O‘zbekiston | 10:43 / 25.04.2019
71728
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti Xitoy raisiga taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi 25 aprel kuni ertalab Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbekiston va Xitoy – har tomonlama strategik sheriklar. O‘zbekiston XXRning tashqi siyosiy kursi va yagona Xitoy masalalari bo‘yicha qat'iy pozitsiyasini, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi olib borayotgan kurashini qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatini olqishlaydi. Davlatlar xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilmoqda.

Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Bugun siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, qurilish, fan, ta'lim va madaniyat sohalarida hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Xitoy – O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri. O‘zaro tovar ayirboshlash izchil o‘smoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra uning hajmi 6,4 milliard dollardan, joriy yilning birinchi choragida esa 50 foizga oshgan.

Mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 8 milliard dollardan oshdi. 2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi natijasida umumiy qiymati 4,5 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda tovar ayirboshlashni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi, o‘zaro savdo hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazishdan manfaatdorlik bildirildi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya, innovatsiya va texnologiyalar jalb etish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga, turli sohalarda hamkorlik bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, mintaqaning tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va uning keng ko‘lamda amalga oshirilishiga amaliy hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Xitoy raisi O‘zbekistonning bu boradagi ishtiroki va tashabbuslari Xitoy bilan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Si Tszinpinni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Mavzuga oid