Sport | 19:00 / 10.04.2019
21403
7 daqiqa o‘qiladi

Tizim. Biz qachon muvaffaqiyatga erishamiz?

2009-2012 yillarda Pep Gvardiola «Barselona»ni Yevropaning eng kuchli klubiga aylantirganda, esingizda bo‘lsa, «La Masiya» akademiyasi haqidagi maqolalar, ma'lumotlar ham ko‘payib ketgandi. Rostdanam, o‘sha tarkibda klubning juda ko‘p tarbiyalanuvchilari to‘p surishgan – Messi, Puyol, Inesta, Xavi, Valdes, Pike, Fabregas, Buskets, Pedro, Alkantara, Telo, Kuenka – hozir esimga kelganlaridan butun boshli, kuchli tarkib hosil qilish mumkin.

Hamma «La Masiya» tajribasini o‘rgana boshlagan – u yerda ta'lim juda qattiq ekan, intizomni birinchi o‘ringa qo‘yisharkan, juda kuchli murabbiylar ishlar ekan, ma'lum bir uslubga moslab yetishtirar ekanlar va hokazo. Balkim mana shunday ma'lumotlarni o‘qib turib, «Barselona» muxlislari yaqin ellik yilda ularni hech kim to‘xtata olmasligi va hatto yangi yangi Messilar har besh yilda «konveyer»dan chiqib turishiga ham ishongan bo‘lishlari mumkin.

Lekin yillar o‘tdi. Yuqorida sanalganlardan ikki futbolchi hamon «Barselona»da o‘ynamoqda. «La Masiya»ning keyingi bitiruvchilari esa, biri «Vulverhempton»da zaxirada tushib turibdi, yana biri «Uotford»da o‘ynaydi, yana Ispaniyaning turli jamoalarida o‘ynayotganlar bor, masalan, Sandro Ramires «Malaga» tarkibida sobiq klubiga gol urib, qattiq nishonlavorgani uchun muxlislar yomon ko‘rib qolishgan. Hozir u Sosedadda. Yana Ektor Bellerin, ko‘pchilik balki bilmas, ammo uning ham «La Masiya» tarixi bor.  

«Barselona» tarkibida esa, Jordi Alba «Valensiya»ga ketishdan oldin aynan «Barselona» akademiyasida shug‘ullangan, Serjio Roberto ba'zi ba'zida asosiy tarkibda ko‘rinadi, Rafinya jarohatlangan. Yana bir necha nafar ba'zi o‘yinlarda zaxiradan maydonga tushib turgan, kelajagi noma'lum yoshlar bor. Ya'ni, bugungi holat «La Masiya»ning aytaylik, boshqa klublar akademiyalaridan yaqqol ustunligini ko‘rsatmay qo‘ydi. «Barselona» esa, so‘nggi yillarda 100 milliondan qimmat futbolchilarni eng ko‘p sotib olgan jamoa bo‘lib turibdi. Hatto, tayyor yulduzlarni jalb qilishni xush ko‘radigan «Real» tarkibida muvaffaqiyatli tarbiyalanuvchilar ko‘proqdek.

Nima bo‘ldi, demak hammasi iqtidorlarning tug‘ilishiga bog‘liq ekan-da, yangi Inesta tug‘ilmasa, har qanday tizim ham yangi Inesta ishlab chiqara olmas ekanda?

Boshqa tomondan, o‘sha muvaffaqiyatli «Barselona» davridagi futbolchilar yoki masalan, «Fergi bolalari» bo‘lib 90-yillarda Yevropani zabt etgan «Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchilarning biografiyasini o‘rgansangiz, ularning bu darajada yetishishiga tizimning ahamiyati katta ekanini ko‘ramiz. Aytaylik, «Barselona»dagi tizim Messining yetishib chiqishi, undan oldingi va keyingi tarbiyalanuvchilar bilan jips bo‘lib, ajoyib jamoaga aylanishlari uchun ideal mos edi. Aynan shu tizimdan chiqqan Pep Gvardiola Messining o‘sishi uchun Ronaldinodan voz kechadi, Busketsga ishonib, Van Bommel bilan xayrlashadi. Klub – murabbiy – futbolchilar o‘rtasidagi uyg‘unliksiz balki biz o‘sha «Barselona»ni ko‘rmasmidik...

Masalan, hozir «Manchester Yunayted» safida bir qator tarbiyalanuvchilar to‘p surmoqdalar, Sulsher qo‘l ostida urilgan 40 goldan 21tasi aynan tarbiyalanuvchilar hisobiga yozilgani bugungi sharoitlarda juda katta natija. Ammo bu holatga sistematik yondashuv sababmi? Menimcha, yo‘q. Pogbani bir paytlar qo‘yib yuborib, keyin rekord narxga qaytarib olib kelishdi. Lingard uzoq yillar ijarama-ijara yurib, o‘z vaqtini kutdi, yomoni, «Manchester Yunayted» darajasi o‘zi bilan tenglashgan paytdagina maydonga tusha boshladi. Reshfordning faoliyati ertaknamo boshlangan, uni olib chiqqan murabbiy esa, o‘sha Xavi va Inestalarni kashf etgan Lui van Gaal bo‘lsa-da, aslida, tasodifdan ulush ko‘proq. Lui davrida «MYu»da debyut qilgan akademiya vakillari hozir sochilib ketgan, hech qaysisi yakunda jamoa o‘yinchisi bo‘lib qolmadi.

Fergyuson futbolga olib kelgan «bolalar» esa, sistematik tarzda, asta-sekin, bosqichma-bosqich, birgalikda tarkibga kirib borishgandi. O‘sha davrda juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tizim ulardan mana shunday yulduzlar yasagandi.

So‘nggi yillarda futbolimizdagi yulduzlarga e'tibor bering: Shatskix, Denisov kabi futbolchilar juda yoshligida O‘zbekistonni tark etib, Rossiyada o‘sishgan va shu darajaga yetishgan. O‘smirlar yoki yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda nafaqat Osiyoda, balki dunyo miqyosdagi turnirlarda ham ko‘zga ko‘ringan futbolchilarimiz esa, keyinchalik kutilgan darajada o‘sa olishmadi, singib ketishdi.

Aytmoqchimanki, qaysidir pallada iqtidorli futbolchilarning paydo bo‘lishi muvaffaqiyatli jamoani paydo qilib qo‘ymaydi. Yoki juda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim ham buning yagona sababi emas. Haqiqiy rivojlanish uchun mana shu ikki faktor uyg‘unlashishi kerak.

Qachondir yangi Qosimovlar, yangi Shatskix yoki Krasnitskiylar futbolimizda paydo bo‘lsa, yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz, hozirgi saviyamiz shu, deb o‘tirish noto‘g‘ri bo‘ladi, demak. Chunki, yurtimiz mana shunday tug‘ma iste'dodlarni bergani bilan, biz u avlodlarni tizimsizlik tufayli yo‘qotib qo‘ydik, ular bilan asosiy maqsadlarimizga yeta olmadik.

2011 yilda Meksikadagi jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi safida porlagan Timur Hakimov
bugungi kunda «Qo‘qon-1912» klubida zaxira futbolchisi

Haqiqiy iste'dodlar futbolimizda qachon chiqishining aniq vaqtini bilmas ekanmiz, demak bizdan kutiladigani kuchli, ishlaydigan barqaror tizimni yaratishdir. Ana o‘shanda, futbolimizda paydo bo‘ladigan bo‘lajak yulduzlar yo‘qolib qolmaydi. Ularning iqtidori biz yaratgan tizim bilan uyg‘unlashib, muvaffaqiyatlar sari boshlaydi. Boshqa yo‘li bo‘lmasa kerak.

Qahramon Aslanov