Tanganing ikki tomoni: Toshkentdagi «snos» mojarosida kim nima deydi?
2018 yilning noyabr oyida Kun.uz tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev murojaati asosida surishtiruv o‘tkazgandi. Bu murojaat bo‘yicha tayyorlangan «Bir kunda 600 ming dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotdim». Toshkentda tadbirkor qurayotgan uylar buzib tashlandi» sarlavhali maqolada tadbirkorning Mirzo Ulug‘bek tumani «Avayxon» mahallasi hududida qurilayotgan 3 qavatli turar-joy binosi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev nazoratida buzib tashlangani bayon qilingandi.
Ma'lum muddat o‘tgach, tadbirkor muammolari chet el ommaviy axborot vositalarida ham yoritildi. Muhammadbobur Xo‘jayev Toshkent shahri hokimini shahardagi qurilish bozorini «monopoliyaga aylantirish»da, arzon uy qurayotgan tadbirkorni «qurilish bozoridan siqib chiqarish»da ayblagandi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Avvaliga, 28 mart kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati OAVda e'lon qilingan «axborot xurujlari»ga munosabat bildirdi. Unda «biznesda omadi yurishmagan tadbirkor isbotsiz shov-shuvli materiallar bilan mahalliy hokimiyat idoralari nomini qora qilayotgani» tanqid qilingandi.
5 aprel kuni esa Toshkent shahar hokimligida jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘layotgan muammo yuzasidan matbuot uchun brifing bo‘lib o‘tdi va unda tanganing ikkinchi tarafi ham ko‘rindi. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev brifingda muammo yuzasidan fikrlarini aytib o‘tdi va investor bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishga tayyorligini ma'lum qildi.
«Tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayevni umrimda ko‘rmaganman, gaplashmaganman ham. Men to‘g‘rimda ommaviy axborot vositalarida har xil fikrlar bildirmoqda. Tadbirkor bilan alohida ham, ommaviy axborot vositalari oldida ham suhbatlashishga tayyorman. Marhamat, kelsin.
O‘sha is gazidan nobud bo‘lgan insonlar, u qurgan uylar va uni qabul qilib olgan mansabdor shaxslar yuzasidan sud ishlari ketmoqda. Kerak bo‘lsa, hammasi jinoiy javobgarlikka tortiladi», - deydi shahar hokimi. Shundan so‘ng hokim rejalashtirilgan rasmiy uchrashuvlari borligini aytib, brifingni davom ettirishni o‘z vakillariga topshirdi.
Brifing davomida tadbirkor tomonidan qurilgan uylarda yashovchi fuqarolar murojaati aks etgan video namoyish etildi. Unda tasvirlangan uylar hech qancha vaqt o‘tmay, ayanchli holga kelib qolganini, uylarda yomg‘ir suvi ketadigan arig‘-u quduqlar ham yo‘qligi, devor o‘rniga gipsokartondan foydalanilgani, uylar poydevorsiz qad rostlagani uchun xonadon polidan o‘tlar o‘sib chiqqanini, uylar bir-biriga juda yaqin qilib qurilgani, yong‘in xavfsizligi va boshqa talablarga umuman javob bermasligini ko‘rish mumkin. Fuqarolar bu holatlardan juda ham noroziliklarini ifodalashgan.
Brifingga kelgan «Avayxon» MFY faollari va o‘sha yerda yashovchi fuqarolar birin-ketin fikr bildirishni boshlashdi. «Avayxon» MFY faoli Gulchehra Nazarmuhammedovaning so‘zlariga ko‘ra, u oilasi bilan 2017 yilning dekabr oyida shu uylardan biriga ko‘chib o‘tgan. O‘sha vaqtda qabul qilib olinganida sharoitlar juda yaxshi bo‘lgan. Biroq keyinroq uyda kamchiliklar paydo bo‘la boshlagan.
«Bor yo‘g‘i ikki oygina baxtli yashadik. Ozroq bo‘lsa ham baxtni his qildik. Chunki juda ko‘p qiyinchilik ko‘rib, oxiri erishgan uyimiz edi. Lekin bir ahmoq, kechirasizlar-u, yana qaytarib aytaman - «moshennik»ning qo‘liga tushib qoldik. U odamlarni laqillatgani uchun 3 marta sudlangan ekan. Mana shu Ravshan Zokirov.
Muhammadbobur Xo‘jayev masalasiga to‘xtalsak, bu investor hech kim bilan uchrashmaydi. Chet el ommaviy axborot vositalarida hokimlar uning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda. Lekin hokim o‘z ishini qilmoqda. Shaharda sharoitlari yaxshi uylar qurilmoqda. Kerakli joyda o‘z yordamini bermoqda», - deydi mahalla faoli.
Buni yig‘ilishda qatnashgan boshqa fuqarolar ham tasdiqlashdi. Ular ham o‘z e'tirozlarini bildirib o‘tishdi.
Brifingda qatnashgan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi o‘rinbosari Abdulaziz Abdulhakov agar sud tartibida talabga javob bermaydigan uylar buzilsa, o‘sha yerda yashovchi fuqarolar uyiga kuyib qolmasligi, u o‘z taklifini tayyorlayotgani, yangi investor kelib 12 qavatli uy qurishi va o‘sha yerda yashovchi fuqarolar ko‘chib o‘tishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimi Baxtiyor Po‘latov ham o‘z munosabatini bildirdi.
«Avvaliga tadbirkor uyni o‘zi uchun qurishini aytib, tegishli tashkilotlardan hujjat oladi. Uyni qurayotganda o‘sha shaxs qo‘shnilaridan boshqa hech qaysi tashkilotdan ruxsat olmaydi. Uyi bitgach, tayyor bo‘lgan xonalarni bitta-bitta sota boshlaydi. Qonunan hammasi to‘g‘ri amalga oshiriladi.
Shuning uchun bunday qurilishlar ustida hech kim turmaydi, hech kim nazorat qilmaydi. Tegishli ko‘rsatmalar ham bermaydi. Odatda, qurilish tashkilotlari binoni qurib bitkazganidan so‘ng, hokimlik tomonidan tegishli tartibda qabul qilib olinadi. Bunday uylarda unday tartib mavjud emas», - deb o‘sha tadbirkor qanday faoliyat yuritganini tushuntirib berdi boshqarma vakili.
Yig‘ilish so‘ngida hokimlik vakillari albatta aybdorlar jazolanishi va davlat jabrlanganlarni o‘z himoyasiga olishini ta'kidladi.
Brifing tugagach, investor Muhammadbobur Xo‘jayev va tadbirkor Ravshan Zokirovdan ham yuqoridagi holatlar bo‘yicha izohlar oldik. Investorning aytishicha, o‘sha voqealardan so‘ng unga nisbatan bosim kuchaygan. Uning investitsiyasi asosida qurilgan 4ta obekt buzilishga tushgan. Hozirda ular yuzasidan sud ishlari ketmoqda.
«Brifing yuzasidan gapiradigan bo‘lsak, Gulchehra Nazarboyeva yashayotgan uyni men qurmaganman. Bu ayolning oldiga borsam, menga muomalasi yaxshi. Boshqa joyda bizni yomonlash bilan ovora. U oldi-sotdi shartnomasini ko‘rsin. U uyni men qurmaganman. Mening quruvchilarim o‘rtada vositachi bo‘lib o‘sha yerdagi uylarni sotishga yordam berishgan, xolos.
O‘t o‘sib chiqqan uyni ham men qurmaganman. Nega men qurayotgan uylarni kameraga olishmadi? Marhamat olishsin. Meni yomonlab yoritayotgan jurnalistlar, iltimos, ikki tomonning fikrini o‘rganinglar. Keyin materialni yoritinglar.
«Avayxon»da sud qarorisiz buzib tashlangan mulkim masalasiga kelsak, hokimiyat boshqa binolarimizga tegmasligi uchun ichki ishlar xodimlariga bino qurishimiz lozimligini aytgandi. Avvaliga rozi bo‘lmagandik. Shunda binolarimiz masalasida sudlar boshlandi. Keyin 180 ming AQSh dollari sarf qilib, ichki ishlar xodimlari uchun zamonaviy bino qurib berdik. Sud arizalari ham o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ldi.
Yunusobod tumanining «Xushnavo» degan hududida 10ta uy qurgandik. Ular 2018 yilning iyun oyida sotilgandi. Uyning egasi is gazi chiqib ketadigan havo so‘rgichni yopib qo‘ygan. Biz topshirish-qabul qilish hujjatlarida topshirgan loyihani o‘zgartirgan. Shuning natijasida o‘sha yerda yashayotgan ustalar gazni yoniq qoldirishgan va vafot etishgan. Ko‘pchilik bizni ayblamoqda. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan sud ishlari ketmoqda. Ekspertiza natijalarini kutyapmiz. Hamma joyda biz aybdor sifatida ko‘rilmoqdamiz. Biroq biz aybsizmiz. Aybimiz isbotlansa, keyin aybdor deyilsa bo‘ladi.
Menda unga qarshi dalillar bo‘lgani sabab shunday fikrlar bildirishga majbur bo‘ldim. Balki, uning atrofidagi yoki mening atrofimdagilar shunday nizolardan manfaatdordir. Har xil gaplar tarqalmoqda. Shularning oldini olish uchun meni eshitishsa, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan ochiq muloqotga tayyorman», - dedi Muhammadbobur Xo‘jayev.
Brifingda yig‘ilganlarga namoyish qilingan videodagi quruvchi tadbirkor Ravshan Zokirov bilan ham suhbatlashdik. U o‘sha kuni uni yashirin kamera orqali tasvirga olishgani va ommaga uning ruxsatisiz namoyish qilishganini aytib norozi bo‘ldi.
Uning tushuntirishicha, ularning firmasi boshqalarga nisbatan arzon uylar qurish bilan shug‘ullanadi. Davlat tomonidan fuqarolarga «propiska» bo‘yicha yengilliklar berilgach, ularni bozordan siqib chiqarish bo‘yicha har xil to‘siqlar paydo bo‘la boshlagan.
«Bir xonali uylarimizning narxi 100-110 million so‘mni tashkil etadi. To‘g‘ri, maydoni kichkina, lekin hamyonbop va barcha sharoiti yetarli. Bitmagan holda topshirmaymiz. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 8 balli zilzilaga bardoshli», - dedi Ravshan Zokirov.
Ikki tomonning fikrlari o‘rganilgach, o‘z-o‘zidan bir necha savollar paydo bo‘ldi. Xo‘sh, tadbirkor va investor muammolari qachon hal etiladi? Shahar hokimi va investor o‘rtasida muloqot o‘tkaziladimi? Tomonlar vaziyatga adolatli yechim topishadimi? Aybdorlar o‘z jazosini oladimi? Oddiy aholining uyi buzilsa, ularga yangi uy beriladimi? Tadbirkorning sud qarorisiz buzib tashlangan uyi masalasi nima bo‘ladi? Is gazidan vafot etganlar o‘limida kim aybdor?
Hozircha bu savollar ochiq qolmoqda. Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
tasvirchi Sherzodbek Egamberdiyev
Mavzuga oid
18:07
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024