O‘zbekiston | 21:18 / 20.04.2019
27382
2 daqiqa o‘qiladi

Qosim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Jambul oblastida sodir bo‘lgan avtohalokat oqibatida O‘zbekiston fuqarolarining fojiali halok bo‘lishi munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

«Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘z nomimdan halok bo‘lganlarning qarindosh va yaqinlariga hamdardligim va taskinimni yetkazishingizni so‘rayman. Jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini va o‘z oilalariga qaytishlarini tilayman», - deyiladi O‘zbekiston prezidentiga yo‘llangan telegrammada.

Eslatib o‘tamiz, Jambul oblastining Qorday tumani hududida, «Olmaota-Toshkent» avtoyo‘lida yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, ulardan uch nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.

O‘zbekiston TIVning ma'lum qilishicha, shuningdek, 32 nafar fuqaro, shundan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi turli darajada tan-jarohatlari olgan, ulardan 3 nafari og‘ir ahvolda. Voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘istondagi elchixonasi xodimlari zudlik bilan yetib borishgan.

Mavzuga oid