Sport | 19:30 / 14.05.2019
17098
14 daqiqa o‘qiladi

APL yakunlari. Yupatuvchi butsalar, Azarning so‘nggi «qo‘shig‘i», brazilcha raqobat va boshqalar haqida

Foto: AFP

Angliyada navbatdagi mavsum yakunlandi. O‘n yildan beri birinchi marta amaldagi chempion o‘z sovrinini saqlab qolishning uddasidan chiqdi. Tarixda birinchi marta 97 ochko olgan jamoa yakunda chempionlik nashidasini sura olmadi. Keling, bu yilgi chempionatda eng muhim rollarda bo‘lgan futbolchilar haqida so‘z yuritamiz.

TO‘PURARLAR

Birato‘la uch nafar afrikalik futbolchi – senegallik Sadio Mane, misrlik Muhammad Saloh va gabonlik Per-Emerik Obameyang 22tadan gol urib, Angliya Premer Ligasi «Oltin butsa»sini qo‘lga kiritishdi. Agar golli paslarni ham qo‘shib hisoblasa, Salohning ko‘rsatkichlari yuqoriroq, ammo Mane birorta golini penaltidan urmagan. Ammo liga har uchala futbolchiga ham sovrin topshirdi.

Bu sovrin Muhammad Saloh uchun qatorasiga ikkinchisi hisoblanadi. U o‘tgan yili ham hammadan ko‘p gol urgandi. Shuningdek, misrlik hujumchi ushbu sovrinni bittadan ko‘p qo‘lga kiritgan yettinchi futbolchi bo‘ldi. Bu borada Terri Anri peshqadam – u jami to‘rt marta bu unvonga ega bo‘lgan. Klublar bo‘yicha ham «Arsenal» yetakchilikni saqlab qoldi – oltinchi marta «kanonirlar» hujumchisi bir mavsumda eng ko‘p gol urishning uddasidan chiqdi.

Yana afrikaliklar mavzusiga kelsak, Salohgacha faqat Dide Drogba APLda to‘purar bo‘lgan afrikalik bo‘lgandi. Endi bunday futbolchilar 4 nafar. Darvoqe, Drogba ham ikki mavsumda eng yaxshi goleador bo‘lgandi.  

Keyingi o‘rinlarni Serxio Aguero (21 gol), Jyeymi Vardi (18) va Harri Keyn (17) band etishdi. Aguero 2012 yildan beri APLning eng barqaror hujumchisi hisoblanadi va har doim bu poygada qatnashib keladi. Ammo faqat bir marta unga bu sovrin nasib etgan, xolos. Qizig‘i, Aguero «Manchester Siti» chempion bo‘lgan 4 mavsumda emas, klubi bosh sovrinni yuta olmagan 2015 yilda bombardir bo‘lgandi. Umuman, bu statistika ham qiziq – 2013 yildan beri (Robin van Persi, «Manchester Yunayted») Angliya chempioni futbolchisi «Oltin Butsa» yutmagan.  

Serxio Aguero boshqa bir ko‘rsatkich bo‘yicha mavsumning eng yaxshi hujumchisi sanalar ekan. Unga bir golni urish uchun o‘rtacha 118 daqiqa kifoya qilgan. Keyingi natija Per-Emerik Obemeyangga tegishli – 124. Mane har bir gol uchun 140 daqiqa sarflagan.  

GOLLI PASLAR

Agar futbolda ham, xuddi hokkeydagidek, «gol+pas» o‘lchovida hisoblanganda, «Oltin butsa» yuqorida nomi tilga olingan uch futbolchiga emas, Eden Azarga nasib etgan bo‘lardi. Ikki butsaning xarajati ham yonga qolardi liga uchun.

«Chelsi» hujumchisi 15 marta sheriklarining gol urishiga ko‘maklashib, 16 marta o‘zi raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Umumiy hisobda 31 golda bevosita qatnashgan. Muhammad Saloh hisobida 8ta assist bor va gollari bilan qo‘shganda, 30 ochko bo‘ladi. Boshqa hujumchilarniki yanada pastroq.

 Bu Azarning yagona ustunligi emas. Eden har o‘yinda olgan o‘rtacha reyting bahosi (7.95) bo‘yicha ham, shuningdek, o‘rtacha driblinglar soni (3.37) bo‘yicha ham APLda eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi. Baholar bo‘yicha u Aguero (7.56) va Maneni (7.54) ortda qoldirgan bo‘lsa, driblinglar borasida Uilfrid Zaa («Kristal Pelas») o‘rtacha 3.3 ko‘rsatkichi bilan va Natan Redmond («Sauthempton» o‘rtacha 2.4 ko‘rsatkichi bilan yaqinroq kelishdi, xolos. Angliyada so‘nggi mavsumini o‘tkazgan Eden Azar, aytish mumkinki, o‘zining faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlarini namoyish qildi. Paradoks shundaki, shunday yaqqol natijalar ham uning APL ramziy terma jamoasidan joy olishi uchun yetarli bo‘lmadi.

Assistlar haqida gap ketganda, «Liverpul»ning qanot futbolchilarini tilga olmay iloji yo‘q. Trent Aleksandr Arnold so‘nggi turda 2 marta golli pas uzatib, assistlar umumiy sonini 12taga yetkazdi. Bu himoyachilar uchun rekord natijadir. Qizig‘i, so‘nggi turgacha, bu borada uning jamoadoshi, narigi qanotda to‘p suradigan Endryu Roberson himoyachilar ichida peshqadam edi – 10ta golli uzatma. Demak, «Liverpul»ning ikki qanoti birgalikda 22ta golga yordam berishdi. Jamoaning asosiy kuchi nimada ekanini endi fahmlagan bo‘lsangiz kerak?

Shu mavzuga yaqinligi uchun keltirib o‘tish lozim – «Kristal Pelas» vingeri Uilfrid Zaa 6 marta penalti ishlashga muvaffaq bo‘lgan. Muhammad Salohni esa besh marta raqib himoyachilari jarima maydonida qo‘pollik bilan to‘xtatishga majbur bo‘lishgan.

ANIQ ZARBALAR

Har o‘yinda raqib darvozasiga o‘rtacha eng ko‘p aniq zarba bergan futbolchilar ro‘yxatida Muhammad Saloh peshqadam bo‘ldi. U har bir o‘yinda o‘rtacha 1.7 marta raqib darvozasini aniq nishonga olgan. Keyingi o‘rinda «Tottenhem» hujumchisi Harri Keyn – 1.6. Keyn mavsum yakunini, shuningdek, qishda ham og‘ir jarohat olib, bir necha oyni o‘tkazib yuborgani pand berdi. Agar u sog‘ bo‘lib turganida, balki «Oltin butsa» uchun asosiy da'vogar bo‘lar, faoliyatida uchinchi marta ushbu sovrinni yutib olishi mumkin edi. Uchlikni «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Pol Pogba yopadi – 1.4 aniq zarba.

«Arsenal» to‘purari Per-Emerik Obameyang ham o‘yinda o‘rtacha 1.1 aniq zarbani ijro etgan. Qizig‘i, Obameyang vaziyatlardan foydalana olmaslik bobida ham birinchi o‘rinda ekan. U hammasi bo‘lib 23 marta yaqqol gol urish imkoniyatini qo‘ldan chiqargan. Bu borada «Bornmut» hujumchisi Kallum Uilsonda 21, «Manchester Siti» vakili Gabriyel Jyezuzda esa 18ta foydalanilmagan imkoniyat bor. Agar Jyezus ushbu mavsumda atigi 7ta gol urganini e'tiborga olsak, braziliyalik hujumchi bir gol urish uchun o‘rtacha 3ta qulay imkoniyatda yo‘qqa chiqarar ekan.

Omadsizlik (balki, tajribasizlik) haqida gap ketganida, darrov «Manchester Yunayted» hujumchilariga navbat yetib keldi. Vaziyatlarni ko‘kka sovurish bo‘yicha oltinchi va yettinchi o‘rinlarni Markus Reshford va Romelu Lukaku band qilishgan. Ular birgalikda 31ta qulay vaziyatni boy berishgan. Natijada «Manchester Yunayted» jamoaviy hisobda vaziyatlardan foydalana olmaslik bo‘yicha 2-o‘rinda turibdi.

Birinchi o‘rinda tabiiyki, «Manchester Siti». Pep Gvardiola shogirdlari mavsumda eng ko‘p gol urib, eng ko‘p ochko to‘plagan bo‘lishsa-da, o‘yin saviyasi aslida yanada yuqori – jamoa haddan tashqari ko‘p vaziyat yaratadi va tabiiyki, undan foydalana olmaydi ham. «Shaharliklar» 70 marta qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarishgan bo‘lishsa, «Manchester Yunayted»da bunday holatlar 61ta. Keyingi o‘rinda «Chelsi» – 60.  

«OLTIN QO‘LQOP»

«Liverpul» o‘tgan mavsumda ham APLda yuqori o‘rinlarni olgan, YeChL finaliga chiqqandi. Ammo yakunda darvozabon pand bergani munozaralar markazida bo‘lgan – Kariusning YeChL finalidagi qo‘pol xatolari aslida jamoa muammosini ko‘rsatib bergandi. Aslida Angliya chempionatida ham «Liverpul» juda sermahsul o‘ynasa-da, haddan tashqari ko‘p gol o‘tkazib yuborgan va balki mana shu tufayli sovrinlar uchun kurashish imkoniyati bo‘lmagandi.

Alisson Beker va Virjiyl van Deykning kelishi Liverpulda haqiqiy himoya qo‘rg‘onini yaratdi. Mersisaydliklar ligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lishdi. «Oltin qo‘lqop» g‘olibi aniqlanadigan o‘lchov – quruq o‘yinlar soni bo‘yicha ham jamoa peshqadamlik qildi. Van Deyk bu mavsumda APLning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etildi. Rostdan ham qiziq, «Liverpul» darvozaboni eng zo‘r, himoyachisi eng zo‘r, to‘purarlar ro‘yxatida ham jamoaning ikki hujumchisi peshqadam bo‘ldi. Ammo sovrin individual raqobatda futbolchilari mag‘lub bo‘lgan «Manchester Siti»ga nasib qildi.

«Manchester Siti» darvozaboni Ederson agar, so‘nggi turda «Brayton»dan gol o‘tkazib yubormaganda, u ham Bekerga sheriklik qilishi mumkin edi. «Manchester Siti» posboni qatorasiga ikkinchi yildirki, bu sovringa asosiy da'vogar bo‘lib, boy berib qo‘ydi. Qizig‘i, o‘tgan mavsumda ham «Oltin qo‘lqop» 2-o‘rinni olgan jamoa darvozaboniga ketgandi. Demak, «Oltin qo‘lqop» ham qandaydir ma'noda yupatuvchi vazifasini bajarar ekan. Xuddi to‘purarlar sovrini singari.

Paradoksal holat shundaki, «Oltin qo‘lqop» uchun kurashgan bu ikki darvozabonning bu natijalari ko‘proq himoyachilarning o‘yiniga ham bog‘liq ekan. Qarangki, seyvlar soni bo‘yicha Alisson va Ederson APLda 19 va 20-o‘rinlarni egallab turishibdi. Boshqa tarafdan olganda, balki darvozabonning ishonchli o‘yinlari tufayli, himoya chizig‘i ishonch va salobat bilan o‘ynagandir. Nima bo‘lgandayam, bu ikki posbon bu mavsumda APLda eng yaxshi darvozabonlar bo‘lishdi va o‘zaro raqobat nafaqat «Oltin qo‘lqop» yoki chempionlik, balki Braziliya terma jamoasi birinchi raqami uchun ham davom etsa kerak.

O‘tgan yili «Oltin qo‘lqop» egasiga aylangan David de Xeaning natijalari esa, bu safar juda yomon bo‘ldi. «Manchester Yunayted» mavsumda 54ta gol o‘tkazib yubordi – bu ligada 11-ko‘rsatkich. David de Xea atigi 7 o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqlay oldi, xolos. APLda 10-ko‘rsatkich. «Old Trafford»dagi o‘yinlarning atigi ikkitasida de Xea gol o‘tkazib yubormadi. Nafaqat ispaniyalik posbon, balki butun «MYu» uchun ham antirekord. 

Seyvlar mavzusini davom ettirsak, «Manchester Siti»ning sobiq posboni Jo Hart («Byornli») yetakchilik qilmoqda. U hammasi bo‘lib 77 marta raqiblar zarbasini qaytargan. Har o‘yinda o‘rtacha 4.1 seyvni amalga oshirgan. O‘tgan yili Hart darvozasini qo‘riqlagan  «Vest Hem»ning yangi darvozaboni Lukash Fabianski esa, seyvlarning umumiy soni bo‘yicha tengsiz -  148ta seyv.

PARDA ORTIDA

Gollar, assistlar, seyvlar – futbolning muhim va yakuniy pallasi, shuning uchun ham eng ko‘p olqishlar ushbu vaziyatlar uchun kuzatiladi. Aslida esa, o‘sha vaziyatlarni yaratadigan poydevor – o‘yinni tashkil qilish, to‘pni egallash, nazorat qilish ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan o‘sha parda ortidagilarning o‘yini yakuniy natijada katta rolga ega. Keling endi, mana shu futbolchilarni ham eslab o‘taylik.

Aniq paslar bo‘yicha «Manchester Siti» himoyachisi Emerik Laport peshqadam. Uning hisobida har o‘yinga o‘rtacha 79,1 aniq uzatma mavjud. «Chelsi» o‘yinida muhim figura sanalgan Jorjinoda bu ko‘rsatkich 75,2. Boshqa markaziy himoyachilar Virjiyl van Deyk (71,7) va Jon Stounz (68,7) keyingi o‘rinlarni band etishdi.

Bu yerda ham Eden Azar va Muhammad Salohni eslab o‘tishga majburmiz. Azar o‘tkir paslar soni bo‘yicha 2-o‘rinni oldi va faqat «Lester»ning yosh yarim himoyachisi Jyeyms Meddisondan ortda qoldi. Muhammad Saloh esa, raqib yarimmaydonida yakkakurashlarda g‘olib chiqish bo‘yicha APLda eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etibdi. U bu borada Natan Redmond va Ngolo Kanteni ortda qoldirgan.

Umuman, raqibdan to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich «Everton» yarimhimoyachisi Idris Geyyeda. Senegallik futbolchi har o‘yinda o‘rtacha 2,7 marta shu tariqa to‘pga ega chiqqan. Keyingi o‘rinlarni «Kristal Pelas» himoyachisi Aaron Van-Bissaka va «Lester» vakili Uilfred Ndidi egallashdi. Ularning ko‘rsatkichlari – 2,6.  

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid