etishni buyurdi.     

“Men barcha venesuelaliklar hayotiy muhim tizimlarga imperialistik hujumlarga qarshi kurashning ushbu bosqichida suvni tejash va uni zaxiralash bilan shug‘ullanishlarini talab qilaman”, deb aytgan Maduro televideniye orqali.

Maduro aholini barcha bo‘sh idishlarga suvni zaxiralashga chaqirgan va suv uchun sisterna va baklar ishlab chiqaruvchi fabrikaga ishlab chiqarish quvvatini oshirish topshirig‘ini bergan.

Maduro suv uzatishning elektr ta'minoti bilan bog‘liq barcha obektlari har kuni hujumlarga uchrayotganini ma'lum qilgan.

“Men oxirgi hujum oqibatida yetkazilgan ulkan zarardan keyingi tiklash ortidan kuzatmoqdaman. Har kuni elektr uzatish liniyalariga hujumlar sodir etilmoqda, biroq biz oldinga intilmoqdamiz”, deb aytgan Maduro.

Venesuela suv ta'minoti vaziri Evelin Vaskesning ma'lum qilishicha, mamlakatdagi nasos stansiyalarining ishi to‘liq tiklangan, biroq suv hali ham hamma hududlarga yetib bormagan.

“Biz olg‘a bormoqdamiz va xalqni osoyishtalikka chaqiramiz. Birinchi navbatda eng nochor hududlarda suv ta'minotini tiklash ustida ishlamoqdamiz, so‘ngra o‘rta sinf, undan keyin boylar yashaydigan tumanlarga o‘tmoqdamiz”, deb aytgan vazir. 

Venesuelada o‘tgan hafta oxirida elektr ta'minotida katta ko‘lamli uzilishlar yuz berdi. Hukumat elektr ta'minotiga yangi hujumlar sodir etilganini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid