O‘zbekiston | 09:54 / 12.04.2019
8959
3 daqiqa o‘qiladi

Zalmay Xalilzod Shavkat Mirziyoyevga AQSh O‘zbekistonning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi

11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzodni qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari mehmonni samimiy qutlab, ochiq muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh hamkorligi jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.

Turli darajadagi faol muloqot, konstruktiv siyosiy hamkorlik, izchil parlamentlararo aloqalar, yangi qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari, kengayib borayotgan gumanitar almashinuv – bularning barchasi O‘zbekiston va AQSh strategik sherikligida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Afg‘onistondagi vaziyatni hal etishda mamlakatlar hamkorligining holati va istiqbollariga baho berildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan an'anaviy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda barqarorlik o‘rnatilishi va iqtisodiyot qayta tiklanishiga amaliy hissa qo‘shish tarafdori ekanini qayd etdi. 

Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashda afg‘on xalqining bosh rolini nazarda tutgan holda xalqaro hamjamiyat sa'y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi. 

Zalmay Xalilzod samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoning salomini yetkazdi.

Maxsus vakil mamlakatning Afg‘oniston xalqiga har tomonlama, jumladan, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish orqali yordam berishga qaratilgan siyosatini yuksak baholadi.

AQSh O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish borasidagi konstruktiv sa'y-harakatlarini, xususan, Afg‘oniston hukumati vakillari ishtirokidagi muloqotning navbatdagi davrasini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotgani ta'kidlandi.

Bundan tashqari, joriy yilda Toshkent shahrida  Afg‘oniston bo‘yicha sakkizinchi Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VIII) vazirlar uchrashuvining o‘tkazilishi qo‘shni davlatlarga Afg‘onistonning tinch rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish imkonini beradi.
 
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash maqsadida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar.

Bundan oldin, O‘zbekiston va AQSh Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid