O‘zbekiston | 15:40 / 23.04.2019
13404
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz sizdan ko‘mak so‘ramaymiz». Biznes-Ombudsmenga ishonchsizlik bildirildi

«Molochnaya kuxnya» brendi ostida faoliyat yuritib kelgan Diyor Biznes kompaniyasi Respublika DSENM tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgach, sex faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga qaror qilingandi. Diyor Biznes ijtimoiy tarmoqda tarqatgan xabarda esa biznes-Ombudsmenga ishonchsizlik bildirilgan

Gap shundaki, 5 aprel kuni Tadbirkorlik sub'yektlarini huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning (Biznes-Ombudsmen) o‘rinbosari Respublika DSENM so‘roviga ko‘ra, kompaniya faoliyatini tekshirishga ruxsat bergandi.

«Biznes-Ombudsmen qonunchilikka muvofiq, o‘rinbosarga ega. Biznes-Ombudsmen o‘z vakolatini bajarishga layoqatli bo‘lmasa, boshqa ishga o‘tganda yoki lavozimidan ozod etilganda uning o‘rinbosari barcha vakolatlarni zimmasiga olishi belgilangan. Boshqacha qilib aytganda, sizning o‘rinbosaringiz yuridik huquqqa ega bo‘lmay, tekshiruvni o‘tkazish uchun ruxsat berdi»,  — deyiladi korxona tarqatgan murojaatda. 

Diyor Biznes murojaatida Biznes-Ombudsmen emas, uning o‘rinbosari tekshiruvga ruxsat bergani shubhali bo‘lgani, aslida 4 varaq qog‘ozni o‘qib, o‘rganish aynan Biznes-Ombudsmen ishi ekanligi eslatilgan. 

Maxfiy hujjat sifatida ommaga oshkor etilmayotgan hujjatlarda Diyor Biznes korxonasidan 50 m uzoqlikda hayvonlar qabristoni bo‘lgani haqida ma'lumot OAVga aytilsa-da, qabristonning atrof-muhitga ziyoni va aholi yashash punktiga ta'siri aytilmayotir. Hanuzgacha, ilmiy asoslangan xulosa asosida rasmiy bayonot berilmadi. 

«Janob Dilmurod Sultonmurodovich, o‘z roziligingizni berish bilan birga, nega korxona faoliyati bilan qiziqmadingiz? Siz emasmi himoyaga oshiqqan advokat? Bu sizning lavozimiy burch va vazifangiz, buni Prezident va Oliy Majlis a'zolari belgilab qo‘ygan. Nega korxonamiz bu qadar yutuq va mukofotlarga erishgani bilan qiziqdingizmi? Tuman va shahar DSENM vakillar bizni doimo nazorat qilishiga e'tibor qilmadingizmi? 

O‘ylaymanki, sud ochiq bo‘ladi va barchasiga oydinlik kiritiladi», — deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, tadbirkor Shuhrat Qayumov boshqarib kelayotgan korxona faoliyati Respublika DSENM qarori bilan to‘xtatib qo‘yilgandi. Ushbu ish endilikda sudda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid