Jamiyat | 08:17 / 04.05.2019
43277
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartransxizmat»: «Chinni bozor»dagi YTHdan oldin avtobus haydovchisi hushini yo‘qotgan

Joriy yil 3 may kuni soat 14:30da Toshkent shahrida joylashgan «Chinni bozori» oldidagi avtobus bekatida «Toshshahartransxizmat» AJ tarkibidagi 18-avtobus saroyi tasarrufidagi 147-yo‘nalishda qatnovchi «Mersedes-Bens» rusumli avtobus ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan

«Toshshahartransxizmat» bayonotida aytilishicha, haydovchi M.Tojiboyev transport vositasini bekatga kelib to‘xtatgan.  Shundan keyin avtobus noma'lum sabab bilan harakatlanib, oldinda turgan «Isuzu»ga urilgan va bekatdagi ayol va qizni bosib ketgan va g‘ildiraklar ariqqa tushgandan keyingina harakatdan to‘xtagan. 

Dastlabki xulosaga ko‘ra, 20 yillik tajribaga ega 54 yoshli haydovchi M. Tojiboyev bekatga kelgan vaqtda salomatligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan. Avtobus avtomat boshqaruvda bo‘lgani holda haydovchi to‘xtash pedalini bosib turgan va o‘zini bilmay qolgach, transport vositasi harakatlanib ketgan hamda yuqoridagi holat sodir bo‘lgan.

Surishtiruvlardan ma'lum bo‘lishicha, haydovchi kunora ish rejimida ishlab kelgan. U 2 may kuni to‘liq dam olgan. M. Tojiboyev yo‘nalishga chiqishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda sog‘ligidan shikoyat qilmagan. Shifokor ham uning salomatligi yuzasidan hech qanday salbiy holatni aniqlamagan. 

Ayni damda haydovchi kasalxonada shifokorlar nazoratida hushsiz holatda. Surishtiruv ishlari davom etmoqda. Ushbu noxush voqea yuzasidan to‘liq tafsilotlar o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid