Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arab tili o‘qitiladigan markazni qayta va qayta tekshirishdan maqsad nima?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan «Hikmatli bilim» nodavlat ta'lim muassasasi tuman IIB terrorizmga qarshi kurash bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan noqonuniy tartibda tekshirilayotgani aks etgan ma'lumot tarqadi. Kun.uz mazkur holatni o‘rgandi.
Olmazor tumanida joylashgan «Hikmatli bilim» NTM o‘qituvchisi Dilfuza Karimova bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, o‘tgan 9 oy davomida o‘zini ichki ishlar idorasining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimi deya tanishtirgan bir guruh shaxslar tomonidan muassasa bir necha marta tekshirilgan. Birinchi tekshiruv o‘tgan yilning avgust oyida bo‘lgan. O‘shanda ular arab tili o‘rniga diniy bilim berilayotganini ro‘kach qilib muassasaga kelishgan. Dilfuza Karimova tekshirib kelgan shaxslarga Mirqobil Hasanovning «Ikkinchi muallim» deb nomlangan kitobi asosida arab tili darsi o‘tilayotganini aytgan. Shunda ular bu kitob o‘rniga alohida reja ishlab chiqib, o‘sha reja asosida o‘tishi kerakligini tushuntirishgan. Chuqur tekshiruvlardan so‘ng, o‘sha yerda dars berayotgan ikki o‘qituvchida malaka sertifikati yo‘qligini aytib, ularga ma'muriy jarima yozib ketishgan. Bu voqealardan keyin bir o‘qituvchi ishdan bo‘shab ketadi.
2019 yilning 14 mart kuni o‘quv markaziga terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlarimiz, deb yana bir necha nafar tekshiruvchi kelgan. Dilfuza Karimova arab tilidan dars o‘tayotgan vaqtda ular sinfga kirishgan va o‘quvchilarning shaxsiy buyumlarigacha tekshirishadi. Hech narsa topa olmay o‘qituvchilar xonasiga kirishadi. O‘sha yerdan Qur'oni karim kitobini topishadi.
Ular Dilfuza Karimovaga «Sen individual tarzda o‘quvchilarga «eskicha ta'lim» beryapsan», deb aytishadi. Dilfuza Karimova bu ayblovni rad etadi. Bu kitobdan hech kimga dars bermasligi, o‘zi mustaqil islomshunos olima ekani va Qur'oni karim kitobi bo‘sh vaqtida tafsirlari bilan mutolaa qilishi uchun kerak ekanini tushuntiradi.
Ular bilan birga mustaqil ekspert ham bo‘lgan. U barcha ish rejalari, o‘quv kitoblari va boshqa darsliklarni tekshiradi. Xodimlar Qur'oni karimni unga ko‘rsatganlarida hech qanday e'tirozi yo‘qligi va bu kitob Allohning kalomi ekanini aytadi.
Shunda xodimlar Dilfuza Karimovadan yoki xonadan Qur'oni karim kitobi chiqqani yoki bir vaqtda ikkita xonada dars berilayotgani haqida tilxat yozib berishini so‘raydi. U Allohning kalomi musulmon insonlar uchun muqaddas kitob ekani va oilalarda bo‘lishi kerakligini aytadi. Ikkita xonada nega dars berayotgani haqida tilxat yozib beradi. Shundan so‘ng, tekshirish uchun kelgan shaxslar bu yerni tark etishadi.
Oradan bir haftacha vaqt o‘tgach, 20 mart kuni xodimlardan biri kelib o‘quv markazining litsenziyasi bekor qilingani va bu yerda dars o‘tish mumkin emasligini aytadi hamda Dilfuza Karimovadan «bu muassasada boshqa arab tilidan dars o‘tmayman», degan mazmunda tilxat yozdirib olishadi. Shundan so‘ng, «Umar Mirzo» NTM yopiladi. Uning o‘rniga 4 apreldan hozirda o‘z faoliyatini davom ettirayotgan «Hikmatli bilim» NTM ish boshlaydi.
25 aprel kuni terrorizmga qarshi kurash bo‘limining 9 nafar xodimi ro‘yxatga oluvchining xonasiga kirmay, ro‘yxatdan o‘tmay, Dilfuza Karimova arab tilidan dars o‘tayotgan xonaga kirib borishadi. U o‘z o‘rnida, ulardan hujjat ko‘rsatib, kimligini tanishtirish lozimligini so‘raydi. Shunda ular bilan birga kelgan mahalla noziri, podpolkovnik Aziz Mashrapov ularga qiziqishi kerak emasligi va qanday hujjatlarga qo‘l qo‘yishi kerak bo‘lsa, unga tayyor ekanini bildiradi. Keyin tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobiga qo‘l qo‘yib, litsenziya masalasida kelganini ro‘yxatga kiritadi. Ajoyib holat - oddiy profilaktika inspektori ham yuridik shaxsni istalgan vaqtda tekshirsa!
Xodimlar soat taxminan 12:20dan 16:00gacha o‘quv markazida bo‘lishadi. Binoni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirishadi, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv rejalari va boshqa darsliklar, hujjatlarni ko‘rib chiqishadi. Karimovadan nega yana arab tilidan dars berayotganini so‘rashadi. U o‘quvchilarga klassik arab tilidan dars berayotgani va barcha tegishli hujjatlari borligini aytadi. Ular guvohnomada ko‘rsatilgan manzilda dars bermay, boshqa uyda dars berayotganini aytishib, buning noto‘g‘ri ekanini tushuntirishadi. Bunga javoban Dilfuza Karimova xona yetishmagani sababli ko‘rsatilgan manzildan 6ta uy narida vaqtinchalik dars berayotganini aytadi. To‘rt soatga yaqin davom etgan tekshiruvlardan so‘ng, o‘zlarini terrorizmga qarshi kurash bo‘limidanmiz deb tanishtirgan shaxslar ketishadi.
«Eng qizig‘i, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘sha videoni men ham, ishchilarimiz ham olmaganmiz. Hammamiz ularning savollariga javob berish bilan ovora edik. Ularning ichida bo‘lgan bir kishi kamerani yashiribroq vaziyatni suratga olayotgandi. Lekin bu videoni chet el nashrlariga kim va nima maqsadda tarqatganini biz bilmaymiz.
O‘quvchilarim bunaqa tekshiruvlardan keyin zerikishdi va bir necha tashkilotga ularning ustidan arz qildik. Hozircha javoblar yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyevdan yordam kutib qolamiz. Mahalla noziri boshlab kelgan shaxslar kim ekani va nima maqsadda kelishganini haligacha bilmaymiz», - deydi Dilfuza Karimova.
Shundan so‘ng, tumandagi «Universitet» MFY katta inspektori Aziz Mashrapovdan bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan izoh so‘radik.
«Belgilangan tartib bor. Mazkur masalada Ichki ishlar vazirligining multimedia markaziga murojaat qiling. Ular bizga topshiriq bersin, keyin biz to‘liq ma'lumot beramiz», dedi u.
Karimova nozirdan o‘sha kuni kelgan xodimlar kim va aslida nima maqsadda kelishgani haqida so‘ragan, lekin ma'lumot ololmagan.
«Men fuqaroga javob bermayman, rahbariyat ruxsati bilan javob beraman», deydi bu borada inspektor.
Nega tekshirishga kelgan xodimlar o‘zini tanishtirmaydi? Tekshiruvlar kitobiga qo‘l qo‘ymaydi? Bunday ketma-ket tekshiruvlardan maqsad nima?
Savollar juda ko‘p. Lekin javoblar yo‘q. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib ulardan ham tayinli javob ololmadik.
Eng asosiy savol: o‘quv markazidagilar bo‘lib o‘tgan voqealarni ular videoga olmagani va tarqatmaganini aytishmoqda. U holda mazkur videoni kim va nima maqsadda tarqatgan edi?
Kun.uz jurnalisti Zafarbek Solijonov
Mavzuga oid
08:40 / 23.05.2025
Toshkentdagi qurilish obektida 1,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanildi
08:35 / 20.05.2025
Toshkentda boshqaruv servis kompaniyasi 1,6 mlrd so‘mlik elektrni talon-taroj qildi
22:33 / 30.04.2025
Toshkentda to‘rtta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
18:55 / 24.04.2025