Jahon | 21:53 / 10.04.2019
18189
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvanlik ayolning ko‘zidan unga joylashib olgan arilar chiqarilib olindi 

Foto: Sputnik / Vitaliy Ankov

Tayvan shifoxonalaridan birining shifokorlari 29 yoshli ayolning ko‘zidan tirik arilarni chiqarib olishdi. Bu haqda The Daily Mail nashri ma'lum qildi. 

Ayol biror yuqumli kasallikni orttirib olganidan xavotirda, ko‘zidagi qattiq og‘riqdan shikoyat bilan shifokorlarga murojaat qilgan.

“Biz qarindoshimizning qabrini tozalayotgandik. Men cho‘kkalab olib, o‘tlarni yulayotgandim. Keyin yuzimga shamol urib, ko‘zimga nimadir tushdi. Men uni suv bilan yuvib tashladim, biroq kechga yaqin u qichishib, yoshlana boshladi”, deb eslamoqda voqeani ayol.

Shifokorlar ayolni ko‘zdan kechirishganda, uning ko‘zida 4 ari joylashib olganini aniqlashgan. Arilar kun davomida ko‘z yoshi chiquvchi yo‘ldagi moddalar bilan oziqlanib, teri infeksiyasi va muguz pardasi yallig‘lanishini keltirib chiqargan.

Ushbu arilar galiktid oilasiga mansub bo‘lib, ularni inson teri hidi jalb qiladi. Bu arilar odatdagi arilardan kichikroq bo‘lib, kiyim ostiga va sochlar orasiga kirib olishi va allergik reaksiya qo‘zg‘atishi mumkin. Tayvanlik oftalmologlarning ta'kidlashlaricha, ayol bilan yuz bergan hodisa dunyo amaliyotida hali uchramagan.

Mavzuga oid