O‘zbekiston | 21:03 / 27.04.2019
31144
4 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov Samarqandda IIBning yangi binosini ochib berdi

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasining yangidan ta'mirlangan, hamda IIB qoshidagi xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasining yangi binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Qisqacha nutqlari davomida P.Bobojonov va E.Turdimov yig‘ilganlarni yangi bino bilan tabriklashdi, ichki ishlar organlarida ishlab pensiyaga chiqqan faxriylar bilan ko‘rishishdi. Motamsaro ona haykali va xizmat vazifasini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gullar qo‘yishdi.

Shundan so‘ng yangidan barpo etilgan, jihozlash va dasturiy ta'minotga yana 4 milliard so‘m sarflangan Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasining yangi binosi ochildi.

Yangi binoda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida “Vaziyat markazi” barpo etilgan. Ayni paytda Samarqand shahrida o‘rnatilgan 4 mingdan ziyod kameralarning 1100 dan ortig‘i markazning kuch va vositalarni yagona geoinformatsion boshqarish tizimiga ulangan.

Markazda Samarqand shahrining geoinformatsion xaritasi yaratilgan bo‘lib, unga shahardagi 107 mingdan ortiq xonadonlardan tashqari, tarixiy obidalar, diniy ibodat maskanlari, tibbiyot va ta'lim muassasalari, mehmonxonalari kiritilgan.

Mahalliy dasturchilar tomonidan yaratilgan video tasvir orqali odam yuzini aniqlash tizimi integratsiya qilinib, sinov tariqasida temir yo‘l vokzali, aeroport, Registon maydoni, Siyob bozori, Ulug‘bek avtobekatiga kameralar o‘rnatilib, nazoratga olindi. Mazkur tizim hozircha Samarqand shahrida hisobda turuvchi barcha fuqarolarni taniydi, shuningdek, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni soniyalar ichida aniqlab, xabar beradi.

Samarqand shahridagi mahallalar xaritada jinoyatchilikning qayd etilish darajasiga ko‘ra turli ranglar bilan ajratib ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, barcha sohaviy xizmatlar va favqulodda tezkor xizmatlarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan GPS navigator qurilmasi geoinformatsion tizim bilan integratsiya qilingan bo‘lib, bu o‘sha transport vositalarining joylashgan nuqtasi hamda harakat jarayonini kuzatish imkonini beradi. Bu bilan sodir etilgan hodisani bartaraf etishda kuch va vositalarni tezkor va to‘g‘ri yo‘naltirishga erishish maqsad qilingan.

Shuningdek, mazkur tizim orqali yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlashda kuch vositalarini boshqarish uchun Samarqand shahriga asosiy kirib chiqish yo‘llari orqali o‘tuvchi transport oqimini aniqlash, 4 ta markaziy chorrahada yo‘l harakati qoidalari buzilishini aniqlovchi tizim test rejimida ishlamoqda.

Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasida shuningdek matbuot bo‘limi, sportzal, kutubxona, elektron tir, konferens zallar ham barpo etilgan.

Konferens zalda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oldida chiqish qilar ekan, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov ichki ishlar organlarining asosiy vazifasi — aholi bilan hamnafas bo‘lish, xalq mehrini qozonish, turizm shahri bo‘lmish Samarqandda esa xavfsizlikni ta'minlab, oqimi tobora oshib borayotgan xorijiy sayyohlar ko‘zida mamlakat imijini yuksaltirish ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

IIV tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam uchun viloyat hokimi E.Turdimovga zar chopon yopildi hamda esdalik uchun soat va kitob topshirildi.

Viloyat hokimi esa vazirga esdalik sovg‘asi, Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasiga viloyat hokimligi nomidan 5 ta avtomashinaning kalitini topshirdi.

Ko‘p yillar sohaga mehnati singgan faxriylarga ham esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid