O‘zbekiston | 08:49 / 06.04.2019
42970
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident videoselektoridan keyin Soliq qo‘mitasida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Davlat soliq qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Davlat budjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda DSQ markaziy apparati shaxsiy tarkibi va poytaxtdagi tuman inspeksiyalari rahbarlari, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari va tuman hokimlari o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Ma'lumki, prezident budjet daromadlari prognozini bajarmagan Toshkent shahrining yettita tumani inspeksiyalari rahbarlari ishini keskin tanqid qilgan edi.

Ta'kidlanganidek, soliq to‘lovchilar Toshkent shahar soliq organlarining ishi va xatti-harakatlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni hali sezmayapti. Soliq qonunchiligiga rioya etish bo‘yicha profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlarini amalga oshirish o‘rniga, ayrim xodimlar qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga soliq to‘lovlarini to‘lamaslikning aylanma yo‘llarini taklif qilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan faoliyati tanqid qilingan Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari inspeksiyalari boshliqlarining o‘z lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risidagi Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i e'lon qilindi.

Yig‘ilishda Toshkent shahri davlat soliq xizmati organlarining xodimlar tarkibini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish, ularning lavozimiga layoqatliligi darajasini baholash, xizmat vakolatidan chetga chiqqan holatlar aniqlangan taqdirda, mehnat shartnomasini bekor qilish zarurligi qayd etildi.

Aynan bu yo‘nalishda ish olib borish uchun maxsus ishchi komissiyasi tuzilib, tizimga zamonaviy dunyoqarashga ega, o‘z ishiga mas'uliyatli yosh mutaxassislarni jalb qilish vazifa qilib qo‘yildi. Soliq organlariga oshkora tanlov asosida ishga qabul qilish va ular uchun kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga maxsus dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda, kameral nazorati, xronometraj ko‘zdan kechirish, pasportlashtirish, ekspress-o‘rganish kabi soliq nazorati usullarini samarasiz foydalanilayotganligi, jumladan, kunlik naqd pul tushumiga ega avtoturargohlar, transport xizmati ko‘rsatish muassasalari, yirik savdo komplekslarini ijaraga berib, daromad olayotgan mulk egalarining daromadi soliqqa tortilmayotganligiga jiddiy e'tiroz bildirilib, bu sohalarda soliqlarni yig‘uvchanligini oshirish vazifalari belgilab berildi, deyiladi xabarda.

Soliq organlarida korrupsiyani bartaraf etish uchun imkon qadar inson omilidan voz kechish, hujjatlarni qog‘oz shaklidan elektron ko‘rinishga o‘tkazish va bu o‘z navbatida tadbirkorlarning vaqti hamda sarf-xarajatlarini kamaytirishga olib kelishi ta'kidlangan.

“Eng muhimi, yangi soliq islohotlarini joriy etilishi asnosida tadbirkorlar tomonidan hisobotlarni to‘ldirishda ayrim xatoliklarning uchrashi tabiiyligi va bunday holatda, ularning javobgarliklarini belgilashdan oldin yetakchi xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, xatosini to‘g‘rilash imkoniyatini berish amaliyotidan foydalaniladigan bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda har tomonlama yordam berish va ularning ishonchli hamkoriga aylanish asosiy vazifa qilib qo‘yildi”, - deyilgan axborotda.

Bundan oldin, poytaxtning 7ta tumanida bosh soliqchilar ishdan olingani, shuningdek, Toshkent shahridagi hokimlar jiddiy ogohlantirilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid