Jamiyat | 18:40 / 05.04.2019
8911
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda xalqaro festivalning ichki tanlovi boshlandi

Termiz shahrida o‘tkazilayotgan birinchi Xalqaro baxshichilik san'ati festivali doirasida ichki tanlov — Respublika baxshilar musobaqasi tashkil etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun 100dan ortiq mahalliy baxshi, jirov, oqin va baxshilar istak bildirishgan. Ishtirokchilarning san'at yo‘nalishidagi farqlar inobatga olinib, tanlov 3 yo‘nalishda, xususan, ochiq ovoz, ichki ovozda doston aytadigan baxshilar va jirov, oqinlar yo‘nalishida o‘tkazilishi belgilandi. 

Tashkiliy qo‘mita ma'lumotida ta'kidlanishicha, tanlov natijasiga ko‘ra 3ta nominatsiyada g‘oliblar alohida mukofotlar bilan taqdirlanadi. Unga muvofiq:

-  «Eng yaxshi ayol baxshi»

-  «Eng yoshi ulug‘ baxshi»

-  «Eng yosh baxshi»

nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan tanlov ishtirokchilari, bundan tashqari 20ta rag‘batlantiruvchi mukofot egalariga alohida sovrinlar topshiriladi. 

Tanlov tashkiliy qo‘mitasi baxshilarning dostonlarni yaxshi bilish shartini ustun qo‘yib, istalgan dostondan parcha aytib berishini so‘rashi belgilandi. Bunda ichki ovozda doston aytuvchilar «Alpomish», tashqi ovozda aytuvchilar esa «Oshiq G‘arib va Shohsanam», jirovlar «Edigey», oqinlar erkin mavzuda chiqish qilishi so‘raladi.

Mavzuga oid