Sport | 10:07 / 24.04.2019
20651
2 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘z ochib yumguncha». APLda eng tezkor gol rekordi yangilandi (video)

Foto: Premier League

23-24 aprel kunlari Angliya Premer-ligasida 31-turning kechiktirilgan uchta uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Kecha «Uotford»-«Sauthempton» o‘yini durang bilan yakunlandi – 1:1.

E'tiborlisi, ushbu bahsning 7-soniyasidayoq hisob ochildi. «Sauthempton» hujumchisi Sheyn Long start hushtagi yangragach raqib himoyachisining xatosidan keyin mezbonlarni jazoladi va APL tarixidagi eng tezkor gol muallifiga aylandi. Aniqroq aytganda, to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tganida o‘yin boshlanganiga 7 sekund-u 69 millisoniya vaqt o‘tgan edi.

Shu tariqa, «Tottenhem»ning sobiq futbolchisi Ledli King 2000 yilda «Bredford» darvozasini 9-sekundda ishg‘ol etib, o‘rnatgan rekordi yangilandi.

Ushbu tezkor golga «Uotford» 90-daqiqada Andre Greyning goli bilan javob qaytardi. Ushbu natijadan so‘ng «Sauthempton» 16-o‘rinni egallab turibdi, «Uotford» esa 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Bugun 31-tur doirasidagi «Vulverhempton» – «Arsenal» va «Manchester Yunayted» – «Manchester Siti» uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tadi. Birinchi bahs Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlansa, ikkinchisi undan 15 daqiqa keyin – 00:00da start oladi.

Mavzuga oid