Fan-texnika | 23:42 / 18.04.2019
30155
2 daqiqa o‘qiladi

Yilning eng yaxshi avtomobili tanlovi g‘olibi e'lon qilindi 

Foto: motor.ru

17 aprelda Nyu-Yorkdagi avtosalonda “Jahonning yil avtomobili” tanlovi g‘olibi e'lon qilindi. Bu yuksak unvonga Jaguar britan markasining to‘liq elektr kuch qurilmali ilk avtomobili I-Pace loyiq deb topildi. Jaguar Land Rover guruhi uchun bu unvon tarixdagi ikkinchisi bo‘ldi: 2 yil avval Jaguar F-Pace modeli dunyoning eng yaxshi avtomobili deb topilgandi.

Umuman olganda I-Pace 3 ta yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan.

Dastlab g‘oliblikka da'vogarlar ro‘yxatida 40 ta model bo‘lgan. Uchta finalchidan iborat qisqa ro‘yxat Jyenevadagi avtosalonda e'lon qilingandi. Bu ro‘yxatga Audi e-tron, Jaguar I-Pace va Volvo S60/V60 kiritilgandi. G‘olibni tarkibiga 24 ta davlatdan avtomobil sohasini yorituvchi 86 jurnalist kirgan hakamlar hay'ati tanlagan. 

Nyu-York avtosalonida yana 5 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar e'lon qilingan. “Eng yaxshi nufuzli avtomobil” yo‘nalishida Audi A7, “Eng yaxshi sportkar” yo‘nalishida McLaren 720S, “Eng yaxshi shahar avtomobili” yo‘nalishida Suzuki Jimny, “Eng yaxshi ekologik avtomobil” va “Eng yaxshi dizayn” yo‘nalishlarida I-Pace g‘olib deb topilgan.

Foto: Audi A7
Foto: McLaren 720S
Foto: Suzuki Jimny

2018 yilda “Jahonning yil avtomobili” nomiga Volvo XC60 modeli, 2017 yilda esa Jaguar F-Pace sazovor bo‘lgandi.

Mavzuga oid