Jamiyat | 18:36 / 27.05.2019
12687
2 daqiqa o‘qiladi

«Molochnaya kuxnya» ishi: korxona yeri kimniki edi? Sud ishi davom etmoqda

27 may kuni Chilonzor tuman ma'muriy sudi «Molochnaya kuxnya» ishi  bo‘yicha eshituvni davom ettirdi. Unda kompaniya rahbari Shuhrat Qayumov mulkning o‘ziga tegishli ekanini, bunga qadar Davlat raqobat qo‘mitasining da'vosiga ko‘ra nizolashganini bildirdi va tegishli hujjatlarni taqdim etdi.

Respublika DSENM rahbari «Molochnaya kuxnya» brendi ostida ish olib borgan Diyor Biznes MChJ faoliyatini to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida qaror chiqargach, ushbu qarorni haqiqiy emas, deb topish uchun kompaniya vakillari sudga murojaat qilgandi.

Gap shundaki, DSENM kompaniya faoliyatini to‘xtatib qo‘yishda turli vajlar, xususan Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish institutida («Molochnaya kuxnya» korxonasiga yaqin hududda)  atrof-muhit uchun katta xavf mavjudligini ta'kidlagan.

Sud majlislarida esa tadbirkor Shuhrat Qayumov aynan tahdid va atrofga xavf yetkazishi mumkin bo‘lgan hayvonlar qabristoni mavjudligi yoxud xavfli preparatlar saqlanish ombori haqida  asosli ma'lumotlar talab qildi.

DSENM tomonidan tekshiruv o‘tkazishga rozilik bergan Biznes-Ombudsman instituti vakilining aytishicha, yuqori darajadagi xavfning mavjudligi haqida (sudda nomi oshkor etilmagan) tashkilot ma'lumot bergan.

27 may kuni esa Shuhrat Qayumov tadbirkorlik qilib kelayotgan yer-maydon bo‘yicha Davlat raqobat qo‘mitasi  bilan uzoq vaqt nizolashganini ta'kidlab, vanihoyat sud orqali haqiqat tiklanganini ta'kidladi.

Sudya Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish instituti  maydonida mavjud, deya qaralayotgan hayvonlar qabristoni haqida batafsil o‘rganish uchun Toshkent shahar Yer resurslari va kadastri boshqarmasi  vakilini sudga chaqirishga qaror qildi.

Sud o‘z ishini 31 may kuni davom ettiradi.

Mavzuga oid