O‘zbekiston | 13:22 / 23.04.2019
16001
5 daqiqa o‘qiladi

Deputat: «snos» mojarolari davlatning ichida - sudlar orqali hal qilinishi kerak

Ko‘pchilik Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevni aksar deputatlardan farqli ravishda jamiyatdagi o‘zgarishlarga o‘z shaxsiy munosabatini bildira oladigan va fikrini himoya qila oladigan deputat sifatida biladi.

Yaqinda Rasul Kusherbayev Toshkent shahridagi «snos» mojarolari, ularga chet el ommaviy axborot vositalari, ayrim xalqaro tashkilot vakillari, diplomatlar va huquq faollari aralashayotgani bo‘yicha shaxsiy munosabatini bildirgandi.

Uning bu chiqishi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Mazkur masalani to‘liq tushuntirib berish maqsadida deputat Kun.uz saytiga murojaat qildi. U bilan shu va bizni qiziqtirgan boshqa mavzular yuzasidan fikr almashdik.

Video: Mover (ts-ix)

Video: Youtube

«Ko‘pchilikka ma'lum, hozirda nafaqat Toshkent shahrida, balki yurtimizning boshqa hududlarida ham qurilish-buzish ishlari avj olmoqda. Lekin ba'zi mansabdor shaxslar tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori asosida ishlab chiqilgan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga amal qilinmayapti.

Bu masala jamoatchilik va biz deputatlarning ham jiddiy e'tirozlarimizga sabab bo‘lmoqda. Madaniy jamiyatda bunday e'tirozlar yuzaga kelganda nizolar sud tartibida hal etilishi kerak. Sudlarning mustaqilligi, daxlsizligi masalasi qonunchiligimizga ko‘ra, normativ huquqiy hujjatlar asosida to‘liq ta'minlangan. Sudyalar bundan qay darajada foydalanmoqda – bu ikkinchi masala hisoblanadi», deydi Kusherbayev.

Deputatning fikricha, uylar buzilishi bilan bog‘liq mojarolar davlatning ichki ishi hisoblanadi.

«Xalqaro tashkilotlar majburiy mehnat, mahkumlar bilan munosabat, inson huquqlarining siyosiy ko‘rinishdagi buzilishlari bilan bog‘liq masalalar va boshqa shu kabi muammolarni muhokama qilishi hamda o‘zining xohish-irodasini bildirishi mumkin. Lekin qurilish va buzish bilan bog‘liq muammolar mamlakatning ichida hal bo‘lishi kerak. Bu ichki sudlar orqali yechim topishi kerak bo‘lgan masala. Jar solish shart emas.

Bunday masalalarni o‘zimiz ham hal qila olamiz-ku degan ma'noda fikr tashlagan edim. Chunki, bunday masalalar baribir mamlakat ichki qonunchiligi asosida hal etiladi. Shuningdek, amaliyotda mana shunday «snos» bilan bog‘liq masalalar xalqaro tashkilotlar aralashuvi bilan yechim topganini hech eshitmaganman.

Tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayevni ayblamoqchi emasman. U mulkiga kuymoqda, istagan joyiga murojaat qilishi mumkin. Biroq, ertaga u murojaat qilgan xalqaro tashkilotlar, diplomatlar yoki boshqalar uning masalasini rostdan ham ijobiy hal qila oladimi? Yordam bera oladimi? Albatta tadbirkor buning hisobini olishi kerak», - deydi Rasul Kusherbayev.

U, shuningdek, yaqinda Sergeli tumanidagi uylar narxi oshishiga bo‘lgan jamoatchilik e'tirozlariga munosabat bildirdi.

«Jamoatchilikning o‘z fikri bo‘lishi kerak. Ularning har bir masalada uyg‘oq bo‘lishi talab etadi. Shunda chet eldan kelayotgan investorlar ham cho‘chimaydi. Adolatsizlik bo‘lsa, meni himoya qila oladigan jamiyat bor ekan degan fikr vujudga keladi va qo‘rqmaydi, ikkilanmaydi», deydi u.

Bundan tashqari, deputat Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan «Hukumatning ham hokimiyatning ham advokati emasman, advokatlik qila olsam, faqat davlatning advokati bo‘lishim mumkindir» degan  fikrlariga kengroq tushuntirish berib o‘tdi.

Shu bilan birga, o‘zining o‘tgan deputatlik davri sarhisobi, yangi kelgan hokim eski hokimning qarorlarini bekor qilishi, hokimlarning sudlarda yutqazib qo‘yayotgani, ayrim sudyalarning jur'atsizligi, ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom bahsdan qochib uni haqorat qilayotgan shaxslar, jamiyatga hozirgi kunda zarur bo‘layotgan «lobbist»larga qarshi qonun ishlab chiqilishi va boshqalar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

To‘liq tafsilotlarni quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Zafarbek Solijonov suhbatlashdi,
tasvirchi Mirvoxid Mirraximov

Mavzuga oid