Sport | 21:00 / 29.04.2019
12215
13 daqiqa o‘qiladi

Kuchli beshlikda tur yakunlari: YeChLdan uzoqlashgan «MYu» va Germaniyadagi intrigalar

Foto: AFP

Dam olish kunlari Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari o‘tkazildi. Oldingi haftalarda Italiya va Fransiyada chempion aniqlangandi, bu hafta Ispaniyada ham g‘olib nomi muddatidan oldin ma'lum bo‘ldi. «Barselona» deyarli raqobatsiz La Ligada chempionga aylandi.

Germaniya va Angliyada chempion oxirgi turlarda aniqlanadigan bo‘ldi. APL yetakchisi «Manchester Siti» 36-turda «Byornli»ni katta qiyinchilik bilan mag‘lub etib, bosh sovrin tomon yana bir qadam tashladi. «MYu» esa o‘z maydonida «Chelsi»ni yuta olmay, YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdagi imkoniyatlarini yomonlashtirib yubordi. Quyida «kuchli beshlik»da haftaning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

ANGLIYa

«Siti» chempionlikka «3 santimetr yaqinlashdi»

Angliyada 36-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Hafta o‘rtasida 31-turning qoldirilgan o‘yinida «MYu»ni yengib, yetakchiga aylanib olgan «Manchester Siti» mehmonda «Byornli»ga qarshi o‘yinda jiddiy qarshilikka duch keldi. Shon Daych shogirdlari «Manchester Siti»ning oyog‘idan chalish uchun harakat qilishdi, lekin ketma-ket ikkinchi chempionlik sari ketayotgan «shaharliklar» qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, g‘alabani ilib ketishdi.

Serxio Aguero 63-daqiqada tinimsiz hujumlardan so‘ng gol urdi. «Siti» uchun o‘ta muhim g‘alabani taqdim etgan bu gol chiroyli chiqdi deb ayta olmaymiz. Chunki Aguero zarba berganidan so‘ng to‘p darvoza chizig‘ini atigi 3 santimetrga kesib o‘tdi. Hakam APLda joriy qilingan golni aniqlash tizimi yordamidagina hisob ochilganini qayd etdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Siti» ochkolari sonini 92taga yetkazib, yetakchilik qilishda davom etmoqda. 2-o‘rindagi «Liverpul» hisobida 91 ochko bor.

«MYu» YeChLdan uzoqlashdi

Turning qiziqarli o‘yinlaridan biri «Old Trafford»da bo‘lib o‘tdi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «MYu» o‘z maydonida «Chelsi»ni qabul qildi. Bu o‘yinda yirikroq hisobda g‘alaba qozonsa, manchesterliklar 4-o‘ringa ham ko‘tarilib olishi mumkin edi. Chunki «Arsenal» bu turda «Lester»ga imkoniyatni boy bergandi (0:3).

«MYu» o‘yin boshidayoq Xuan Mataning goli evaziga hisobni ochgandi, lekin David De Xeaning xatosidan foydalangan Markus Alonso muvozanatni tiklab, «Chelsi»ga g‘alabaga teng durangni taqdim etdi. Bu durangdan so‘ng «Chelsi» «kuchli to‘rtlik»dagi o‘rnini saqlab qoldi, lekin Sarri shogirdlari ham «Old Trafford»da muhim ochkolarni boy berishdi. Chunki Manchesterdagi g‘alaba «Chelsi»ni 3-o‘ringa olib chiqishi ham mumkin edi.

9 o‘yinda 10ta gol urgan Vardi

Bu turda «Arsenal» «Lester» mehmoni bo‘ldi va kutilmaganda yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «to‘pchilar» Vardi va jamoadoshlariga qarshi hech narsa qila olishmadi. Angliya milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlagan Jyeymi «Arsenal» darvozasiga ikkita gol urdi. Shu tariqa, hujumchi APL doirasidagi oxirgi 9ta o‘yinda 10ta golga muallif bo‘ldi.

Shu bilan birgalikda, Vardi «Arsenal»ga qarshi o‘yinlardagi 8-golini urdi. Hujumchi hech bir jamoaga bunchalik ko‘p gol urmagan. Bungacha Vardining «eng sevimli» jamoasi «Liverpul» edi. «Katta oltilik» jamoalariga gol urishni yoqtiradigan Vardi «Liverpul» darvozasini 7 bor ishg‘ol etgan.

«Gol yomg‘iri» «Liverpul»niki

Chempionlik uchun kurashayotgan «Liverpul» bu turda «Haddersfild»ni qabul qildi. Klopp jamoasi allaqachon APLni tark etgan klubni ayab o‘tirmadi va 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Muhammad Saloh va Sadio Mane ikkitadan gol urishdi. Bu gollardan so‘ng Saloh va Mane to‘purarlar poygasida yetakchiga aylanib olishdi. Saloh 21ta, Mane 20ta gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib turishibdi.

Bu o‘yinda Endryu Roberson ham rekord o‘rnatdi. Shotlandiyalik futbolchi APLning bir mavsumida 11ta golga assistentlik qilgan ilk himoyachiga aylandi.

ISPANIYa

«Barselona» - 26 karra Ispaniya chempioni!

Ispaniya La Ligasining 35-turida chempion nomi aniq bo‘ldi. O‘z maydonida «Levante»ni qabul qilgan «Barselona» 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, muddatidan avval chempion bo‘ldi. G‘alaba goliga Lionel Messi mualliflik qildi. Mavsumni juda yuqori saviyada o‘tkazayotgan Messi La Ligadagi gollari sonini 34taga yetkazib, «Oltin butsa» uchun poygada ham yaqqol yetakchiga aylanib oldi. Mbappe undan 4ta golga ortda qolmoqda. Messi «Barselona» safida 10 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan ilk futbolchiga aylandi.

«Levante» darvozaboni Aytor Fernandes jamoasi mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, mavsum rekordini o‘rnatdi. 27 yoshli posbon bu o‘yinda 11 marta seyv qayd etdi. Hali hech bir posbon La Liganing joriy mavsumidan o‘rin olgan biror o‘yinida bunchalik ko‘p seyv qilmagandi.

«Mavsum tezroq tugay qolsaydi...» — «Real» 20-o‘rindagi jamoaga yutqazdi

Mavsumni yomon o‘tkazayotgan «Real» 35-turda ham yutqazdi. Zidan shogirdlari 20-o‘rinda borayotgan «Rayo Valekano» mehmoni bo‘lib, 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Zidan bu o‘yindan so‘ng shunday dedi: «Mavsum tezroq tugay qolsaydi...». Bu mag‘lubiyat «Real»ning Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini kafolatlashiga xalaqit bermadi. Chunki....

«Real»ning hamma raqobatchilari yengildi

Bu turda «Real» bilan birga jamoaning barcha raqobatchilari mag‘lub bo‘ldi va bu «Blankos»ning YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini ta'minladi. La Liganing 35-turida «Sevilya» Kataloniyada «Jirona»ga, «Valensiya» o‘z maydonida «Eybar»ga, «Xetafe» esa basklar o‘lkasida «Real Sosedad»ga yutqazdi. Ayniqsa, Yevropa Ligasi yarim finalida o‘ynaydigan «Valensiya»ning mag‘lubiyat alamli bo‘ldi. «Ko‘rshapalaklar» 90+3-daqiqada urilgan gol tufayli o‘z o‘rnini tahlika ostida qoldirdi.

ITALIYa

Ronaldu yana «Yuventus»ni qutqarib qoldi

Italiyada chempion aniq bo‘lib ulgurganiga qaramay chempionat o‘yinlari zerikarli o‘tmoqda deb bo‘lmaydi. 34-turning markaziy o‘yinida «Inter» chempionlikni rasmiylashtirgan «Yuventus»ni qabul qildi. Turnir jadvali jihatidan o‘zi uchun o‘ta muhim bo‘lgan o‘yinda «Inter» mag‘lubiyatga uchramay, chempiondan ochko ololdi.

Milanliklar Radja Nainggolanning ajoyib goli evaziga hisobda oldinga ham chiqib olishgandi, lekin Krishtianu Ronaldu super gol urib, «Yuve»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu uning klublardagi faoliyati davomida urgan yubiley – 600-goli bo‘ldi.

Kualyarella yana gol urdi

36 yoshida Italiya chempionatida to‘purar bo‘lib turgan «Sampdoriya» hujumchisi Fabio Kualyarella yana gol urdi. O‘z maydonida «Latsio»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan «Sampdoriya»ning yagona goliga aynan ushbu hujumchi mualliflik qildi. Shu tariqa, «qariya to‘purar» A Seriyada urgan gollari sonini 150taga yetkazib oldi. Joriy mavsumda esa Fabio 23ta gol bilan to‘purarlar poygasida yetakchilik qilmoqda.

«Buqalar» «Milan»ni «bosib o‘tib ketdi»

A Seriyaning 34-turida «Torino» o‘z maydonida «Milan»ni qabul qildi. Bu turnir jadvalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilarning to‘qnashuvi bo‘lgani bilan ham ahamiyatli edi. Oxirgi vaqtlarda yomon o‘yin ko‘rsatayotgan «Milan» 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Andrey Belotti hamda Aleks Berenger tomonidan kiritilgan gollar «buqalar»ga g‘alaba keltirdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Torino» ochkolar bo‘yicha «Milan»ga yetib oldi va qo‘shimcha ko‘rsatkich bo‘yicha 6-o‘rinni Gattuzo shogirdlaridan tortib oldi.

GeRMANIYa

Bundesligada «hech kim chempion bo‘lmoqchi emas»

Germaniya bundesligasida 31-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Odatda bu vaqtda «Bavariya» navbatdagi chempionlikka tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lardi, lekin bu mavsumda myunxenliklar jiddiy raqobatga duch kelishdi. «Bavariya» bu mavsumda kuchsizlangani buning birinchi sababi bo‘lsa, Dortmundning «Borussiya» klubi kuchaygani ham raqobat yuzaga kelishiga omil bo‘ldi.

31-turda har ikki jamoa ochko yo‘qotdi. «Bavariya» 17-o‘rindagi «Nyurnberg»ni yenga olmadi (1:1). «Borussiya D» esa Rur derbisida azaliy raqibi «Shalke»ga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘ta shiddatli kechgan bahsda «Borussiya»ning 2 futbolchisi 5 daqiqa ichida maydondan chetlatilganini ham ta'kidlash kerak.

60-daqiqada Marko Roys, 65-daqiqada Marius Volf maydonni tark etdi. Qizil kartochkalardan so‘ng «Shalke» ikkita gol urdi, dortmundliklar ham bitta gol bilan javob qaytarishga muvaffaq bo‘lishdi.

Shu tariqa, Bundesliganing ikkita yetakchisi ham o‘z o‘yinida g‘alaba qozona olmay, chempionlik tomon qadam tashlash imkonini qo‘ldan boy berdi.

FRANsIYa

Fransiya chempionatida chempion allaqachon aniq bo‘lgan. Muddatidan avval chempionlikni hal qilgan «PSJ» bu hafta mamlakat kubogi finalida qatnashib, «Renn»ga imkoniyatni boy berdi. Fransiya chempionatining 34-turi «Lill»ning yana 5ta gol urgani bilan yodda qoldi. Chempionatda ikkinchi o‘rinda borayotgan va «PSJ»ni 5:1 hisobida yenggan «Lill» bu gal «Nim» darvozasiga javobsiz 5ta gol yo‘lladi.

«Marsel» o‘z maydonida «Nant»ga 1:2 hisobida yengilib, «kuchli to‘rtlik»ga kirish imkoniyatlarini pasaytirib yubordi. Marselliklarning yagona goliga Mario Balotelli muallif bo‘ldi. «Lion» «Bordo» mehmoni bo‘lib dramatik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ligada qolish uchun kurashayotgan «Kann» to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi «Dijon»ni yengib, «xavfli hudud» «yetakchisi»ga aylanib oldi. «Monako» keyingi turlarda qoqilishidan umid qilayotgan «Kann» 1-divizionda o‘z o‘rnini saqlab qolib, quyi divizion chiptasini knyazlik klubiga «sovg‘a qilishi» ham mumkin.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid