Jamiyat | 00:18 / 01.05.2019
96468
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda shifokor chaqiruvga g‘irt mast holatda bordi. Vazirlik keskin chora ko‘rdi (video)

30 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali chaqiruvga mast holatda borgani ma'lum qilingan shifokor tasvirga tushirilgan videolavha tarqaldi. Kun.uz voqeaga izoh olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi.

Tasvir ostidagi izohga ko‘ra, voqea Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Qora-qum qishlog‘ida sodir bulgan. 28 aprel kuni 9 yoshli bemorga yordam ko‘rsatish maqsadida Qiyot qishlog‘idan soat 22:30 da chaqirilgan tez yordam xizmati mashinasi rosa bir soat deganda yetib keladi. Eng muhimi, shifokor oyoqda tura olmaydigan darajada mast holatda bo‘ladi (albatta, bu borada aniq xulosani faqat tibbiy ekspertiza berishi mumkin, lekin tasvirda shifokorning harakatlarida mastlik alomatlari yaqqol namoyon bo‘lgan. Qolaversa, spirtli ichimlik iste'mol qilganini shifokorning o‘zi ham tan olgan).

Uy egalari shifokordan bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan ketishni talab qilishadi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Holatga izoh bergan vazirlik matbuot xizmati rahbarining ma'lum qilishicha, voqea darhol vazirlik yetakchi mutaxassislari nazoratiga olingan. Ayni shu shifokorga avval kasb etikasiga rioya etmaganligi tufayli turli choralar ko‘rilgani aniqlangan. Videodagi holat tufayli shifokor Eshmamat Botirov bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u o‘z vazifasidan chetlatilgan.

Shuningdek, Muborak TTB bosh shifokori O.Nasimovga ham tegishli choralar ko‘rilgan, «jarima» intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

- Afsuski, oz bo‘lsa-da, ayni shunday holatlar xalqimizning xizmati uchun tun-u kun tinim bilmayotgan minglab shifokorlarimiz faoliyatiga salbiy baho berilishiga sabab bo‘lmokda, dedi biz bilan suhbatda Furqat Sanayev.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid