Jahon | 15:29 / 09.04.2019
7036
3 daqiqa o‘qiladi

Isroilda parlament saylovlari: Netanyaxu o‘z lavozimini saqlab qoladimi?

Foto: REUTERS

9 aprel kuni Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda, uning yakunlariga ko‘ra amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyaxuning o‘z lavozimini saqlab qolishi oydinlashadi, deya xabar bermoqda Euronews.

Uning asosiy raqibi - Isroil Mudofaa armiyasi Bosh shtabi sobiq boshlig‘i Beni Gans. U «Kaxol-Lavan» (Isroil bayrog‘i rangiga ko‘ra - «Oq-ko‘klar») siyosiy blokiga rahbarlik qiladi. Gans butun faoliyati davomida armiya tuzilmalarida xizmat qilgan va oldin siyosatga deyarli aralashmagan.

Beni Gans
Foto: REUTERS

Biroq harbiy xizmat yuksak qadrlanadigan Isroilda general Gansning hayotiy yo‘li ko‘pchilikda, ayniqsa, harbiy doiralarda juda hurmat qilinmoqda. Uni sobiq hamkasblari, Isroil sobiq mudofaa vaziri Moshe Yaalon va TsAXAL (Isroil Mudofaa armiyasi) sobiq rahbari Gabi Ashkenazi ham qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Agar Netanyaxuning partiyasi - «Likud» saylovlarda g‘alaba qozonsa, unda u Isroil hukumatiga beshinchi marta rahbarlik qiladi va Isroil asoschisi David Ben-Gurionni ham hokimiyat tepasida qolish muddati bo‘yicha ortda qoldiradi.

Tahlilchilar qaysi nomzod nisbatan ko‘proq imkoniyatga ega ekanligi bo‘yicha bahs qilayotgan bo‘lishsa-da, ularning bari bir fikrni inkor etmayapti: saylovoldi poygasi yetakchilari Falastin - Isroil mojarosini baribir hal qila olmaydi. Aftidan, ular hatto bunday vazifani ham o‘z oldiga qo‘ymayapti.

«Kim g‘alaba qozonishi muhim emas. Binyamin Netanyaxu va Beni Gans mojaroga yechim topa olmaydi, aksincha, uni keskinlashtirib yuborishlari mumkin, - deydi siyosatshunos Mahmur Abu Said. - Netanyaxu egallab olingan hududlarda yahudiylar qishloqlarini qurish davom etishi va hattoki, Iordan daryosi g‘arbida yerlarni egallab olishga tayyor ekani haqida ma'lum qildi. Gans esa Falastin muammosini hal qilish uchun haqiqiy reja taqdim etmadi».

Boshqa nomzodlar o‘zaro taqqoslanganda, Netanyaxu boshqa vazn toifasida ekani, jahondagi qudratli davlatlar yetakchilari bilan yaqin aloqadaligi oydinlashadi. Biroq, Knessetga saylovlarda isroilliklarni nafaqat amaldagi bosh vazirning tashqi siyosiy yutuqlari, balki mamlakat ichidagi vaziyat ham qiziqtiradi.

Saylovlardan bir necha oy oldin Netanyaxuning pozitsiyasi qator siyosiy ziddiyatlar, shu jumladan korrupsiya bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar tufayli biroz zaiflashdi. Beni Gans aloqador bo‘lgan so‘l markazchilar pozitsiyasi esa sezilarli darajada mustahkamlandi.

Mavzuga oid