Sport | 12:40 / 19.04.2019
16294
13 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi»ning rekordi va Frankfurtdagi mojaro. «Emeri Ligasi»da nima gaplar?

Foto: PA

18 aprel oqshomida Yevropa Ligasi chorakfinali doirasida javob uchrashuvlari o‘tkazildi va yarimfinalning barcha ishtirokchilari nomi ma'lum bo‘ldi.

Anchelotti yarimfinalsiz

«Napoli» - «Arsenal» - 0:1
Gol
: 1:0 – 36, Lyakazett
Napoli – Meret, Kirikesh, G‘ulom (Mariu Ruy, 71), Maksimovich (Mertens, 46), Kulibali, Zelinski, Allan, Kalexon, Fabian Ruis, Insine (Yunes, 61), Milik.
Arsenal – Chex, Koselni, Monreal, Kolashinats, Papastatopulos, Torreyra, Meytlend-Naylz, Chaka (El-Nenni, 61), Remzi (Mxitaryan, 34), Obameyang, Lyakazett (Ivobi, 68).
Ogohlantirishlar: Insine (43), Chex (74), Kalexon (90).
Birinchi o‘yin - 0:2.

«Tushunib turibmiz, «San-Paolo»dagi 90 daqiqa biz uchun juda uzun bo‘lishi mumkin», degandi o‘yin oldidan «kanonirlar» ustozi Unai Emeri. Bunday bo‘lmasligi uchun londonliklar tezkor gol o‘tkazmasligi talab qilinardi va londonliklar bu o‘yinda mezbonlar startda shturm qila olmasligini ta'minlash uchun barcha ishni qilishdi. Mehmonlar to‘pni nazorat qilishdi, to‘p raqibga o‘tgan vaqtda kuchli pressing uyushtirishdi va maydonning ikkinchi qismidayoq hujumlarni to‘xtatishga harakat qilishdi. Ammo bu hech narsani kafolatlay olmasdi, bitta xato bilan barchasi chippakka chiqishi mumkin edi. Masalan, «Arsenal» standart vaziyatdan to‘pni o‘yinga kiritgan vaqtda Obameyang to‘pni Kulibaliga oldirib qo‘ydi va mezbonlar qarshi hujumga chiqishdi, ammo Kalexon Chexni dog‘da qoldira olmadi.

Bunday holatlar Emerining rejalarida yo‘q edi, xuddi Zelinskiy bilan to‘qnashuvda jabrlangan Remzining erta majburiy almashtirilishi kabi. Bu yo‘qotish «Arsenal»ning kelgusidagi o‘yinlariga ta'sir ko‘rsatishi mumkin, ammo Neapoldagi o‘yin taqdirini Lyakazett va Meret hal qildi. Italyanlar jamoasi darvozaboni «jonli devor» qo‘yishda xato qildi va fransiyalik hujumchining zarbasiga tomoshabin bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Meret xatosini yuvishga harakat qildi va Obameyang bilan yakkama-yakka vaziyatda jamoasini goldan qutqardi. Karlo Anchelotti o‘yinda o‘zgarishlar qilish uchun maydondan Insineni oldi, «Napoli» safida yubiley - 300-uchrashuvini o‘tkazgan futbolchining o‘zi ham murabbiyning bu qarorini tushunmadi. Italiyalik futbolchida shunchaki o‘zini ko‘rsatishga imkonning o‘zi bo‘lmagandi. Emeri o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan Yevropa Ligasi Kubogini yana bir qo‘lga kiritish uchun odimlashda davom etadi.

«Ayntraxt» tarix yaratdi

«Ayntraxt» F - «Benfika» - 2:0
Gollar
: 1:0 – 36 Kostich, 2:0 – 67 Rode.
Ayntraxt F – Trapp, Abraam, Falett (Villems, 90), da Koshta, Kostich, Rode (Torro, 86), Xasebe, Gachinovich, Fernandes, Rebich, Yovich (Gonsalu Pasiense, 76).
Benfika – Vlaxodimos, Diash, Grimaldo, Andre Almeyda (Jonas, 79), Jardel, Feysa, Samaris (Pitssi, 70), Rafa Silva (Salvio, 72), Jyedson Fernandesh, Joau Feliks, Seferovich.
Ogohlantirishlar: Abraam (74), Falett (78), Rebich (83), Jonas (90).
Birinchi o‘yin - 2:4.

Lissabondagi birinchi o‘yindan keyin barcha o‘sha o‘yinda het-trik muallifi bo‘lgan 19 yoshli Joau Felish haqida gapira boshladi. Uning narxi 120 million yevroga chiqib, Yevropaning barcha grandlari unga «og‘iz sola boshlashdi». Ammo o‘sha o‘yinda ko‘pchilik e'tibor qilmagan, «Portu»tarbiyalanuvchisi Gonsalu Pasiense o‘yin oxirida «Ayntraxt»ning ikkinchi golini urgan (2:4) va nemislarga javob o‘yini oldidan umid bergandi.

Aynan shu gol hal qiluvchi golga aylandi va javob o‘yinida Lissabondagidan farqli ravishda 11 kishi bo‘lib harakatlangan frankfurtliklar (safar o‘yinining 20-daqiqasidayoq Adolf Hyutter shogirdlari bir kishi kam bo‘lib qolishgandi) kerakli natijaga erishishdi.

Kutilganidek «Ayntraxt» o‘yinni hujumkor boshladi va daqiqa sayin bosimni kuchaytirdi. Bu turnirda hali VAR joriy etilmagani nemislar foydasiga xizmat qildi - 36-daqiqada Rebich jarima maydoni tashqarisidan bergan zarba darvoza ustunidan qaytdi va bu to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Kostich hisobni ochdi. Ammo mezbonlarning bu muhim goli ofsayddan urilgandi - Rebich zarba yo‘llayotgan mahalda Kostich o‘yindan tashqari holatda edi. Videotakrordan foydalanish imkoni bo‘lmagan arbir maydon markazini ko‘rsatdi va e'tiroz bildirgani uchun «Benfika» bosh murabbiyi Brunu Lajyeni zaxira o‘rindig‘idan tribuna tomon haydadi.

«Ayntraxt» to‘xtash haqida o‘ylamadi va nemis klublarining Yevropa Ligasidagi samaradorligi bo‘yicha rekord sari intildi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Rode uzoq masofadan aniq zarba yo‘lladi va frankfurtliklarning bu turnirdagi 28-golini (nemis klublari uchun rekord) urib, jamoani so‘nggi 39 yil ichida ilk marta yevrokubok yarimfinaliga olib chiqdi (o‘sha mavsumda ular UYeFA Kubogida g‘olib bo‘lishgandi). 

«Ayntraxt» bu o‘yin arafasida «Benfika»dan  ijaraga olingan Yovichning transfer huquqini sotib olgan va u bilan 2023 yilgacha shartnoma imzolagandi. Lekin u Germaniyada uzoq ushlanib qolmasligi aniq, jamoa uni shu yozdayoq katta pulga grand klublardan biriga pullashni rejalashtirgan. Mehmonlar uchun esa alam ustiga alam - hakam o‘yin davomida «Ayntraxt» darvozasiga bir penalti bermadi va o‘yinning oxirgi daqiqalarida portugallarning zarbasi darvoza ustunidan qaytdi.

«Stemford Brij»da gollar shousi

«Chelsi» - «Slaviya» Praga - 4:3
Gollar
: 1:0 – 5 Pedro, 2:0 – 9, avtogol Deli, 3:0 – 17 Jiru, 3:1 – 25 Souchek, 4:1 – 27 Pedro, 4:2 – 51 Shevchik, 4:3 – 54 Shevchik.
Chelsi – Arrisabalaga, Kristensen, Emerson, Aspilikueta, David Luiz, Barkli (Jorjino, 70), Kovachich, Pedro (Hadson-Odoi, 87), Kante, Azar (Villian, 65), Jiru.
Slaviya – Kolarj, Deli, Borjil, Kudela, Ngade-Ngadjui, Masopust (Olayinka, 52), Souchek, Traore, Shevchik (Stox, 78), Zmrgal (Shkoda, 85), Kral.
Ogohlantirishlar: Kante (33), Souchek (53), Kudela (73), Emerson (75), Arrisabalaga (83), David Luiz (89).
Birinchi o‘yin - 1:0.

Maurisio Sarri o‘yinga imkon qadar optimal tarkib tushirdi, bir hafta muqaddam Pragada o‘tgan o‘yinda ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushirilgan Azar o‘yinni ilk daqiqalardanq maydonda boshladi. Londondagi o‘yinda belgiyalik futbolchini birinchi bo‘limdayoq zaxiraga qaytarish mumkin edi - 17-daqiqaga kelib «Chelsi» 3:0 hisobida oldinga chiqib olgandi. Ko‘klar bu o‘yinda ham g‘alaba qozonib, shu vaqtgacha faqat «Atletiko»ga tegishli bo‘lgani rekord - 15 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyani takrorlashdi.

«Stemford Brij» chiroyli hujumlar Pedro tomonidan  ajoyib gollar bilan yakunlanishiga va Jiruning navbatdagi muvaffaqiyatiga guvoh bo‘ldi. Fransiyalik futbolchi turnirda bir mavsumda kamida 10ta gol urgan tarixdagi beshinchi futbolchiga aylandi. «Chelsi» esa bu mavsumdagi gollari sonini 100dan oshirib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Manchester Siti»dan keyingi o‘rinda bormoqda.

Ko‘klar «shaharliklar» bilan nafaqat samaradorlik borasida, balki o‘z muxlislarini xavotirlantirish borasida ham bahslashishmoqda. Ikkinchi bo‘limda 3 daqiqa ichida dubl qayd etgan Shevchik hisobni «Chelsi» uchun tahlikali ko‘rinishga keltirib, chexlarni ruhlantirdi. Ammo bundan ortig‘iga uning qurbi yetmadi va o‘yinda hisob o‘zgarmay qoldi - 4:3. 

«Chelsi» bir o‘yinda APLda joriy yilda o‘z maydonidagi 7 o‘yinda o‘tkazgan gollaridan ko‘proq gol o‘tkazdi va «Slaviya» turnirni boshini tik ko‘targan holda tark etishiga imkon berdi.

«Vilyarreal» Yevropa Ligasini qurbon qildi

«Valensiya» - «Vilyarreal» - 2:0
Gollar
: 1:0 – 13 Toni Lato, 2:0 – 54 Parexo.
Valensiya – Neto, Diakabi, Ronkalya, Toni Lato, Ferran Torres, Vass, Parexo (Koklen, 62), Soler (Gabriel, 46), Gedesh (Li Kan In, 68), Gameyro, Santi Mina.
Vilyarreal – Fernandes, Ruis, Funes Mori, Kosta, Ratiu, Kaseres (Fornals, 64), Trigeros (Xavi Fuego, 74), Pedrasa, Morlanes, Raba (Chukvueze, 46), Moreno.
Ogohlantirishlar: Raba (24), Pedrasa (34), Funes Mori (53), Ratiu (61), Koklen (88).
Birinchi o‘yin - 3:1.

Ispaniya chempionatida «jon saqlab qolish» uchun kurashayotgan «Vilyarreal» («xavfli hudud»dan 2 ochko farq) Yevropa Ligasida o‘tgan haftada birinchi o‘yinda o‘z maydonida 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin bu turnirni o‘z ixtiyori bilan tark etishga qaror qilgandi. Xavi Kalexi jamoasining asosiy futbolchilari - Gaspar, Fornals, Iborra, Chukvueze va Bakkani zaxirada qoldirdi. Yakshanba kuni «sariq submarinalar»ni «Leganes»ga qarshi o‘yin kutmoqda va bu o‘yin «ko‘rshapalaklar»ga qarshi javob o‘yinidan ko‘ra muhimroq hisoblandi.

O‘yin yomg‘ir ostida kechdi. O‘yin boshida mehmonlar himoyada o‘tirishni istashmadi va hujumkor o‘ynashdi. Ammo 10-daqiqadan keyin «Valensiya» tashabbusni qo‘liga oldi, qator hujumlardan keyin Gedeshning pasidan unumli foydalangan Lato bir harakat bilan hisobni ochdi - bu 21 yoshli himoyachining «Valensiya» safidagi debyut goli bo‘ldi.

Tanaffusga qadar jamoalar bir necha martadan xavfli vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo darvozabonlar ishonchli harakat qilishdi.

Ikkinchi bo‘limda Kalexa yevrokubok bilan munosib xayrlashish uchun Chikvueze va Fornalsni maydonga tashladi, ammo bo‘lim boshida mezbonlar yana tezkor gol urishdi - Parexoning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi rikoshet orqali darvoza to‘riga borib tushdi.

2:0 - «Vilyarreal» uchun hukm. O‘yinning qolgan qismida yomg‘ir jamoalarga sifatli o‘yin ko‘rsatishga xalal berdi va tablodagi hisob o‘zgarmay qoldi.

Yevropa Ligasining yarimfinalida endi «Valensiya» bu turnirda g‘olib chiqish hadisini olgan Unai Emeri boshchiligidagi «Arsenal»ga qarshi chiqadi. «Chelsi» esa «Ayntraxt» bilan kuch sinashadi. Yarimfinal bahslari 2-9 may kunlariga belgilangan.

«Valensiya» 2013-14 yilgi ham mavsumda yarimfinalda o‘ynab bo‘lajak g‘olib - Emerining «Sevilya»sini finalga kuzatgandi. Chorakfinalda turnir favoritlaridan biri «Napoli»dan osonlik bilan o‘tgan ispaniyalik mutaxassis sobiq jamoalaridan biriga qarshi (u 2008-2012 yillarda «Valensiya»ni boshqargan) qanday o‘ynashni yaxshi biladi. Agar u bu ishni uddalay olsa, jamoasini finalda «Ayntraxt»dan bir bosh ustun bo‘lgan «Chelsi»ga qarshi boshlab tushishi, yevrokubok finali inglizcha finalga aylanishi mumkin. Ichki chempionatdagi o‘zaro o‘yinlardan kelib chiqqan holda aytsak, «Arsenal» «Chelsi»dan kuchli ko‘rinmoqda. Agar Emeri bu safar ham Yevropa Ligasini o‘ziniki qiladigan bo‘lsa, bu uning hisobidagi to‘rtinchi YeL kubogi bo‘ldi - u «Sevilya»da o‘tkazgan barcha uch mavsumida (2013-14, 2014-15, 2015-16) ham ushbu turnirda g‘olib chiqqandi.

Mavzuga oid