Sport | 14:30 / 30.04.2019
7421
4 daqiqa o‘qiladi

Umid Ahmadjonov: «O‘yin vaqtini cho‘zgan futbolchining jamoasiga kerak bo‘lsa texnik mag‘lubiyat yozilsin»

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun, 30 aprel kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida yig‘ilish o‘tkazdi. O‘FA xabariga ko‘ra, majlis futbolni yanada rivojlantirish va Superliga o‘yinlarining shaffof o‘tishini ta'minlash maqsadida tashkil qilingan. Unda O‘FA va PFL mutasaddilari, Superliga klublarining bosh murabbiylari va hakamlar ishtirok etishgan.

Yig‘ilishda Umid Ahmadjonov o‘zbek futbolida yuzaga kelayotgan kamchiliklar, oqsalishlar va kelishilgan o‘yinlar xususida to‘xtalib o‘tgan.

«Futbolimizni imkon qadar tezroq Yevropa darajasiga olib chiqishimiz kerak. Buning uchun barchamiz birdam bo‘lib ishlashimiz talab etiladi. Kelishilgan o‘yinlarga aralashgan shaxslarni og‘ir jazo kutib turibdi. Futbol faqat muxlislar uchun.

Hozir o‘yinlarni 18ta telekamera tasvirga olishi va VAR tizimini qo‘llash bo‘yicha yangi loyiha ustida ishlayapmiz. Muxlislarga shaffof o‘yin namoyish qilishni ta'minlashimiz lozim. O‘yin vaqtini cho‘zadigan futbolchilar jiddiy jazolansin. Ularga sariq va qizil kartochkalarni ayamasdan ko‘rsatinglar. Kerak bo‘lsa, jamoaga texnik mag‘lubiyat yozilsin. Ertaga boshlanadigan yangi turdan mana shu tizimni tatbiq qilaylik», – degan Umid Ahmadjonov.

Yig‘ilish davomida Umid Ahmadjonov futbolni yanada rivojlantirish borasida tegishli ko‘rsatma va chora-tadbirlar, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan mas'ul mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, PFL rahbarlari muxlislar uchun stadionlarda qulay shart-sharoitlar yaratish, barcha stadionlarda oilaviy sektorlar tashkil etish, o‘yin vaqtini belgilash vaqtida ko‘pgina mezonlarni hisobga olish borasida kerakli topshiriqlarni qabul qilib olishgan.

Hakamlar nomidan so‘zga chiqqan Ravshan Ermatov o‘yinlar davomida futbolchi va murabbiylarni feyr-pleyga amal qilishga, sof o‘yin vaqtini oshirishga chaqirgan. Ko‘plab vaziyatlarda futbolchilar vaqt cho‘zish uchun yotib olishlari xunuk holat ekanligi, bunday holatlar futbol jozibasini tushirishini ta'kidlab o‘tgan FIFA referisi, jumladan, shunday degan:

«Dinamo» - «Navbahor» uchrashuvi haqida haligacha ijobiy fikrlar bildirilmoqda. O‘yin shiddatli va kurashlarga boy tarzda, muxlislarga yoqadigan ko‘rinishda o‘tdi. Buning uchun har ikki jamoa bosh murabbiylariga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman. Ular o‘yin boshida futbolchilar maydonga yiqilib, yotib olishgan vaziyatlarda hakamlarga emas, o‘z futbolchilariga e'tiroz bildirishdi. Turib o‘yinni davom ettirish kerakligini ta'kidlashdi. Natijada, keyin hamma chiroyli va shiddatli o‘yin guvohiga aylandi. Barcha murabbiylardan mana shunday yo‘l tutishni, futbolchilar bilan tushuntirish ishlari olib borishni so‘rab qolardik».

O‘FA xabarida qo‘shimcha qilinishicha, o‘yin paytida hakamlar va raqiblarini so‘kadigan, o‘z hissiyotlarini jilovlay olmaydigan futbolchilarni qat'iy jazolash masalasi ham majlisda ko‘rib chiqilgan.

Mavzuga oid