Jahon | 21:32 / 30.04.2019
13213
2 daqiqa o‘qiladi

Naruxito Yaponiyaning yangi imperatori bo‘ldi

Foto: Kyodo / Reuters

Yaponiya valiahd shahzodasi Naruxito mamlakat imperatori vakolatini bajarishga kirishdi. Parlament tomonidan qabul qilingan qonunga ko‘ra, bu uning otasi, endilikda sobiq imperator Akixito taxtdan voz kechgandan keyin Tokio vaqti bilan 1 may soat 00:00da yuz berdi. Shu bilan bir vaqtda Yaponiyada Reyva davrining ilk yili boshlandi. Bu tizim Yaponiyada xalqaro yil hisobi bilan bir qatorda qo‘llanadi.

30 aprelda Tokioda 85 yoshli Akixitoning taxtdan voz kechishi bilan bog‘liq xususiy va rasmiy marosimlar bo‘lib o‘tdi. Sobiq imperator “dzyoko” – faxriy imperator unvonini oldi.

1 may ertalab Tokio markazidagi imperator saroyida 59 yoshli Naruxitoning taxtga o‘tirishi marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda yangi imperatorning rafiqasi Masako, imperator oilasi a'zolari, bosh vazir Sindzo Abe, vazirlar, oliy sud sudyalari, parlament rahbariyati, mahalliy hokimiyat vakillari ishtirok etishadi. Biroq marosimda sobiq imperator va uning rafiqasi ishtirok etishmaydi.

Yangi imperatorga uning vakolati ramzlari – davlat va imperator muhrlari, qilich, qimmatbaho tosh va metall ko‘zgu topshiriladi.  

So‘ngra Naruxito yangi monarx sifatida millatga ilk murojaati bilan yuzlanadi. 

Naruxito Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kapitulyatsiyasidan keyin tug‘ilgan ilk yapon monarxi bo‘ladi. U Tokiodagi nufuzli “Gakusyuin” universiteti va Oksfordni tamomlagan. Yangi imperatorning rafiqasi 55 yoshli Masako Yaponiyadagi taniqli diplomatning qizi bo‘lib, Tokio universiteti va Garvardni tamomlagan. Yangi imperator juftligining Ayko ismli 18 yoshli bir qiz farzandi bor.

Mavzuga oid